10 ming yil oldin qirilib ketgan mamont go‘shtidan taom tayyorlandi (foto)
Bu qiziq
−
29 mart 2023
27159Avstraliyaning “Vow” kompaniyasi yungli mamontning (Mammuthus primigenius) DNK elementlaridan foydalangan holda laboratoriyada uning go‘shti analogini yetishtirdi. Bu haqda kecha, 28 mart kuni Britaniyaning “The Guardian” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 28 mart kuni kechqurun Amsterdamdagi NEMO ilmiy muzeyida “Vow” labaratoriyasida ishlab chiqilgan mamont go‘shtidan tayyorlangan kofte namoyish qilingan. Ko‘rgazmaning maqsadi biotexnologiya yordamida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini namoyish etish, shuningdek, odamlar va zamonaviy qishloq xo‘jaligi amaliyotlari atrof-muhit va iqlimga qanday ta’sir qilishiga e’tibor qaratish bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, olimlar yaqin kelajakda “mamont go‘shti” do‘kon peshtaxtalarida paydo bo‘ladi, deb o‘ylamaydi. Biroq shu yil Singapur restoranlariga sun’iy ravishda ishlab chiqilgan yapon bedana go‘shti yetkazib berila boshlanishi kutilmoqda. Singapur hozirda sun’iy ishlab chiqilgan go‘shtni iste’mol qilish va sotishga ruxsat berilgan yagona mamlakat sanaladi.
“Biz odamlarni oziq-ovqat kelajagi nima bo‘lishi va u ilgaridan qanday farq qilishi mumkinligi bilan qiziqtirmoqchi edik. Bugungi kunda biz iste’mol qiladigan go‘shtdan yaxshiroq noyob mahsulotlar borligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldik. Mamontning o‘zi bunday muhokamani boshlash uchun ajoyib sababdir. Bilamizki, yungli mamont yo‘qotilgan narsalarning ramzi hisoblanadi. Bu tur iqlim o‘zgarishi oqibatida yo‘q bo‘lib ketgan. Shu orqali nafaqat biz uchun, balki sayyoramiz uchun ham yaxshi bo‘ladigan ajoyib kelajak ramzini ixtiro qilish mumkinligini ko‘rishni xohladik”, deydi “Vow” asoschilaridan biri Tim Noakesmit.
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘ylab 100 dan ortiq kompaniyalar sun’iy go‘sht bo‘yicha tajriba o‘tkazmoqda. Yaqin kelajakda u butun dunyo bo‘ylab odamlarning ratsionida muhim o‘rin egallashi taxmin qilinmoqda. Olimlarning fikricha, sun’iy go‘sht ishlab chiqarish hayvonlarni qurbon qilishni talab qilmaydi, shuningdek, buning uchun an’anaviy chorvachilikka qaraganda kamroq resurs ketadi. Bundan tashqari, chorvachilik natijasida ko‘p miqdorda ajralib chiqadigan va sayyoradagi iqlim o‘zgarishi jarayoniga ta’sir ko‘rsatadigan metan chiqindilari muammosi ham qisman hal qilinadi.
“Yakuniy maqsad – bir necha milliard go‘sht iste’mol qiluvchilarni an’anaviy hayvonlar oqsilidan voz kechib, elektrlashtirilgan tizimlardan olinadigan mahsulotga o‘tkazishdir. Biz buning eng yaxshi usuli go‘shtni ixtiro qilish deb o‘ylaymiz. Biz o‘sishi oson bo‘lgan, rostan yaxshi ta’m va ozuqaviy xususiyatlarni ta’minlaydigan hujayralarni qidirmoqdamiz va keyin ularni turli usullar bilan birlashtirib, haqiqiy mazali go‘shtni kashf qilamiz”, deydi “Vow” Bosh direktori Jog Peppu.
LiveBarchasi