1 iyul va YPX xodimlarining hali ham kamerasi yo‘q! YXHBB muddatni uzaytirmoqchi
Jamiyat
−
01 iyul 2019
6746Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yilning 1 dekabrdagi “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida”gi qarori imzolangan edi. Qarorda joriy yil 1 iyuldan YPX xodimida videokamera bo‘lishi shartligi, mobil videokamerasi bo‘lmagan YPX xodimiga haydovchi hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga egaligi haqida xabar bergan edik.
Bugun – 1 iyul. Xo‘sh, qarorning aynan bodi-kamera bilan bog‘liq qismi kuchga kirdi? Biroq, YPX xodimlarida hanuz bodi-kameralar yo‘q. Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bundan bir necha kun avval bodi-kameralar bilan ta’minlash muddatini joriy yilning 1 iyulidan 2020 yilning 1 dekabriga uzaytirish bo‘yicha qaror loyihasini taqdim etgan edi. Ammo, qaror hozirgacha imzolanmadi.
QALAMPIR.UZ’ning YPX xodimlari nima uchun haligacha bodi-kameralar bilan ta’minlanmagani bilan bog‘liq savoliga YHXBB quyidagicha javob berdi:
“Qaror e’lon qilingach, xodimlarni bodi-kameralar bilan ta’minlash yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, bir-necha vazirlik va tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda bodi-kameralarni ishlatish yuzasidan texnik shartlar, ularni xarid qilish bo‘yicha tender tanlovlari shartlari ishlab chiqildi, e’lon qilindi. Turli savdo tashkilotlariga yuborildi. Ularning takliflari jamlandi.
Nufuzli komissiya tomonidan har bir taklif atroflicha va batafsil o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar jarayonida kameralarning narxidan boshlab, yetkazib berish shartlari va muddatlarigacha ko‘rib chiqildi. Navbatdagi vazifa kameralarni turli ob-havo sharoitlarida, turli ko‘rinishlarda, har xil xolatlarda, vaziyatlarda ishlatib ko‘rish va sinovdan o‘tkazish edi. Bu bosqich ham muvaffaqiyatli yakunlandi.
Bodi-kameralar xarid qilinadigan tashkilot aniq bo‘ldi. Endi butun diqqat-e’tibor ma’lumotlarni saqlash qurilmalarini xarid qilish, dasturiy ta’minotni ishlab chiqishga qaratildi. Bu jo‘n vazifa emas. Ertaga yo‘llarda turli kelishmovchiliklar va ziddiyatlar, bahs-munozaralar kelib chiqmasligi aynan mana shu dasturiy ta’minotning to‘g‘ri va aniq ishlashiga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Shuni hisobga olgan holda dasturiy ta’minotni ishlab chiqish ishlariga yetuk mutaxassislar, kompaniyalar jalb etildi. Hozirgi kungacha bu ishlarning deyarlik sakson foizi bajarildi. Bodi-kameralarni xarid qilish yuzasidan tuzilgan shartnomada ularni yetkazib berish muddati 120 kun qilib belgilangan. Bu ta’minotchining talabi. O‘z-o‘zidan ravshanki bu muddat qaror ijrosini o‘z vaqtida bajarishga mos kelmaydi.
Shularni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bodi-kameralarni ishga tushirish muddatlarini uzaytirish bo‘yicha taklif berildi. Kameralar butunlay bekor qilingani yo‘q, faqatgina uning ishga tushirish muddatlarini uzaytirish rejalashtirilmoqda. Shuni to‘g‘ri tushunish va qabul qilish kerak”.
LiveBarchasi