1 dekabrdan nimalar o‘zgardi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2025 yil 1 dekabrdan e’tiboran mamlakatda bir qancha o‘zgarishlar kuchga kirdi. QALAMPIR.UZ ushbu o‘zgarishlarning ayrimlarini bir yerga jamladi.

AI-80 benzinining sotuvi ham, olib kelinishi ham taqiqlanadi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda pul tejash maqsadida, asosan, shu AI-80 benzinidan foydalanilgan, ammo bu turdagi benzin havoga juda katta zarar keltirgan. Shu tufayli 1 dekabrdan boshlab AI-80 benzinining sotuvi ham, olib kelinishi ham – hammasi taqiqlanadi.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasining “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan joriy yil yakuniga qadar aholini sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i bilan ta’minlagan holda AI-80 markali avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotish cheklanishi lozim edi. “O‘zbekneftgaz” AJ 2 sentyabrdan boshlab AI-80 benzinini birja savdolari orqali sotishni to‘xtatdi

Nikohdan o‘tishda tibbiy ko‘rik ma’lumotnomasi talab qilinmaydi

Joriy yilning 1 dekabridan boshlab O‘zbekistonda nikohni rasmiylashtirishda FHDYO organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslardan tibbiy ko‘rik natijalarini taqdim qilish talabi bekor qilinadi. Bu haqda Prezident tomonidan kecha, 8 sentyabr kuni qabul qilingan “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonda so‘z boradi.

Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi:

  • 2028 yilgacha YAIDXP (my.gov.uz) va davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladigan xizmatlar sonini 900 taga yetkazish;
  • proaktiv davlat xizmatlari sonini 53 taga hamda kompozit davlat xizmatlarini 74 taga yetkazish.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan idoralararo axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali quyidagilar bekor qilinadi, jumladan:

  • nikohni rasmiylashtirishda FHDYO organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslardan tibbiy ko‘rik natijalarini taqdim qilish talabi;
  • nikohdan sud qarori asosida ajratilganda nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini shakllantirish uchun FHDYO organlari tomonidan sud qarorining talab qilinishi;
  • avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasida avtomototransport vositasi mulkdorining manzilini ko‘rsatish talabi.

Daraxt kesishga ariza berayotganlarni jamoatchilik kuzatib turadi

2025 yil 1 dekabrdan boshlab Ekologiya vazirligi atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimi jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishini ta’minlaydi va quyidagi ma’lumotlarni joylashtirib boradi:

  • har yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekiladigan daraxt va ko‘chatlar haqida (manzili, parvarishlash uchun mas’ul shaxslar, ko‘chat turi va boshqalar);
  • davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish maqsadida taqdim etilgan arizalar haqida (murojaatchilar, daraxtlar soni, turi va manzili) va daraxtni kesish bo‘yicha o‘tkaziladigan jamoatchilik eshituvi haqida (sanasi, vaqti, manzili va natijalari);
  • suv havzalarida noruda materiallarni qazib olish bo‘yicha joriy qilingan moratoriy tartibini buzgan shaxslar haqida;
  • mo‘ljallanayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhitga ehtimol tutilgan ta’siri masalalarini aholi va jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan jamoatchilik eshituvlari natijalari haqida;
  • strategik ekologik baholash ob’ektlari, jumladan, shaharsozlik hujjatlarining barcha turlari, davlat dasturlarining, konsepsiyalarining, ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiy va ijtimoiy soha tarmoqlarini joylashtirish hamda rivojlantirish sxemalarining loyihalari yuzasidan jamoatchilik eshituvi natijalari haqida;
  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida o‘tkazilgan reydlar, tekshiruvlar, monitoringlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari va ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilgan choralar haqida;
  • hududlarga qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun biriktirilgan sanitar-tozalash korxonalari (korxona nomi, rahbari va uning o‘rinbosari familiyasi, ismi, otasining ismi, ularning telefon raqamlari, dispetcherlik xizmati va murojaatlarni qabul qilish xizmati ma’lumotlari, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish reja-grafiklari) haqida;
  • chiqindilarni qabul qilish, saralash, qayta ishlash va yoqish orqali muqobil energiya ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar haqida (korxona nomi, faoliyat turi, telefon raqamlari, ikkilamchi xomashyo, saralangan chiqindilarni qabul qilish maskanlari manzillari).

Maqola muallifi

Teglar

O'zbekneftgaz AI-80 benzini

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing