1 apreldan o‘zbekistonliklarni qanday yangiliklar kutyapti?

Jamiyat

image

Joriy yilning 1 aprelidan milliy qonunchilikda kuchga kirishi kutilayotgan yangilik va o‘zgarishlarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Bir qator soliq imtiyozlarining amal qilish muddati tugaydi

2021 yil 1 apreldan boshlab Prezidentning 14.03.2007 yildagi "Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-3860-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotadi. Tegishli ravishda, ushbu sanadan boshlab unda nazarda tutilgan quyidagi soliq imtiyozlarining amal qilishi to‘xtatiladi:

  • xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning 5 yil mobaynida ishlab chiqarishni kengaytirishga, ushbu maqsadlar uchun berilgan kreditlarni so‘ndirish xarajatlariga hamda lizing ob’ekti qiymatini to‘lashga yo‘naltirilgan investitsiya summalariga foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasini kamaytirish huquqiga doir imtiyoz;
  • soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llaydigan yuridik shaxslarning 5 yil mobaynida yagona soliq to‘lovi bazasini yangi sotib olingan texnologik asbob-uskunalar qiymatiga, biroq soliq solinadigan bazasining 25 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kamaytirish huquqiga doir imtiyoz.

Elektr texnikasini ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarga – soliq imtiyozlari

1.01.2024 yilga qadar muddatga hisobot davri yakunlari bo‘yicha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80 foizidan kam bo‘lmagan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalarni 50 foizga kamaytirish tarzida soliq imtiyozlari beriladi.

Mis xom ashyosini birja savdolari orqali xarid qilishda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonini joriy etgan tarmoq korxonalari tomonidan to‘lovning 25 foizini avans tarzida va qolgan 75 foizini mis xom ashyosi olinganidan so‘ng 90 ish kuni ichida har oyda teng ulushlarda amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Bunda "Olmaliq KMK" AJ tomonidan ishlab chiqarilgan mis katodini birja savdolariga qo‘yishda uning boshlang‘ich narxi QQSsiz London metall birjasi narxidan 1.04.2021 yildan 8 foiz miqdoridagi chegirmalar bilan belgilanadi.

Davlat funksiyalari xususiy tashkilotlarga o‘tkazilishining keyingi bosqichlari

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkaziladigan tajriba doirasida malaka shahodatnomasiga ega ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandislariga ko‘chmas mulk ob’ektlariga birlamchi kadastr yig‘majildini tayyorlash huquqi beriladi.

Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi beriladi. 

Davlat organlari rahbarlarining mas’uliyati oshiriladi

Barcha respublika darajasidagi davlat organlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ijro intizomiga mas’ul bo‘linmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalalari majburiy tartibda Prezident Administratsiyasining Ijro intizomini ta’minlash shu’basi bilan kelishiladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibini buzganlik uchun jazo choralari to‘g‘risidagi yangi modda kiritiladi.

O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi.

Mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari joriy etiladi.

Davlat xaridlari sohasidagi o‘zgarishlar

Davlat xaridlari ijrochisining muassislari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Moliya vazirligi va DSQ axborot tizimlari o‘rtasidagi axborot almashinuvidan foydalangan holda davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reyestriga kiritiladi.

Sog‘lom ovqatlanish. Import mahsulotni nazorat qilish. Eksport qiluvchilarga kompensatsiya to‘lash

Oliy nav bug‘doy uni mikronutriyentlar bilan boyitilgan taqdirda respublika hududida realizatsiya qilishga ruxsat etiladi. Shu munosabat bilan unni boyitish uchun mikronutriyentlar bo‘yicha (TIF TN kodi 2106 90 980 3) import bojxona bojining nol darajali stavkasi joriy etiladi.

Xorijiy mamlakatlardan mahsulotlarni olib kirgan transport vositalari yuk xonalarini karantin nazoratidan o‘tkazish va "detektor – xizmat it"laridan foydalanish hamda zarur hollarda fumigatsiya qilish (zararsizlantirish) tizimi joriy qilinadi.

Mahalliy eksportchi korxonalarning savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shuningdek reklama kampaniyalarini tashkil qilish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlarining 50 foizi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Qishloq xo‘jaligidagi o‘zgarishlar

Tuman hokimliklari zaxirasidagi yaxlit holda 300 gektargacha yer maydonlarida plantatsiya usulida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish va 7 yil muddatda to‘lash sharti bilan aholiga sotish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Respublika "Qorako‘lchilik" uyushmasi a’zolariga o‘zlari tomonidan import qilingan qo‘y bosh sonining 50 foizidan oshmagan qismini tirik va xom go‘sht ko‘rinishida (TIF TN bo‘yicha 0104 va 0204 kodlari) eksport qilishga ruxsat etiladi.

Zargarlik sanoatidagi o‘zgarishlar

Zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamg‘asi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamg‘asi mexanik (zarb) yoki lazer usullari yordamida tushirishga ruxsat etiladi.

Affinaj faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga o‘zlari ishlab chiqargan o‘lchovli yombilarni jismoniy va yuridik shaxslarga sotishga ruxsat beriladi.

Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho (yarim qimmatbaho) toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini ichki va tashqi bozorlarda elektron tijorat orqali sotishga ruxsat beriladi.

Quyidagi hollarda qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlar bilan bog‘liq bo‘lgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan mijozni, uning vakilini va benefitsiar mulkdorni tekshirish talab etilmaydi:

  • naqd pulda o‘zaro hisob-kitob amalga oshirilganda operatsiyaning umumiy summasi 600 BHMdan oshmagan taqdirda;
  • operatsiyaning umumiy summasidan qat’i nazar, o‘zaro hisob-kitob naqd pulsiz va jismoniy shaxslarning plastik kartalari orqali amalga oshirilganda.

Intellektual mulk

Tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilinadi.

Intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi. Bunda intellektual mulk ob’ektini muhofazaga olish uchun topshiriladigan talabnoma bo‘yicha dastlabki qidiruv tomonlarning kelishuviga muvofiq amalga oshiriladi.

NNT faoliyatining ochiqligi ta’minlanadi

NNTlar faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi. U Prezident huzuridagi Jamoatchilik palatasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladi. Indeks natijalari ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi. NNTlar faoliyatining ochiqlik indeksini ishlab chiqish va to‘liq amaliyotga joriy qilish adliya organlariga yuklatiladi.

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etiladi

Kam ta’minlangan oilalarni aniqlash "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" AT orqali amalga oshiriladi.

Vasiylik va homiylik ostida bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining "FHDYO yagona elektron arxivi" ATga taqdim etish idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi orqali amalga oshiriladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum bo‘lgan ota-onalar va ularning bolalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining "FHDYO yagona elektron arxivi" AT hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti o‘rtasida idoralararo axborot almashinuvi orqali taqdim etish tavsiya etiladi.

Respublikadagi davlat, nodavlat, xorijiy oliy ta’lim muassasalariga, kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar, akademik litseylarga o‘qishga qabul qilish va tegishincha o‘qishni tamomlashga oid buyruqlar va boshqa hujjatlarni shakllantirish va rasmiylashtirish yagona elektron ma’lumotlar bazasida amalga oshiriladi.

Davlat va nodavlat umumiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish va tegishincha o‘qishni tamomlashga oid buyruqlar va boshqa hujjatlarni shakllantirish va rasmiylashtirish faqat yagona elektron ma’lumotlar bazasida amalga oshiriladi.

Uy-joy narxlarini maqbullashtirish

Yangi tartib doirasida uy-joy narxlarini pasaytirish maqsadida:

  • qishloq joylarda 5 va undan ortiq qavatli, shaharlarda 9 va undan ortiq qavatli ko‘p kvartirali uy-joylar shaharsozlik normalariga va ikkinchi darajali issiqlik muhofazasi qoidalariga muvofiq, monolit temir-betonli va yirik panelli konstruksiyalar, shuningdek boshqa qurilish materiallari asosida daha shaklida quriladi;
  • turar joy dahalarini qurish loyihalarini ishlab chiqish hamda tashqi muhandislik-transport kommunikatsiyalarini qurish ishlari quyidagilar hisobiga amalga oshiriladi:
  • shaharlarda − "Ye-IJRO AUKSION" elektron auksioni orqali ko‘p kvartirali turar joylarni qurish uchun yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushgan mablag‘lar hisobiga;
  • qishloq joylarda – O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag‘lari hisobiga;
  • ko‘p kvartirali turar joylarni qurish uchun geologiya va tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jihatidan eng optimal variantlar hisobga olingan holda hududlar qurilishi loyihalariga mos keladigan butun daha shaklidagi yer uchastkalari tanlab olinadi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlariga shaharlarda (Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan tashqari) ko‘p qavatli uy-joylarni qurish uchun yer maydonlarini elektron auksionlarni o‘tkazmasdan taqdim etish huquqi beriladi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan aholi punktlarini istiqbolli rivojlantirish hududlarida joylashgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ajratilishiga ruxsat beriladi;
  • uy-joy quruvchi tashkilotlar uchun mo‘ljallangan sement hamda metall prokati bo‘yicha alohida birja savdo seksiyasi joriy qilinadi;
  • 1.10.2021 yilga qadar sement mahsulotini (TIF TN kodi 2523) respublika hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi  qo‘llaniladi.

Seysmik xavfsizlikni ta’minlash

Respublikaning seysmik faol hududida joylashgan mavjud bino va inshootlar, ko‘p qavatli turar joylarning seysmik zaifligini baholash uchun elektron texnik pasportlar bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.

Kimlar nufuzli xorijiy oliygohlarda ta’lim oladi

"El-yurt umidi" jamg‘armasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarning magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 baravarga oshiriladi.

Quyidagilar amalga oshiriladi:

  • "El-yurt umidi" jamg‘armasi hisobidan xorijda bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish tizimi joriy etiladi;
  • "El-yurt umidi" jamg‘armasi ta’lim dasturlari bo‘yicha nomzodlarni saralashni ochiq stipendiya tanlovi asosida respublikaning barcha fuqarolari uchun muntazam ravishda o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • bakalavriat, magistratura va doktoranturada o‘qish dasturlari uchun stipendiya tanlovini o‘tkazish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Ayrim mutaxassislarning ish haqi oshiriladi

Quyidagilarning:

  • Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi metodistlarning ish haqi miqdori – oliy toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga;
  • kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari uslubchi-maslahatchilarining ish haqi miqdori – bosh o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.
  • Quyidagilarning:
  • XTV huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktorining bazaviy lavozim maosh miqdori oliy ta’lim muassasasi rektorining lavozim maoshiga tenglashtiriladi;
  • direktorning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlarining lavozim maosh miqdori – oliy ta’lim muassasasi prorektorining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi;
  • tarkibiy bo‘linmalar boshliqlarining lavozim maosh miqdori – fakultet dekanining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi;
  • Ot sportini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadigan "zootexnik", "veterinar-shifokor", "feldsher-veterinar", "usta-chavondoz", "ot parvarishlovchi", "taqachi" mutaxassisliklari uchun shifokor, hamshira, trener va sportchilarga tenglashtirilgan darajada oylik maoshlar to‘lanadi.

Pochta xizmatlari – autsorsing asosida

Olis va chekka hududlarda joylashgan pochta aloqasi ob’ektlarida kamida 13 ta turdagi davlat xizmati autsorsing asosida tashkil etiladi. Bunda pochta aloqasi xizmati haqi ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun to‘lanadigan davlat bojlari, yig‘imlari va barcha turdagi to‘lovlar summasining 10 foizi miqdorida belgilanadi va Davlat xizmatlari agentligi tomonidan mablag‘larning o‘ziga yo‘naltiriladigan qismi hisobidan to‘lab beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

aprel'

Baholaganlar

1084

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing