O‘zbekistonlik sportchi Osiyo o‘yinlari finaliga yo‘l oldi
Sport
−
22 Sentabr 2023
2483Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchi Anna Prakaten final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu orqali u O‘zbekiston uchun medal olish imkoniyatini rasmiylashtirib qo‘ydi.
Bugun, 22 sentyabr kuni Xanchjou-2022 doirasida akademik eshkak eshish bo‘yicha yarim final bellashuvlari tashkil etildi. Unda Tokio Olimpiadasi kumush medali sohibasi Anna Prakaten 7:47.88 natija ko‘rsatdi va marraga birinchi bo‘lib yetib keldi.
Bu orqali u 25 sentyabr kuni tashkil etiladigan final bahslarida medal uchun kurashadigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, 2020 yilgi Olimpiada o‘yinlarining rossiyalik vitse-chempioni Anna Prakaten endilikda O‘zbekiston nomidan musobaqalarda ishtirok etib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi joriy yilning iyun oyida Litvada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazgan edi. Anna Prakatenning mazkur yig‘inlardagi ishtiroki mahalliy sportchilarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgandi.
Gap shundaki Anna rossiyalik sportchilar musobaqalardan chetlashtirilayotgan bir vaqtda ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga Rossiya bayrog‘i aks etgan kiyimda post joylagan.
LiveBarchasi