Litvaliklar O‘zbekiston fuqaroligini olgan rossiyalik sportchini musobaqadan chetlatishni so‘ramoqda

Sport

image

Akademik eshkak eshish bo‘yicha 4 nafar murabbiy va 9 nafar sportchidan iborat O‘zbekiston terma jamoasi Litvada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari davomida ayrim muammolarga duch kelmoqda. Bu haqda “Championat” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, hozirda litsenzion jahon chempionati, Osiyo o‘yinlari kabi yirik musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish, 23-25 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan xalqaro musobaqada ishtirok etish maqsadida Litva safarida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar tarkibi mahalliy sportchilar va mamlakat fuqarolari tomonidan keskin tanqid qilinmoqda.

Gap shundaki, 2020 yilgi Olimpiada o‘yinlarining rossiyalik vitse-chempioni, endilikda O‘zbekiston nomidan musobaqalarda ishtirok etadigan Anna Prakaten ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida o‘zining eski, Rossiya terma jamoasi libosida tushgan rasmini e’lon qilgan, bu esa Rossiya boshlagan urushda Ukrainaga yon bosayotgan litvaliklarning noroziligiga olib keldi.

“Litva eshkak eshish federatsiyasining harakatlari tufayli biz Trakayda rus eshkakchilarining bosh yulduzi bilan mashg‘ulot o‘tkazishdan “zavq” olamiz. Balki federatsiya rahbarlari bu sirkni to‘xtatib, mamlakat va jamiyatimiz uchun muhim qarorlar qabul qilish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olar?” deydi 2016 yilgi Olimpiada ishtirokchisi Dovidas Nemeravichyus.

 

Anna Prakaten bu kabi gap-so‘zlarga hech qanday munosabat bildirmadi. Ammo ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga Belarus va Rossiya bayroqlari aks ettirilgan sport kiyimlarida tushgan rasmlarini e’lon qilishda davom etgan. 

“O‘tgan yili ukrainaliklarni qo‘llab, Rossiyaga sanksiyalar e’lon qildik. Endi bo‘lsa O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tgan rossiyaliklar bu yerda rus bayrog‘ini ko‘tarib, musobaqalarda ishtirok etmoqchi. Bu maynavozchilik, Litva eshkak eshish federatsiyasi bu yerda hech qanday muammo ko‘rmayapti, chunki u yerda “ko‘r mushukchalar” o‘tiradi”, deydi jahon chempioni Martinas Djyaugis.

Vaziyat keskinlashib ketgani sababli federatsiya rahbari Saulyus Ritter Prakaten bilan bog‘liq vaziyat haqida rasmiy bayonot berishga majbur bo‘ldi. Prezident muxlislarning ayblovlarini rad etdi va nega federatsiyaning sobiq rossiyalik sportchiga hech qanday da’vosi yo‘qligini tushuntirdi.

“Biz uning fuqarolik pozitsiyasiga shubha qilmaymiz. Men sportchining Rossiya terma jamoasi libosida shug‘ullangani haqidagi yolg‘on da’volarni qat’iyan rad etmoqchiman. Agar bu sodir bo‘lsa, sizni ishontirib aytamanki, federatsiya darhol bu borada qattiq choralar ko‘radi”, deydi Saulyus Ritter.

Annaning o‘zi uning shaxsi bilan bog‘liq vaziyat haqida hech qanday izoh bermagan.

Muhsinjon Umurzoqov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Akademik eshkak eshish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar