Yo‘llar muzlaganda avtomobilni qanday boshqarish kerak?
Bu qiziq
−
18 noyabr 2020
16080Bugun, 18 noyabr kuni poytaxt Toshkentda birinchi qor yog‘di. Ayni vaqtda Toshkent shahrida harorat -4 darajani tashkil etmoqda. Poytaxt oppoq qorga burkangan. Birdan yoqqan yomg‘ir, harorat pasayishi oqibatida yo‘llarda muzlamalar paydo bo‘ldi. Bu esa avtomobillar harakatlanishida noqulayliklar tug‘dirmoqda. Hozirgacha bir necha tumanlarda YTHlar sodir bo‘lgani haqida xabarlar oldik.
Xo‘sh, sovuq ob-havo sharoitida avtomobilda harakatlanishda nimalarga e’tibor berish lozim. Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bunga aniqlik kiritdi.
Yo‘llar sirpanchiq vaqtda avtomobilni to‘g‘ri boshqarishning bir necha oddiy usullari mavjud:
• yo‘lning notekis qismida tormozni bosmang;
• burilish joylarida harakat tezligini bir me’yorda saqlang;
• sirpanchiq yo‘lda tormozni qattiq bosmang.
Avtomobil sirpanishni boshlaganda qanday choralar ko‘rish zarur? Sirpanchiq yo‘lda avtomobilning orqa chap yoki o‘ng tomoni sirpanishni birinchi boshlashi mumkin.
Sirpanchiq yo‘lda rul chambaragini sekin va aniq aylantirish kerak. Shu bilan birga:
• agar avtomobilni orqa g‘ildirak boshqarsa, gazdan oyog‘ingizni oling. Agar oldi g‘ildirak boshqarsa, gazni bosib tezlikni ozgina oshiring;
• avtomobil sirpanchiq yo‘ldan chiqqandan so‘ng, rul chambaragini to‘g‘ri holatga qaytarish zarur. Agar o‘z vaqtida qaytarmasangiz, avtomobil o‘z yo‘nalishidan boshqa yo‘nalishga o‘tib ketishi mumkin.
Ushbu usullar to‘g‘ri bajarilsa, avtomobil yana boshlang‘ich holatiga qaytadi va o‘z yo‘nalishingizda davom etishingiz mumkin. Yo‘lingiz bexatar bo‘lsin.