Xitoy O‘zbekistonni koronavirus vaksinasi sinovlarida qatnashishga chaqirdi
Jamiyat
−
25 Sentabr 2020
6668Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyalari vaksinalar klinik sinovlarining uchinchi bosqichini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha rasmiy Toshkentga taklif bildirgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda Xitoyning “Sinopharm” kompaniyasining vakolatli korxonasi (“Yilin International Commerce” MCHJ) ap Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Zhifei Longcom” kompaniyasi bilan kelishuvlar imzolangan. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqarilayotgan “Sputnik-V” vaksinasining 5000 dozasini O‘zbekiston Respublikasiga ajratish yuzasidan Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasiga murojaat qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining “COVAX” (koronavirusga qarshi vaksinalash) xalqaro mexanizmiga qo‘shilgan. Agar vaksina muvaffaqqiyatli ishlab chiqilgan bo‘lsa, “COVAX” mexanizmida ishtirok etadigan mamlakatlar aholisining yigirma foizini emlash uchun yetarli vaksina ta’minotiga kafolatlangan dastlabki kirish imkoniyatdan foydalaniladi. Shuningdek, ushbu dasturning asosiy maqsadi — yangi vaksinalarni yaratish va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar hamda ularni ommaviy ishlab chiqarishga tayyorgarlikni qo‘llab-quvvatlashdir.
Bugungi kunda dunyo bo‘yicha koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinani ishlab chiqish bo‘yicha faol harakatlar olib borilmoqda. Hozir jahonda 25 ta vaksina klinik, 139 tasi esa klinikagacha bo‘lgan sinovlar jarayonida. Dunyo bo‘yicha Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan 9 ta vaksinaning oxirgi (uchinchi) bosqich sinovlari o‘tkazilmoqda.
Yana bir muhim masala — vaksinalarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish. Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, mazkur masala ham olimlar va farmatsevtika sohasi ishlab chiqaruvchilari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Bu holatda vaksinalar importga bog‘liq bo‘lmaydi. Ularni eksport qilish orqali qo‘shni davlatlarga ham yordam berish imkoni yaratiladi. Bu o‘z navbatida mintaqada COVID-19 ga nisbatan epidemiologik barqarorlikka erishish jarayonini ta’minlaydi.
LiveBarchasi