YHQni buzishga doir ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibida o‘zgarish bo‘ladi
Jamiyat
−
06 iyun 2020
8644Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Ichki ishlar vazirining “Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi buyrug‘i loyihasi joylashtirildi.
Loyiha bilan quyidagi o‘zgartirishlarni kiritish rejalashtirilyapti.
Tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar maxsus foto- va video qayd etishning avtomatlashtirilgan texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda hamda kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning ma’muriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi va ma’muriy ish Kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi.
Huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining yetmish foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi, quyidagi hollar bundan mustasno:
• ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun sud tomonidan jarima solinganda;
• jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda;
• xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda.
Majburiy ijroga qaratilgan jarima solish to‘g‘risidagi qaror ijro etilganidan so‘ng davlat ijrochisi ijro ishini yuritishni tamomlash to‘g‘risida qaror chiqaradi va uning bir nusxasini uni chiqargan organga (mansabdor shaxsga) yoki sudga yuboradi.
LiveBarchasi