“Sardoba fojiasi”: Hukumat komissiyasi tarkibiga Sanginov ham kiritildi

Jamiyat

image

Sardoba suv ombori to‘g‘onidan suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va hodisa sabablarini o‘rganish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 may kuni qabul qilingan “Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishida qayd etilgan.

Hukumat komissiyasi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklandi:

“Sardoba suv ombori” to‘g‘onidan suv toshishi oqibatida iqtisodiyot tarmoqlarida, birinchi navbatda, qishloq xo‘jaligi, yo‘l-transport va irrigatsiya tizimlari, ijtimoiy soha, aholi uy-joy fondi, noturar joy binolariga yetkazilgan zarar va yo‘qotishlar miqdorini aniqlash va baholash;

suv toshqini oqibatida evakuatsiya qilingan va zarar ko‘rgan fuqarolarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish, vaqtincha turar joy, oziq-ovqat, tibbiy-psixologik yordam va boshqa zarur sharoitlarni yaratish;

suv toshishi oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish, ijtimoiy-iqtisodiy, muhandislik-transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya infratuzilmasi hamda boshqa hayotiy muhim ob’ektlar va tizimlarni, uy-joy va kommunal xo‘jaligini tiklash va ishchanlik holatiga keltirish;

qurilish-tiklash ishlariga zarur bo‘ladigan barcha turdagi qurilish materiallarining miqdorini aniqlash va ularni respublikaning turli hududlaridagi ishlab chiqarish korxonalaridan kerakli hajmda yetkazilishini ta’minlash;

qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida yetkazilgan zararlar, ekin maydonlaridagi yo‘qotishlar va nobudgarchiliklar o‘rnini qoplash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini tiklash choralarini ko‘rish;

tez kunlarda nobud bo‘lgan ekin maydonlarini to‘liq o‘rganib chiqib, qisqa muddatlarda boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekishni tashkil etish, zarar ko‘rganqishloq xo‘jaligi ob’ektlarinitiklash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilash;

“Sardoba suv ombori” to‘g‘onidan suv toshishiga olib kelgan sabablarni har tomonlama chuqur va atroflicha o‘rganish hamda kelgusida bunday holatlarning respublika miqyosida oldini olish bo‘yicha amaliy takliflarni ishlab chiqish;

respublikamizning boshqa hududlarida joylashgan gidrotexnika inshootlari jismoniy xavfsizligi, yaxlitligi va butligini doimiy monitoring qilish, o‘z vaqtida nazorat-profilaktika tadbirlarini tashkil etish, suv omborlari va to‘g‘onlarga tutash hududlar va aholi punktlarida istiqomat qilayotgan fuqarolarni favqulodda vaziyat yuzaga kelishi xavfi haqida xabardor etish tizimini takomillashtirish yuzasidan aniq choralar ko‘rish;

suv omborlari va to‘g‘onlardan suv toshishi davrida mutasaddi vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va favqulodda xizmatlar, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlarining xatti-harakatlar algoritmi va o‘zaro hamkorligining samarali mexanizmlarini yaratish.

Shuningdek, Hukumat komissiyasi quyidagilarni ta’minlaydi:

Sirdaryo viloyatining suv bosgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida boshqaruv organlari va sektor rahbarlarining sutkalik navbatchiligini tashkil etish;

mutasaddi vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida yetkazilgan zarar va yo‘qotishlar ko‘lamini hamda ajratiladigan moliyaviy mablag‘larni inobatga olgan holda favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, amalga oshirish;

suv bosgan hududlardan evakuatsiya qilingan fuqarolarni vaqtinchalik yashash manzillariga joylashtirish, ularni oziq-ovqat va dori vositalari, zarur gigiyenik vositalar bilan ta’minlash, tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan evakuatsiya qilingan aholining tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, ularning vaqtinchalik yashash manzillarida sanitar-epidemiologik tadbirlarni o‘tkazish.

Hukumat komissiyasiga O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov raislik qiladi. Favqulodda vaziyatlar vaziri (ayni paytda Prezident maslahatchisi) Tursinxon Xudoyberganov, Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev va Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofur Mirzayev komissiya raisining o‘rinbosarlari etib tayinlandi.

Hukumat komissiyasi tarkibiga Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov kiritilmagan, biroq ro‘yxatda “O‘zbekgidroenergo” AJ raisi Abdug‘ani Sanginov bor. Qayd etish kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda "Sardoba" suv ombori qurilishiga Sanginov boshchilik qilgani va loyiha tendersiz uning o‘g‘li rahbarlik qiladigan kompaniya berilgani haqida ma’lumotlar tarqalgan. “O‘zbekgidroenergo” tarqalgan ma’lumotlarni inkor qiluvchi bayonot bilan chiqdi.

Quyida Hukumat komissiyasining to‘liq tarkibi bilan tanishishingiz mumkin:

A.N. Aripov — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Komissiya raisi

T.A. Xudaybergenov — O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri, Komissiya raisining o‘rinbosari

O‘.I. Barnoyev — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Komissiya raisining o‘rinbosari

G‘.G‘. Mirzayev — Sirdaryo viloyati hokimi, Komissiya raisining o‘rinbosari

N.T. Yo‘ldoshev — O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori

B.N. Qurbonov — O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri

Sh.O‘. Sobirov — O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari

B.I. Zakirov — O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri

T.A. Ishmetov — O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri

R.T. Mamatov — O‘zbekiston Respublikasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri

Sh.R. Xamrayev — O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri

A.K. Shadmanov — O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri

M.X. Saliyev — O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri

R.M. Djurayev — O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni

A.X. Qo‘ldoshev — O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari

I.R. Maxkamov — O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi

U.M. Mustafayev — “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi

B.K. Zaripov — “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisi

A.A. Sanginov — “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi

X.N. Xasilov — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchisi

A.M. Xidirov — Sardoba tumani hokimi

D.T. Fozilov — Oqoltin tumani hokimi vazifasini bajaruvchi

X.K. Abdullayev — Mirzaobod tumani hokimi


Maqola muallifi

Teglar

Sardoba suv ombori

Baholaganlar

723

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing