Bir oylik ulug‘ mehmonni butun borlig‘imiz bilan kutib olaylik – Rahimberdi domla Rahmonov
Intervyu
−
23 aprel 2020
7028Ramazoni sharif mo‘min-musulmonlar uchun eng muqaddas oy hisoblanadi. Bu oyning fazilati haqida Qur’oni Karim va Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamning sahih hadislarida ko‘p aytilgan. QALAMPIR.UZ tahririyati ham mazkur oyda siz azizlarga Ramazon oyi qanday oy ekani, uning fazilatlari, ushbu oyda qanday ezgu amallar qilish lozimligi haqida ma’lumotlar berib borishni maqsad qildi. Ushbu xususda Toshkent shahrining “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi Rahimberdi domla Rahmonov bilan suhbatlashdik.
“Bunday qiyin, sinovli kunlarda Alloh taolo azamatli savob, sabr-u sarvon bersin. Alloh taolo yurtimizga nur-u rahmati, barokotini yog‘dirsin. Xalqimizning boshidan qiyin kunlar o‘tmoqda, lekin ayni paytda xalqimizning qalbi quvonchga to‘lmoqda. Ulug‘ bir mehmoni, orziqib kutgani – Ramazoni sharif oyi yaqin kelmoqda. Mo‘min odam Ramazon oyi kelishi bilan qalbi farahga to‘ladi. Ulug‘ bir orzular ila bu mehmonni qarshi oladi. Shukrlar bo‘lsinki, Alloh taolo rizq, umr, nasiba berdi, Ramazoni sharif oyiga yetkazdi”, deydi Rahimberdi domla.
“Ilgari ulug‘larimiz Ramazondan olti oy muqaddam “Allohumma ballig‘na Ramazon, Allohumma ballig‘na Ramazon” – “Parvardigor bizlarni Ramazonga yetkazgin, Ramazonga yetkazgin”, deb duo qilishar ekan. Sababi – ular bu muqaddas oyda qanday izzat va sharaf borligini bilishgan. Ramazoni sharif oyida mo‘min qay maqomga erishishini anglashgan.
Ramazonda biz daraja topamiz. Ramazonda gunohlarimizdan forig‘ bo‘lamiz. Ramazonda Allohga yaqinlashamiz. Qur’onga muxlis bo‘lamiz. Ibodatga bel bog‘laymiz. Shu bois bu bir oylik ulug‘ mehmonni qalbimizning butun borlig‘i, shod-u xurramligi bilan qarshi olamiz.
Bu yilgi Ramazoni sharifni har yilgidan farqli o‘laroq saharlikda ham, iftorlikda ham, hattoki taroveh, xatmi Qur’onlarda ham xonadonimizda, farzandlarimiz va oila a’zolarimiz bilan birga o‘tkazamiz. Parvardigor bu yilgi Ramazoni sharif oyini umr daftarimizning zarvaraqlari qilib bitilishligini o‘zi nasib aylasin. Muhtaram azizlarimizdan saharliklarda, iftorliklarda ko‘proq duo qilishlarini so‘raymiz. Alloh taolo elimizdan, xalqimizdan bu mashaqqatli davrlarni O‘zi ko‘tarsin. Tezlik bilan, tez fursatda bu qiyin kunlardan yuzimiz yorug‘ bo‘lib chiqishligini O‘zi nasib aylasin.
Azizlar, Ramazon shunchalar ulug‘ oyki, Alloh taolo hadisi qudsiyda marhamat qiladi: “Ro‘za men uchun. Mukofotini O‘zim beraman”. Qarangki, bu ibodat Alloh uchun. Mana bu ibodatni biz ulkan ibodat ekanligini, bizni tarbiya qiladigan bir oy – maktab ekanligini barchamiz anglab yetishimiz zarur. Qalbida zarracha iymoni, Allohdan umidi bor banda borki, Ramazonning hurmati va izzatini o‘rniga qo‘yadi, alal-oqibat o‘zi o‘rin topadi. Allohning huzurida maqom topadi.
Ramazoni sharif Qur’on oyi hisoblanadi. Bu yil qorilarimiz Qur’on xatmi Quro’onlarni xonadonlarida turgan hollarida xalqimizga taqdim etadi. Alloh taolodan so‘raymiz, Parvardigor mana shu xatmonalarga quloq solib, o‘zimiz kitobdan o‘qimasak-da, eshitgan holimizda ham xatmonalar qilishligimizni nasib aylasin. Mo‘min-musulmonlarimiz har birlari qani endi, bu Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan sunnat, xonadonlarimizda Ramazonda hech bo‘lmasa, bitta xatmonani qilsak, xonadonimiz, qalbimiz nurga to‘ladi, deb niyat qiladi.
Ramazoni sharif bu – taqvo oyi. Unda biz taqvoga erishamiz. Alloh taolo Qur’oni Karimda Ramazon ro‘zasining farzligini bayon qila turib, “shoyadki, taqvodor bo‘lsangiz”, deb marhamat qiladi. Ramazonda ko‘zda tutilgan va qo‘lga kiritiladigan eng katta foyda bu – taqvo. Haqiqatan ham Ramazon bizni taqvodor bandaga aylantiradi. Ramazoni sharif oyidan keyin biz o‘zimizda taqvoni his qila boshlaymiz. Ushbu oyning rioyasini qilib, ro‘za ibodatini qadrlab, ehtiromini o‘rniga qo‘yib, undan biz taqvoni qo‘lga kiritamiz.
Ramazon sahovat oyi hamdir. Mana shunday qiyin kunlarda mo‘min-musulmonlarimiz sahovatlar qiladilar, zakotlari, fidyalarini beradilar. Yaqin yor-u do‘stlarga, qavm-u qarindosh, qo‘ni-qo‘shnilarga sahiylik qiladilar. Mo‘min banda saharlikda, iftorlikda ko‘zi to‘q, dasturxoni to‘q holida o‘tirsa-yu yonidagi qo‘shnisi, aka-uka, opa-singlisi, qavm-u qarindoshi qiynalgan holatda bo‘lsa, uning saharligi, iftorligi qanday tatiydi?
Alloh taolo bizlarga nasiba, umr berib, Ramazoni sharif oyiga yetib keldik. Endi bizdan talab etiladigan jihat – katta g‘ayrat ko‘rsatishimiz. Bu oyni g‘animat bilib, ibodatga mahkam bel bog‘lab, Ramazoni sharif oyida ko‘proq ibodatlar qilib, xato va gunohlarimizga tavba qilib, u Ramazondan bu Ramazongacha qilgan xatolarimizni kechirishini Allohdan so‘raylik.
Ramazoni sharif oyida qilinadigan xatmonalarimiz, duolarimiz, saharligu iftorlikda qiladigan iltijolarimizni sharofatidan xalqimizning boshidan bu qiyin kunlarni O‘zi ko‘tarsin, duolarimizni qabul aylasin”, dedi Rahimberdi domla Rahmonov.
LiveBarchasi