Prezident QQS stavkasini kamaytirish bo‘yicha topshiriq berdi
Jamiyat
−
11 Sentabr 2019
6940Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish hamda davlat byudjetiga kafolatlangan tushumlarni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Mazkur yig‘ilishda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki ekspertlari ishtirokida tuzilgan Yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash bo‘yicha inspeksiya soliq rezervlarini o‘rganish va tushumlarni ko‘paytirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi. Ushbu ishlarning samarasini oshirish uchun yirik soliq to‘lovchilarni elektron hisob fakturalariga o‘tkazish va ularni buxgalteriyani kompyuterda yuritish dasturlariga bog‘lash kerakligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Moliya vazirligiga qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini kamaytirish bo‘yicha aniq asoslangan taklif kiritish topshirildi.
Bundan tashqari, byudjet tushumlarining 21 foizini ta’minlaydigan 20 ta shahar va tuman bilan bevosita ishlash uchun ularga mutasaddi rahbarlar biriktirildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yangi Soliq kodeksiga ko‘ra, 2019 yilning 1 yanvaridan barcha turdagi mahsulotlar uchun 20 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i joriy qilindi. Faqatgina ba’zi mahsulotlar QQSdan ozod qilindi.