Energiya resurslari narxi oshadi, eng kam ish haqi ham

Jamiyat

image

O‘zbekistonda energiya resurslari tariflari oshiriladi. Shunga mos ravishda eng kam ish haqini ham oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan birinchi yarim yillikda davlat byudjetiga tushumlar natijadorligini tahlil qilish va yangi vazifalarni belgilash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilingan. 

Videoselektorda energiya resurslari tariflarini optimallashtirish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. 

"Oxirgi ikki yilda aholi, ijtimoiy va ishlab chiqarish ob’ektlarini uzluksiz elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yaxshilash maqsadida tegishli tarmoqlarni modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash va xarajatlarni optimallashtirish talab etilmoqda. Bularsiz tarmoqlarning moliyaviy ahvolini yaxshilash va sohaga faol investitsiyalarni jalb qilish imkonsiz.

Shu bois, mutaxassislar va xalq vakillari fikrlarini inobatga olib, aholi uchun tariflarni keskin oshirmasdan, inflyatsiya darajasiga yaqin miqdorda o‘zgartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Tarif islohotlari xalqqa yengil bo‘lishi uchun eng kam ish haqini ham oshirish rejalashtirilgan", deyiladi Prezident Matbuot xizmati xabarida. 

Yig‘ilishda tariflarni tartibga solish bo‘yicha taklif etilayotgan islohotlarni aholiga to‘liq yetkazish zarurligi ta’kidlangan. Soliq islohotlarini targ‘ib qilish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi a’zolari, shuningdek, mahalliy kengashlar deputatlari, iqtisodiyot va kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari mutasaddilari joylarga borib, har bir mahallada aholiga tariflar o‘zgarishining mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Energiya resurslari

Baholaganlar

291

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing