Senator O‘zbekistonda kommunal to‘lovlar miqdori shundoq ham pastligini aytdi
Jamiyat
−
09 iyul 2019
5538Xabaringiz bor, ayni damda O‘zbekistonda energiya resurslarining narxi yana oshirilishi masalasi kun tartibida turibdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan birinchi yarim yillikda davlat byudjetiga tushumlar natijadorligini tahlil qilish va yangi vazifalarni belgilash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilingan edi.
“Mutaxassislar va xalq vakillari fikrlarini inobatga olib, aholi uchun tariflarni keskin oshirmasdan, inflyatsiya darajasiga yaqin miqdorda o‘zgartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Tarif islohotlari xalqqa yengil bo‘lishi uchun eng kam ish haqini ham oshirish rejalashtirilgan”, degan edi Prezident.
Energiya resurslarining narxi oshirilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Muhammad Jumagaldiyev Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda munosabat bildirib, O‘zbekistonda shundoq ham energiya resurslari narxi arzonligini qayd etdi.
“O‘zbekistonda kommunal to‘lovlari qo‘shni mamlakatlarnikidan 2-3 barobar, boshqa chet davlatlaridan esa 5-6 barobar past. Yurtimizda ham kommunal to‘lovlarining narxini bosqichma-bosqich oshirish maqsadga muvofiq. Sababi, hozirda aholi daromadi o‘rtacha 1,2-1,5 million so‘mni tashkil etadi. Fuqarolarning oylik daromadlari, “iste’mol savatchasi” faqat kommunal to‘lovlari uchun mo‘ljallanmasligi kerak. Kuni kecha Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektorda ham davlatimiz rahbari ayni shu jihatlarga e’tibor qaratish zarurligi, xalqni qiynamay, kommunal to‘lovlarini sekin-astalik bilan bosqichma-bosqich ko‘tarish maqsadga muvofiqligini ta’kidladilar. Shu bilan birga, aholini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish borasida muhim topshiriqlar berdilar”, deydi senator Jumagaldiyev.
Anjumanda ommaviy axborot vositalarida bu borada xorijiy tajribani amaliyotga tatbiq etish, xususan, kommunal to‘lovlarini to‘lashda tabaqalashtirish kerakligi taklifi bildirildi. Ya’ni kam ta’minlangan oilalarga tabiiy gaz va elektr energiyasi tariflarini pasaytirish, ijtimoiy ko‘mak berish borasida so‘z yuritildi.
LiveBarchasi