Ukrainaga atalgan “asr jangi” – Sport dayjesti

Sport

Bugun Ukraina foydasiga hal bo‘lgan “asr jangi”, gonorarlarini ustozlariga bergan Bahodir Jalolov va onlayn qimor o‘ynaydiganlarni keskin gaplar bilan “siylagan” Nursulton Ro‘ziboyev haqida so‘z ochamiz.

Usik mutlaq jahon chempioniga aylandi

19 may kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda o‘tkazilgan zamonaviy boks tarixidagi eng muhim janglardan birida ukrainalik bokschi Aleksandr Usik britaniyalik Tayson Fyurini mag‘lub etdi.

Ilgari mag‘lub bo‘lmagan Fyurini mag‘lub etib, Usik og‘ir vaznda mutlaq jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi – oxirgi marta bu unvonni 1999 yilda Lennoks Lyuis egallagan. Shu tariqa, ukrainalik bokschi to‘rtta boks tashkiloti – WBA, WBO, IBF va WBC bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi.

Jang 12 raund davom etdi. Jang davomida tashabbus yo Fyuriga, yo Usikka o‘tdi, ammo 9-raund yakunida ukrainalik bokschi britaniyalikni nokdounga tushirdi.

Jangda Aleksandr Usik hakamlar qarori bilan g‘alaba qozondi.

"Bu men uchun, oilam uchun, vatanim uchun ajoyib imkoniyat", dedi Usik o‘zining g‘alabasini e’lon qilgach.

U revansh jangiga ham tayyor ekanini qo‘shimcha qildi. Usik shu kungacha boks ringida mag‘lubiyatsiz qolmoqda.

O‘z navbatida, Tayson Fyuri Usik bilan jangni “fantastik” deb atadi, biroq ayni paytda hakamlar qaroriga rozi emasligini bildirdi.

"Men bu jangda g‘alaba qozondim deb o‘ylayman, u bir necha raundda g‘alaba qozondi, lekin raundlarning aksariyatida men g‘alaba qozonganman", deydi Fyuri.

Fyurining so‘zlariga ko‘ra, odamlar urushayotgan mamlakatni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ukrainaning “Tribuna” sport nashri bosh muharriri Oleg Sherbakov ukrainalik bokschini “haqiqiy xalq himoyachisi”, deb atadi. Sherbakovning so‘zlariga ko‘ra, Usik "front chizig‘dan bir kilometr uzoqlikda" ukrainalik askarlar bilan uchrashgan va ularga sovg‘alar bergan. Aprel oyida bokschi uyidan ayrilgan ukrainaliklarga yordam berish, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Usik” jamg‘armasiga asos solgan.

“Menga qolsa, uyini sotib, yo‘q bo‘lib ketmaydimi?” Ro‘ziboyev onlayn qimor o‘ynaydiganlarga keskin javob qaytardi

Avvalroq, o‘zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyev O‘zbekistonga qaytib kelgani xabar qilingandi.

Sportchi QALAMPIR.UZ'ga jangiga pul tikib, uy va mashinalarini yutqazib qo‘ygan odamlar haqida tanqidiy ruhda fikr bildirdi. 

“Agar menga pul tikkanlar yutqazgan bo‘lsa, men ham yutqazganimdan xursandman. Hech qachon ataylab yutqazmaganman, mag‘lubiyatimning sababini o‘zimdan ko‘rdim. Onlayn qimor o‘ynaydiganlar menga yana pul tiksa va men yana mag‘lub bo‘lsam, yutqazganimdan mamnun bo‘laman. Menga qolsa, uyini sotib, yo‘q bo‘lib ketmaydimi? Men doim bunaqa o‘yinlardan yiroq bo‘linglar, deb aytganman”, deydi Ro‘ziboyev.

Ma’lum bo‘lishicha, Ro‘ziboyevga oxirgi jangdan keyin ko‘plab odamlar unga pul tikib, sportchining g‘alabasi uchun uy va mashinasini sotganini va yutqazganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ro‘ziboyev oxirgi jangidan qancha daromad qilgani xabar qilingandi.

Isroildagi o‘yinda tarixdagi eng uzun penaltilar seriyasi qayd etildi 

Joriy yilning 20 may kunida Isroilning “Dimona” klubi mamlakat ikkinchi ligasiga chiqish uchun birinchi bosqich pley-off o‘yinida “Shimshon”ni mag‘lub etdi. Ushbu uchrashuvda jamoalar penaltilar seriyasi bo‘yicha jahon rekordini yangiladi. Bu haqda Ginnesning rekordlar kitobi xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, ikki jamoa o‘rtasida darvoza tomon 56 ta zarba yo‘llagan, bu mutlaq rekorddir. Avvalgi eng uzun penaltilar seriyasi 2005 yilda bo‘lib o‘tgan, o‘shanda “Palas” Namibiya kubogi finalida “Siviss”ni mag‘lub etgan. O‘shanda jamoalar 48 marta penalti tepishgan.

Isroildagi pley-off o‘yinidagi uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha vaqti durang bilan yakunlandi. Penaltilar seriyasida “Dimona” futbolchilariga omad kulib, 23:22 hisobida g‘alabaga erishdi.

Afsonaviy Chusovitina Olimpiadada qatnashmaydi 

O‘zbekistonlik afsonaviy sportchi Oksana Chusovitina jarohat olib, Parij-2024 Olimpiadasi uchun o‘tkaziladigan litsenzion musobaqada qatnashmaydigan bo‘ldi. Bu haqda sportchining o‘zi Instagram sahifasida ma’lum qildi.

Jarohati bois, 48 yoshli Chusovitina 24 may kuni Toshkentda start oladigan litsenzion turnirda ishtirok eta olmaydi. Bu degani u Parij Olimpiadasida qatnashmaydi.

Ma’lumot uchun, Chusovitina shu vaqtga qadar 8 ta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, Ginnes rekordlar kitobiga kirgan. Parij Olimpiadasi uning faoliyatidagi 9-Olimpiada bo‘lishi mumkin edi.

O‘zbekiston Parij-2024 Olimpiadasi tayyorgarligi uchun 73 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarfladi

O‘zbekistonlik sportchilarning 2024 yilning birinchi choragida Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarligi va xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari uchun 73 milliard 355 million 700 ming so‘m sarflandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistondagi sport tashkilotlari tomonidan tizimli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va uyushmalarning ustav xarajatlari, milliy terma jamoa sportchilari uchun anjom va maxsus inventarlar xaridi, tibbiy-biologik ta’minot, sportchilarning turnir va chempionatlarda ishtiroki bilan bog‘liq xarajatlar ham davlat mablag‘lari tomonidan moliyalashtirilmoqda.

Bahodir Jalolov gonorarlarini nimaga sarflaganini ma’lum qildi

O‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolov janglardan tushgan daromadining yarmini ustozlariga bergani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda sportchi Xalqaro boks assotsiatsiyasiga (IBA) bergan intervyusida ma’lum qildi.

“To‘g‘risini aytsam, gonorarlarimning yarimni ustozlarimga berdim. Shu vaqtga qadar erishgan yutuqlarimning asosiy sababchilari ustozlarimdir. Daromadimning qolgan qismini oilamga sarfladim. Onamni Umra safariga jo‘natdim. Oilamdagi kamchiliklarimni to‘ldirdim. Opa-singillarimga qarashdim. Meni otam yo‘q, hozir ota o‘rnida singillarimga otaman”, deydi Jalolov.

Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov hozirda Parij-2024 Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. U oxirgi jangini havaskor boksda Rossiyaning Xabarovsk shahri mezbonlik qilgan “Konstantin Korotkov” xotira turniri doirasida yana bir o‘zbekistonlik bokschi Lazizbek Mullajonovga qarshi o‘tkazib, g‘alaba qozongandi.

Rossiyalik figurali uchuvchilarga O‘zbekiston jamoasiga qo‘shilishga ruxsat berildi

Rossiya figurali uchish federatsiyasi (FFKKR) Ijroiya qo‘mitasi juftlik bo‘lib qatnashayotgan figurali uchuvchilar Yekaterina Geynish va Dmitriy Chigirevga O‘zbekiston terma jamoasi safiga qo‘shilishga ruxsat berdi. Bu haqda TASS xabar berdi.

“FFKKR Geynish va Chigirevga O‘zbekiston terma jamoasiga o‘tishga ruxsat berdi”, deyiladi xabarda.

Konkida uchuvchilar 2022 yildan buyon turli xil musobaqalarda juftlik bahslarida ishtirok etib keladi. Ular Moskva chempionati sovrindori va kubok g‘olibi bo‘lgan, shuningdek, Panin-Kolomenkin xotira turnirida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan. Sportchilar Nina Mozer murabbiyligidagi guruhda mashq qiladi.

Qayd etish joiz, Xalqaro sport tashkilotlarining Rossiyaga qo‘yayotgan sanksiyalari tufayli, juftlik nufuzli musobaqalarda qatnashishda muammolarga duch kelishi mumkin, shuning uchun ham ular O‘zbekiston fuqaroligini olishga qaror qilgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Bahodir Jalolov UFC Olimpiada Nursulton Ro'ziboev Parij-2024

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made