APLga yo‘l olgan o‘zbek va sensatsion Osiyo kubogi – Sport dayjesti

Tahlil

Bugun faoliyatini Angliyada davom ettiradigan o‘zbekistonlik futbolchi, qizg‘in o‘yinlarga va qiziq holatlarga boy tarzda o‘tayotgan Osiyo kubogi va 8 marta pistoletdan o‘qqa tutilgan MMA jangchisi haqida gaplashamiz. Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZ'da sport dayjesti.

Osiyo kubogi-2023: Nega tojikistonlik futbolchilar O‘zbekiston bayrog‘ini hilpiratdi?

28 yanvar kuni Osiyo kubogining 1/8 finali doirasida musobaqa debyutanti Tojikiston terma jamoasi sensatsion tarzda turnirning kuchli jamoalaridan biri BAAdan penaltilar seriyasida ustun kelib, chorak finalga yo‘l oldi. Bahsdan so‘ng g‘alabani nishonlash chog‘ida 2-3 nafar tojikistonlik futbolchi tribunadagi muxlislardan O‘zbekiston bayrog‘ini olib, maydon uzra aylantirdi. Bu esa O‘zbekiston futbol jamoatchiligining e’tiborini tortdi.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston muxlislarining yetakchilaridan biri Javohir Shokirov va yana bir qator o‘zbekistonlik muxlislar tojik futbolchilariga O‘zbekiston bayrog‘ini bergan. Bu haqda Javohir Shokirov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

“Tojikistonlik muxlislar stadionda tarqoq holda o‘tirgandi, o‘zbekistonlik ishqibozlar esa bitta sektorda tojik futbolchilarini qo‘llab-quvvatladi. Shu sababdan ham o‘yin oxirida futbolchilar O‘zbekiston bayrog‘ini olib hilpiratdi”, deydi Shokirov.

O‘zbekistonga mag‘lub bo‘lgan tailandliklar katta puldan quruq qoldi

30 yanvar kuni Osiyo kubogi 1/8 finali doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Tailand bahsidan oldin tailandlik futbolchilarga agar g‘alabaga qozongan taqdirda, 4 million bat (113 ming AQSH dollari) va’da qilingani ma’lum bo‘ldi. 

Tailand terma jamoasi menejeri va mamlakatda ko‘zga ko‘ringan milliarder sifatida tanilgan Pang xonim bahsdan oldin g‘alaba uchun futbolchilarni mukofotlashini bildirgan, biroq tailandliklar O‘zbekiston terma jamoasiga 2:1 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqa bilan xayrlashdi.

Qayd etilishicha, Pang xonim O‘zbekiston bilan o‘yingacha ham futbolchilarni turnir guruh bosqichidagi munosib ishtiroki uchun taqdirlagan. U Tailand nimchorak finalga chiqqani uchun terma jamoaga o‘z hisobidan 5 million bat (141 ming AQSH dollari) ajratgan.

Tojikiston terma jamoasi 450 ming dollar bilan taqdirlandi

Futbol bo‘yicha Tojikiston terma jamoasi Osiyo kubogining 1/8 finalida guruhdan chiqqani va g‘alaba qozongani uchun 450 ming dollar oldi. Bu haqda Tojikiston futbol federatsiyasi (TFF) prezidenti Rustami Imomali o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.

Agar chorak finalda Iordaniya termasi ustidan g‘alaba qozongan taqdirda, terma jamoa yana 200 ming dollar bonus va’da qilinga, biroq tojikistonliklar chorak finalda o‘z yurishini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. 
O‘yinning 66-daqiqasida tojikistonliklar himoyachisi Vahdat Hanonov o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. 1:0 hisobi o‘yin oxirigacha o‘zgarmadi va Iordaniya turnirning yarim finaliga yo‘l oldi.

2 fevral kuni yana bir bahsda Janubiy Koreya Avstraliyaga qarshi bahs olib bordi. Dramatik o‘yinga aylanib ketgan bahs yakunda koreyaliklar foydasiga hal bo‘ldi. 42-daqiqada kengrular safida Gudvin hisobni ochdi. O‘yin yakunlashiga sanoqli soniyalar qolganda aniqrog‘i 90+6 daqiqada Avstraliya futbolchisi o‘z jarima maydonchasida raqibga nisbatan qo‘pollik ishlatdi va hakam 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Penaltidan Hvan unumli foydalandi va jamoalar g‘olib nomini ekstra taymlarda aniqlab oladigan bo‘ldi. Ekstra taymning 104-daqiqasida yo‘lbarslar yetakchisi Son Xyon Min jarima zarbasidan super gol urib, jamoasini yarim finalga olib chiqdi. Endi yarim finalda koreyslar Iordaniya bilan bahs olib boradi.

Abdusattorov nufuzli turnir sovrindori bo‘ldi

Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahri mezbonlik qilgan shaxmat bo‘yicha nufuzli “Tata Steel Chess-2024” turniri yakunlandi. Musobaqada g‘oliblik uchun bahs olib borgan o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov yakunda 3-o‘rinni egalladi.

Turnirning oxirgi turida germaniyalik Aleksandr Donchenkodan ustun kelgan Nodirbek, yarim finalda xitoylik Vey Yiga qarshi bahs olib borib, 1,5:0,5 hisobida imkoniyatni boy berdi va 3-o‘rin bilan kifoyalandi.

Finalga yo‘l olgan Vey Yi yakunda musobaqa g‘olibiga aylandi. U finalda hindistonlik Gukesh Domarjuga qarshi dona surdi. Tomonlar o‘rtasidagi dastlabki o‘yin durang bilan yakunlangan bo‘lsa, 2-bahsda Yining qo‘li baland keldi.

Abdurahmonov xalqaro turnirda sovrindor bo‘ldi

Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Bekzod Abdurahmonov Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni Ivan Yarigin xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro musobaqada bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Yarim finalda rossiyalik David Bayevga mag‘lubiyatga uchragan Abdurahmonov, 3-o‘rin uchun kechgan bahsda yana bir mezbon sportchi Israil Kasumovdan ustun keldi.

O‘zbekiston vakillaridan G‘ulomjon Abdullayev (-57 kg) va Sardor Ro‘zimov (-61 kg) ham shohsupaning 3-pog‘onasidan joy oldi. 

Shuningdek, turnir yakunlariga ko‘ra, Abdurahmonov “Eng yaxshi xorijlik sportchi” deb topilib, 250 ming rubl (34,5 million so‘m) pul mukofoti bilan taqdirlandi.

O‘zbek boksi og‘ir judolikka uchradi

Farg‘ona viloyati boks terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi, Xalqaro toifadagi hakam, O‘zbekistonda boksni rivojlanishiga katta hissasini qo‘shib kelgan Stanislav Bo‘tayev 83 yoshida olamdan ko‘z yumdi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Stanislav Bo‘tayev o‘zining murabbiylik faoliyati davomida ko‘plab sport ustalari va Xalqaro musobaqalar g‘oliblarini tayyorlagan. U 1980 yil (Moskva) va 2004 yilgi (Afina) Olimpiya o‘yinlarida boks musobaqalarida hakamlik qilgan.

“O‘zbekiston boks federatsiyasi nomidan marhumning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz va sabr tilaymiz”, deyiladi manba xabarida.

“Andijon” futbolchisi faoliyatini Saudiyada davom ettiradi

“Andijon" futbol klubining albaniyalik futbolchisi, o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Rubin Hebay faoliyatini Saudiya Arabistonining “Al-Oruba” klubida davom ettiradigan bo‘ldi.  Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

“Albatta, “Andijon” Rubinni sotish niyatida emasdi. Biroq Hebayning xohish va istagidan kelib chiqqan holda mazkur transfer amalga oshirildi”, deyiladi klub bayonotida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Andijon” Hebay transferidan 200 ming yevro daromad ko‘rgan.

Hozirda “Al-Oruba” Saudiya Arabistoni birinchi divizionida ishtirok etmoqda. Jamoa turnir jadvalida 31 ochko bilan 5-o‘rinni egallab turibdi.

Ma’lumot uchun, Hebay o‘tgan mavsumda 27 o‘yinda ishtirok etib, 14 ta gol urdi hamda 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

O‘zbek futboli tarixida ilk bor APLga futbolchi transfer qilindi

Toshkentning “Paxtakor” klubi a’zosi Muhammadali O‘rinboyev Angliyaning “Brentford” klubiga ijaraga berildi.
Klublar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, u 30 iyunga qadar “Brentford”da ijara asosida o‘ynaydi.  Ushbu muddatdan keyin esa Angliya klubi Muhammadalini sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. O‘rinboyev “Paxtakor”da 17 yoshga to‘lmasdan o‘z debyutini o‘tkazgan va o‘z yosh toifasida terma jamoa a’zosi sanaladi.

1 fevral kuni rasman “Brentford” klubi o‘zbekistonlik 18 yoshli futbolchi Muhammadali O‘rinboyevni o‘z safiga qo‘shib olganini ma’lum qildi. 

“Brentford”ga xush kelibsan,Ali”, deyiladi jamoa matbuot xizmati xabarida.

Qayd etish joiz, “Brentford”ga o‘zbekistonlik futbolchining ijarasi 200 ming yevroga tushdi.

E’tiborlisi, mazkur klubda angliyalik mashhur futbolchi Devid Bekxemning o‘g‘li Romeo Bekhem ham to‘p tepadi.

Qizig‘i, kichik Bekxem O‘rinboyev bilan bir xil pozitsiyada harakatlanadi.

Ma’lumot uchun, O‘rinboyev o‘tgan mavsum Toshkentning “Paxtakor” klubi safida Osiyo Chempionlar ligasida 3 ta o‘yinda maydonga tushishga ulgurgan. U O‘zbekiston U-17 terma jamoasi a’zosi hisoblanadi.

Maxachqal’ada Habibning otasiga shogird bo‘lgan sportchi otib o‘ldirildi

Dog‘istonlik MMA ustasi Magomedrasul Mutayev Maxachqal’a markazida halok bo‘ldi.

Noma’lum shaxs uyi yonida 20 yoshli Mutayevga yaqinlashib, to‘pponchadan sakkiz marta o‘q uzgan. Sportchi tez yordam mashinasida kasalxonaga olib ketilayotganda vafot etgan.

Hozirda rolitsiya 20 yoshli AMC Fight Nights jangchisi Magomedrasul Mutayevning qotilini qidirmoqda.

Maxachqal’adagi jangchini o‘ldirganlikda gumon qilinib, Qo‘rqmaskali qishlog‘ida yashovchi 18 yoshli yigit qidirilmoqda.

Gumon qilinayotgan sabab qasosdir. Ma’lum bo‘lishicha, Mutayev va uning do‘stlari taxminan bir oy oldin 18 yoshli yigitni kaltaklab, uni haqorat qilgan.

Hozirda voqea joyida tergovchilar va kriminologlar ishlamoqda. 

Qayd etilishicha, marhum Magomed Mutayev aralash yakkakurash bo‘yicha mashhur jangchi, yengil vazn toifasida sobiq UFC chempioni Habib Nurmuhammedovning otasi Abdulmannop Nurmuhammedov nomidagi jang san’atlari maktabida tahsil olgan.

Jaloliddin Masharipov Gretsiya klubini tark etdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining yetakchi futbolchilaridan biri Jaloliddin Masharipov Gretsiyaning “Panserraikos” klubi bilan o‘zaro kelishuviga ko‘ra shartnomani bekor qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Masharipov “Panserraikos”da jami 8 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta assist muallifiga aylandi. Ma’lumotlarga qaraganda 30 yoshli futbolchi faoliyatini katta ehtimol bilan O‘zbekistonda davom ettiradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Masharipov katta ehtimol bilan faoliyatini Namanganning Navbahor klubida davom ettiradi.

Jaloliddin Masharipovning “Transfermarkt”ga ko‘ra narxi 1,5 million yevroni tashkil etadi. U faoliyati davomida BAAning “Shabab Al-Ahli” va Saudiyaning “Al-Nasr” kabi klublarida to‘p tepgan. Hozirda futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Osiyo kubogida ishtirok etmoqda.

Ronaldusiz o‘tgan o‘yinda Messi jamoasi tor-mor keltirildi

1 fevral kuni Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” hamda Amerikaning “Inter Mayami” klublari o‘rtoqlik uchrashuvida to‘qnash keldi. Ar-Riyoddagi “Kingdom Arena”da bo‘lib o‘tgan bahs 6:0 hisobida Saudiya klubi foydasiga hal bo‘ldi.

Dastlabki daqiqalardan ustunlikni o‘z qo‘liga olgan riyodliklar 15-daqiqaga keliboq, raqib darvozasiga 3 ta to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ronaldu jamoadoshlari safida gollarga Otavio, Lyaport, Maran va Taliska mualliflik qildi. Braziliyalik futbolchi uchrashuvda xet-trik qayd etib, jamoasi g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdii. “Inter Mayami” hujumchisi Lionel Messi uchrashuvni zaxira o‘rindig‘ida boshladi va o‘yinning 83-daqiqasida maydonga tushdi.

Qayd etish joiz, mazkur bahsni portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu jarohati bois o‘tkazib yubordi. “Al-Nasr” 38 yoshli futbolchining sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yishni istamadi va uni qaydnomaga kiritmadi.
Shunday qilib, MLS klubi Saudiyadagi turnesida qatorasiga ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Bundan oldin Messi jamoadoshlari “Al-Hilol”ga 4:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made