Ochiqchasiga bosim. Prezident nimadan tashvishda?

Jamiyat

O‘zbekistonga bosim va tahdidlar, “ko‘cha” deb nom olgan jinoiy guruhlar, korrupsiyaga berilgan mansabdor shaxslar, g‘oyaviy-mafkuraviy sohadagi raqobat, diniy e’tiqod niqobi ostidagi jaholat... Bular 22 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘targan asosiy masalalar. U Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida qatnashib, bugun jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘layotgan voqealar bo‘yicha kosa tagida nim kosali mesejlar berdi. 

Bugun odamlar orasida muhokama qilinayotgan mavzular kechagidan farq qilmoqda. Odamlar Yangi yil dasturxoniga qanday taom tortish emas, qamalgan “ko‘cha bolalari”ning keyingi taqdirini, dollarning ko‘tarilib borayotganini emas, Salimboyning mol-mulkiga nima bo‘lishini, yulduzlarning Yangi yilni qayerda kutib olishini emas, Yangi yilni hibsda nishonlashi kutilayotgan amaldorlarni, mamlakatdagi korrupsion holatlarni, odamlarning oddiy va maishiy hayotigacha kirib borayotgan poraxo‘rliklarni muhokama qilmoqda. Davlat ham sukut qildi, jim turdi va tizginni tortdi, og‘ir tortdi. Endi bu qanchalik adolatli va oxirigacha bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Ammo Prezidentning bu mavzuda so‘z ochgani, boshlangan ishlar shunchaki “ko‘ngilxushlik” emasligini ko‘rsatayotgandek. 

Prezident so‘zi avvalida O‘zbekistonga bosim va tahdidlarga to‘xtaldi. Albatta, bu birinchisi emas, lekin Mirziyoyevning galdagi chiqishida qo‘llagan so‘zlari vaziyatning jiddiy va qaltisligini ifoda etayotgandek, nazarimda. 

“Ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvohmiz.

Afsuski, bunday keng ko‘lamli va o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo‘lgan mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti. 

"Ana shunday g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan to‘g‘ri yo‘lni topish albatta oson bo‘lmayapti”, deydi Prezident so‘zida davom etib. 

Mirziyoyev aynan qanday bosimlarni nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmagan. U O‘zbekiston dunyodagi uzoq-yaqin barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayotganini alohida urg‘ulagan.

Ammo fikrimizcha, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepin kechagina O‘zbekistonni bosib olish haqida aytgan gaplari Prezident Mirziyoyevning ham qulog‘iga yetib borgan. O‘zbekiston rahbarining Prilepinning chiqishidan keyin bosimlar haqida gapirishi tasodifmi yoki aynan uning chiqishiga nisbatan munosabatmi – bu bizga qorong‘i.

Prezident ko‘targan keyingi masala ham tashvish uyg‘otayotgani aniq. Xabaringiz bor, O‘zbekistondagi kriminogen vaziyatni yaxshilash maqsadida 27 noyabrdan Respublikada boshlangan “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri doirasida bir nechta jinoiy guruhlar vakillari qo‘lga olindi. 12 dekabr holatiga ko‘ra, birgina Toshkent shahrining o‘zida 103 nafar shaxs ushlangan, 38 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tezkor tadbir doirasida “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev, “Baxti Tashkenskiy” laqabli Baxtiyor Qudratullayev, “Saidaziz medgorodok” nomi bilan chaqirilgan Saidaziz Saidaliyev va boshqa bir nechta jinoiy olamga aloqador shaxslar qo‘lga olingani aytildi.

“O‘zini “ko‘cha” deb ataydigan jinoiy guruhlar bo‘ladimi, korrupsiyaga berilgan mansabdor shaxslar bo‘ladimi, kim qonunga bepisand qarab, davlat va jamiyatga zarar yetkazadigan bo‘lsa, biz bunga hech qachon jim qarab turolmaymiz”, deydi davlat rahbari. 

Prezidentning qayd etishicha, ko‘chalar, mahallalar, hayot tom ma’noda tinch va toza, jinoyatdan xoli bo‘lishi kerak. “Yangi O‘zbekistonda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar bo‘lishi shart. Va albatta shunday bo‘ladi”, deydi Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan chetdan, ba’zan, hatto, mamlakatning o‘zida ham Konstitutsiya va qonunlarga zid pozitsiyalar ilgari surilayotgani, jumladan, diniy e’tiqod niqobi ostida yoshlarni ma’rifatga emas, jaholatga undash holatlari paydo bo‘layotganiga ham e’tibor qaratdi.

“Bunday vaziyatda jamiyatimizda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishni kuchaytirish, ehtiyotkorlik va ogohlikni oshirish lozim”, deydi Mirziyoyev.

Prezident ziyolilarni tinchlik va bag‘rikenglik muhitini mustahamlashda yanada faol bo‘lishga, o‘zlarining ma’naviy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak ko‘rsatishga chaqirdi.

Mirziyoyevni o‘ylantirayotgan yana bir masala raqobat. Aynan bugungi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohadagi raqobatga tayyorlik? Tayyormizmi? Prezident aynan shu savol bilan zaldagilarga yuzlandi.   

“Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorug‘ dunyoda “o‘zbek”, "o‘zbekistonlik", “O‘zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo‘lsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo‘yicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech bo‘ladi”, deydi Prezident. 

Yuqoridagi ko‘tarilgan masalalar haqida sizning fikringiz qanday? Zamon qaltis, vaziyat kechagidek emas, buni hayotning turli jabhalarida ko‘rib turibmiz. Siz fuqaro o‘laroq, bu savollarga qanday javob berasiz? Xo‘sh, nima qilish kerak? Izohlarda faol bo‘ling.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Shavkat Mirziyoev ko'cha Salimboyvochcha” Baxti Tashkenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing