“Ravshan Zolotoy” kim, u qidiruvdami?

Tahlil

Noyabr oyi oxiridan buyon kunlik xabarlarning asosiysi "qama-qama"lar haqida bo‘lib qoldi. O‘zbekistonda kriminogen vaziyatni yaxshilash maqsadida olib borilayotgan tezkor tadbirlar davomida poytaxtning o‘zida 103 nafar shaxs qo‘lga olindi, 38 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Toshkent shahar IIBBning ma’lum qilishicha bu tadbirlar davom etyapti va hali ham qidiruvdagilar bor. 

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti va Butunjahon boks kengashi oliy kengashi a’zosi G‘ofur Rahimovning jiyani, “kriminal avtoritet” sifatida ko‘riladigan “Ravshan Zolotoy” nomi bilan tanilgan – Ravshan Muhiddinovni qo‘lga olish uchun katta guruh Turkiyaga ketgani haqidagi gap-so‘zlar bolalagandi. 

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev bu kabi gap so‘zlarga oydinlik kiritar ekan shunday deydi:

“Bu haqda xabar yo‘q. Qidirilayotganlar orasida Turkiyaga qochganlar yo‘q”, deydi Toshxo‘jayev.

Xo‘sh, o‘zi Ravshan Muhiddinov kim, odamlar nima uchun u qidirilayotganini iddao qildi. Endi shunga to‘xtalsak. 

O‘zbekistonlik taniqli tadbirkor G‘ofur Rahimovning jiyani, Ravshan Muhiddinov 1989 yilda Toshkentda tug‘ilgan. U yoshligidan “Ravshan Zolotoy”, Tilla nomini olgan.

Uning tog‘asi bilan mojarolar sabab uni O‘zbekistonga kira olmagani haqida ham mish-mishlar tarqalgan. 

Muhiddinov G‘afur Rahimovga nisbatan tazyiqlar kuchaygan davrda og‘ir jinoyatlarda ayblangan va mamlakatni tark etgan. OAVda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2007 yil 18 yoshda bo‘lgan Ravshan Muhiddinov Jinoyat Kodeksining 242-moddasi (Uyushgan jinoiy guruh tuzish va unga bevosita rahbarlik qilish)da ayblanib, qidiruvga berilgan. U asosan Turkiyaning Istanbul va Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shaharlarida istiqomat qilgan. 2009 yil sentyabrda Interpol orqali qidiruvga berilgan Ravshan Muhiddinov Turkiyaning Istanbul shahrida Otaturk aeroportida hibsga olingan. Shuningdek, hibsga olinganidan so‘ng 3 yil davomida Istanbuldagi Moltepa qamoqxonasida saqlangan va O‘zbekiston tomoni ilgari surgan ayblovlar o‘z isbotini topmagani uchun ozod etilgan. 

Qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra, 2013 yil oktyabrda Birlashgan Arab Amirliklarida takroran hibsga olingan “Ravshan Zolotoy” 2013 yil dekabriga qadar Dubaydagi Al-Avir qamoqxonasida ushlab turilgan va O‘zbekiston tomoni ilgari surgan ayblovlar o‘z isbotini topmagani uchun ozod etilgan.

O‘sha vaqtda OAVga intervyu bergan Ravshan Muhiddinovning otasi Bahodir Muhiddinov o‘g‘liga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini oradan 12 yil o‘tib qayta ko‘rib chiqishni so‘rab, Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga maktub yo‘llaganini aytgan.

“Prezident Shavkat Miromonovichning olib borayotgan siyosatlarini, ko‘pchilik noqonuniy qidiruvga berilganlarning qaytib kelayotganini ko‘rib, Prezidentimiz nomlariga bir iltimosnoma yozgan edik. Unda tergov ishlari qaytadan, odilona ko‘rib chiqilishini iltimos qildik”, degan Muhiddinovning otasi. 

Oradan ikki oy o‘tib, Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi tergovchilari u bilan bog‘lanib, o‘g‘liga nisbatan e’lon qilingan qidiruv olib tashlangani va 12 yil muqaddam qo‘zg‘atilgan tergov ishi qaytadan ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilganini aytgan. “Ravshan Zolotoy”ning otasiga ko‘ra¸ bo‘lib o‘tgan janjalning boshqa ishtirokchilari ham o‘g‘lining janjalga aralashmagani haqida ko‘rsatma bergan.

2019 yilning 11 iyulida “Ravshan Zolotoy” O‘zbekistonga qaytadi. Uning Toshkentga qaytishi arafasida Ichki ishlar vazirligi saytining qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatidan Muhiddinovning ism sharifi olib tashlangan. 

2019 yil 11 iyul kuni O‘zbekistonga qaytgani aytilgan Ravshan Muhiddinov oradan bir necha kun o‘tib, aniqrog‘i 24 iyul kuni yana mamlakatni tark etgani aytildi. Hozirgacha u haqda boshqa hech qanday ma’lumotlar ochiqlanmagan. “Dolzarb 40 kunlik” tezkor qidiruv tadbirlari davomida o‘zini “ko‘cha bolalari” sifatida tutgan bir nechta shaxs qo‘lga olinib, “Ravshan Zolotoy” ham qidiruvda ekani haqida gaplar paydo bo‘ldi. 

Xo‘sh hozir Ravshan Muhiddinov qidiruvdami?

QALAMPIR.UZ ning huquq tartibot idoralaridagi manbalariga ko‘ra, bugungi kunda “Ravshan Zolotoy” nomi bilan tanilgan Ravshan Muhiddinov qidiruvda emas. Unga qo‘yilgan ayblov 2019 yilda yechilgan va hozirgi kunda O‘zbekistonga kelishiga hech qanday cheklovlar yo‘q.

Muhiddinov ijtimoiy tarmoqlarda u qadar faol emas. U onda-sonda Instagram sahifasida storislar joylab turadi. Facebook'da esa biroz faol. Facebook'dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Muhiddinov Jahon Nogironlar Xayriya Jamg‘armasi vitse-prezidenti. Hozirgi vaqtda Turkiyaning Istanbul shahrida istiqomat qiladi. 

Shuningdek, “Ravshan Zolotoy” ijtimoiy tarmoqlarda u qidiruvda ekani haqidagi xabarlar Toshkent shahar IIBB tomonidan rad etilganiga shunday munosabat bergan:

“Mening tarixiy Vatanim, O‘zbekiston davlati va huquq-tartibot idoralari bilan hech qanday qoidabuzarlik yoki tushunmovchilik yo‘qligini tasdiqlovchi qisqa rasmiy javob! Samimiy tashvish qilganlarga rahmat”, degan Muhiddinov. 

Facebook'da e’lon qilgan video va rasmlaridan u sportni yaxshi ko‘rishini bilish qiyin emas. Doimiy ravishda sportchilarimizni qo‘llab-quvvatlab ularga omadlar tilagan va yutuqlarini o‘zining sahifasida ulashganini ko‘rish mumkin. 

Bundan tashqari, “Ravshan Zolotoy” ko‘pchilik uning nima ish qilishiga qiziqishi haqida yozarkan shunday degan:

“Ishlayotganlarga sharoit yaratib beraman. Lekin, men bu yerga uzoq va mashaqqatli yo‘ldan keldim. Haq Taoloning menga bergan mansabi juda katta mehnat va eng mashaqqatli ishim. Negaki, har kuni turli toifadagi odamlarni – oliyjanob va sotqinlarni uchratib qolaman, ular har kuni mening yo‘limdan borishga, nomimni tuhmat bilan va har tomonlama haqorat qilishga urinmoqdalar. Bugungi kunim uchun, dasturxonim, nonim uchun, Ko‘nglim tinch, hech kimga tegmay, birovnikini tortib olmasdan shu kunga yetganimni bilaman. Men bu dunyoda hamma o‘z cho‘qqilariga bir xil yo‘l bilan, hech kimga zarar yetkazmasdan erishishini istardim”, deb javob bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing