Hukumatlararo komissiyalarning hamraislari maoshining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda qo‘shimcha rag‘batlantiriladi
Jamiyat
−
25 may 2019
4227O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 23 may kuni “O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyalar (qo‘mitalar, kengashlar va ishchi guruhlar)ning O‘zbekistonga oid qismlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qarorga muvofiq, xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik qismidagi faoliyatning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari belgilandi.
Shunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining Xalqaro hamkorlik bo‘limiga qo‘shimcha 3 ta shtat birligi kiritildi.
Qaror bilan quyidagi nizomlar tasdiqlandi:
• O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyalar (qo‘mitalar, kengashlar va ishchi guruhlar)ning O‘zbekistonga oid qismlari to‘g‘risidagi;
• Xorijiy mamlakatlar va tashkilotlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik hamkorlik masalalari bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi.
Hukumatlararo komissiyalarning O‘zbekistonga oid qismlari tarkibi Bosh vazir tomonidan tasdiqlanadi.
2019 yil 1 iyuldan hukumatlararo komissiyalarning hamraislari va a’zolariga lavozim maoshining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda moddiy rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo‘llash tartibi joriy etiladi.
Mazkur komissiyalarning samaradorligi va natijadorligini baholashning asosiy mezonlari etib quyidagilar belgilandi:
• xorijiy hukumatlar bilan mavjud masalalarni hal qilishga yo‘naltirilgan kelishuvlar soni;
• “biznes forumlar” doirasida jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hamda tuzilgan eksport kontraktlari hajmi;
• oliy va yuqori darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha kompleks masalalarning hal qilinishi.
LiveBarchasi