Sergelida qancha boyliklar yonib ketdi?
3-sahifa
−
30 Sentabr 2023
1688328 sentyabrdan buyon ommaviy axborot vositalari Sergeli tumanida yuz bergan kuchli portlash haqida yozmoqda. Hozirgacha bu fojia oqibatida qancha uyga zarar yetgani, portlash sodir bo‘lgan hudud yaqinidagi fuqarolarning uyi ta’mirlanayotgani va bir nafar bola vafot etgani haqida ko‘p gapirildi. Portlagan ombor kimga tegishli, u yerda nimalar saqlangan va tungi navbatchilikda bo‘lgan xodimlar tirik qolganmi, degan savollarga hanuz aniq javob yo‘q. QALAMAPIR.UZ bugun, 30 sentyabr kuni portlash sodir bo‘lgan “Inter Logistics” MCHJ hududida bo‘ldi va ushbu savollarga javob topishga harakat qildi.
Yuridik shaxslar yagona reyestridagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Inter Logistics” MCHJ 2016 yilda ro‘yxatga olingan. Kompaniya noturar joy binolarini ijaraga berish va boshqarish bilan shug‘ullanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Inter Logistics” MCHJga tegishli hududdagi tijorat omborining umumiy maydoni 20 ming kv metrdan ziyod. MCHJga tegishli yer maydonida bojxona ombori ham bo‘lib, u 12 850 kv metrni tashkil etadi. Bu ombor tadbirkorlarning O‘zbekistonga olib kelgan va “rastamojka” qilinmagan tovarlarini o‘zaro kelishuv asosida saqlab turadi. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Inter Logistics” MCHJ hududidagi barcha ochiq va yopiq turdagi omborlarda bojxona rasmiylashtiruvchidan o‘tgan mahsulotlar saqlanadi.
“Inter Logistics” MCHJda bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat olib boradigan Baxtiyor Zaynuddinovning aytishicha, bu ombor Bojxona organlaridan litsenziya olgan holda ishlaydi.
“Tijorat omborlarining bojxona omborlaridan farqi shuki, tijorat omboridagilar joyni shartnoma asosida ijaraga olib ishlatadi. Bu yerda nafaqat xorijdan olib kelingan, balki o‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlar ham saqlanadi. 28 sentyabr kuni sodir bo‘lgan portlash tijorat omborida yuz bergan. (!) U yerda qanday mahsulotlar saqlangani haqida batafsil ma’lumotim yo‘q. Bizni javobgarligimiz Bojxona omborga bog‘liqligi sababli u yerga kirish va aralashishga vakolatimiz yo‘q. Hududdagi uchta bojxona omboriga hech qanday talafot yetmagan”, deydi Baxtiyor Zaynuddinov.
“Quruvchilar” dahasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda.
QALAMPIR.UZ “Inter Logistics” MCHJ hududida tungi navbatchilikda ishlagan qorovullarning ahvoli bilan qiziqdi.
“Bizda qo‘riqlash xizmati umumiy. Tijorat va bojxona omborlari umumiy shaklda qo‘riqlanadi. Holat sodir bo‘lgan tunda navbatchilikda uch yoki to‘rt nafar yigit bo‘lgan. Ularga hech narsa qilmagan. Barcha bojxona omborlarini kuzatish mumkin. Barcha ma’lumotlar ochiq berilmoqda va hech narsa yashirilgani yo‘q. Yigitlarning ahvoli yaxshi, ularning hammasi ishini davom ettirmoqda”, deydi bo‘lim boshlig‘i.
O‘zbekistonga olib kelinib, hali "rastamojka"dan o‘tmagan avtomobillar saqlanadigan Bojxona ombori 4,5 ming kv metrni tashkil etadi. Afsuski, portlash sodir bo‘lganida shikastlangan avtomobillar ham yo‘q emas. Voqeadan so‘ng har bir avtomobil xatlovdan o‘tkazilib, shikastlanganlariga alohida belgilar qo‘yilgan.
Portlash nimadan kelib chiqqani, yong‘inda qancha mol-mulk zarar ko‘rgani va boshqa savollarga javob olishning imkoni bo‘lmadi. Hozirda holat yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va ”b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, batafsil ma’lumotlar taqdim etiladi. QALAMPIR.UZ bu mavzuga yana qaytadi.
QALAMPIR.UZ'ning voqea joyidan tayyorlagan reportajlarini YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi