Xitoy Hindiston hududini egallab olmoqchimi?

Tahlil

image

Zamonaviy geosiyosatda bir qarashda Hindiston va Xitoy ko‘plab umumiy manfaatlarga egadek ko‘rinadi. Biroq bu ikki geosiyosiy kuch ba’zi masalalarda hali ham kelisholmaydi. Masalan joriy yilning avgust oyida Yohannesburgda bo‘lib o‘tgan BRICS sammiti oldidan ham ikki davlat rahbarlari o‘rtasida “kichkinagina” nizo kelib chiqqan edi. Bunda dastavval Xitoy rahbari Si Szinpin Hindiston bilan chegaradagi nizo sabab sammitga kelishdan bosh tortgandi. Ammo uning arazi uzoqqa cho‘zilmagan, Szinpin sammitga baribir kelgandi.
Aslida G‘arbga qarshi blok bo‘la olishi mumkin bo‘lgan Xitoy va Hindiston nega o‘zaro janjallashaveradi? Bu kelishmovchilik ortida nima yotibdi? Ushbu maqolada shu haqida so‘z yuritamiz.

Chegara bahslari 

Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi tortishuvlarning asosiy manbalaridan biri bu ularning bahsli chegara hududlaridir. Har ikki davlat o‘z chegaralarini demarkatsiya qilish bo‘yicha uzoq yillik kelishmovchiliklarga ega. Bu hududlarda tez-tez to‘qnashuvlar va qarama-qarshiliklar sodir bo‘lib turibdi va bu ikki xalq o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayishiga ham olib kelmoqda.

Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi chegara bo‘yicha kelishmovchiliklar ancha oldin, aniqroq qilib aytganda, 1962 yildan boshlangan. Ushbu muammo sodir bo‘layotgan hududni ikki qismga bo‘lish mumkin:

1)    Dengiz sathidan ancha balandda bo‘lgan va Xitoy Sinszyan-Uyg‘ur viloyatining bir qismi sifatida idora qiladigan Aksay Chin o‘lkasidir. Hindiston bu hududni uzoq vaqtdan beri Ladax viloyatining bir qismi sifatida da’vo qilib keladi. Ushbu hududda ko‘p aholi istiqomat qilmaydi va asosan tog‘liklardan iborat.

2)   Arunachal Pradesh o‘lkasi esa Hindiston hukumati tomonidan idora qilinib, 1914 yil Britaniya Hindistoni va Tibet davlatlari o‘rtasida imzolangan Simla konvensiyasiga ko‘ra, mazkur hudud Britaniya Hindistoni ixtiyoriga o‘tgan. Ammo ushbu konvensiya Xitoy ishtirokisiz imzolangani uchun Pekin uni tan olmaydi.
1962 yilda bo‘lib o‘tgan Xitoy-Hind urushi ham aynan mazkur hududlar sabab ro‘y bergan. O‘shanda Xitoy qo‘shinlari Ladaxdagi Hindiston chegara postlariga hujum qiladi va sharqda Arunachal Pradesh o‘lkasidagi Makmaxon chizig‘ini kesib o‘tadi. 1967 yilda ham ushbu mintaqada qisqa muddatli chegara to‘qnashuvi bo‘lib o‘tgan. 2020 yilda esa ushbu hududlar aholisi o‘rtasida mushtlashuvlar ro‘y bergan va iyun oyida o‘nlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan.

Xitoy Hindiston hududini egallab olmoqchimi?

Shu yilning 9-10 sentyabr kunlari Hindistonda o‘tkazilgan G20 sammiti oldidan ham bu ikki davlat hukumatlari o‘rtasida yana kelishmovchilik yuzaga kelgandi. Bu safar ham nizoning kelib chiqishiga chegaralar sabab. 

Xitoy tabiiy resurslari vazirligining yaqinda ishlab chiqilgan xaritasiga ko‘ra, Aksay Chin va Arunchal Pradesh o‘lkalari Xitoy hududiga kiritilgan holda tasvirlangan. Hindiston darhol rasmiy munosabat bilan chiqib, Xitoyning bu da’vosini rad etdi.

“Bugun biz diplomatik kanallar orqali Xitoy tomoniga Hindiston hududiga da’vogarlik qilayotgan Xitoy 2023 yilgi “standart xaritasi” bo‘yicha keskin noroziligimizni bildirdik. Biz bu da’volarni rad etamiz, chunki ular hech qanday asosga ega emas. Xitoy tomonining bunday qadamlari chegara masalasini hal qilishni qiyinlashtiradi”, dedi seshanba kuni Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Arindam Bagchi.

Xitoy “o‘z qaramog‘ida” deb hisoblayotgan Zangnan (Janubiy Tibet) mintaqasi va Aksay Chin mintaqasini Hindiston o‘z hududi deb da’vo qilgan va qat’iy norozilik bildirgan. Shundan so‘ng, 30 avgust kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi tegishli tomonlarni, aynan Hindistonni ob’ektiv bo‘lishga va Xitoyning yangi 2023 yilgi “standart milliy xaritasi”ni ortiqcha talqin qilishdan tiyilishga chaqirib chiqdi.

Hindiston mediyasiga ko‘ra, tashqi ishlar vazirligi vakili Hindiston Xitoy tomonining da’volarini rad etishini va “diplomatik kanallar orqali keskin norozilik” bildirganini aytgan.

Bunga javoban, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin 30 avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida yangi standart milliy xaritani chiqarish “Xitoyning qonunga muvofiq suverenitetini amalga oshirishdagi odatiy amaliyoti” ekanligini aytgan.

“Umid qilamizki, tegishli tomonlar ob’ektiv va xotirjam bo‘lib, masalani ortiqcha talqin qilishdan tiyiladi”, degan u.

Bu janjal XXR raisi Si Szinpin 23 avgust kuni BRIKS sammiti doirasida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashganidan so‘ng yuzaga keldi. Uchrashuv chog‘ida Si Szinpin ikki tomon o‘zlarining umumiy manfaatlarini hisobga olishi kerakligini ta’kidlagan. Xitoy Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, chegaradosh hududlarda tinchlik va osoyishtalikni birgalikda himoya qilish uchun o‘zaro munosabatlar va chegara masalasini to‘g‘ri hal qilish lozim.

“Xitoy-Hindiston munosabatlarini yaxshilash ikki mamlakat va xalqlarning umumiy manfaatlariga xizmat qiladi, shuningdek, dunyo va mintaqa tinchligi, barqarorligi va rivojlanishiga xizmat qiladi”, dedi Xitoy rahbari.

Ammo Xitoy rahbari Si Szinpin ishtirok etishi kerak bo‘lgan Nyu-Dehlidagi “G20” sammiti oldidan Hindiston hukumati Filippin, Malayziya va Tayvan qatorida norozilik bildirgandi. Shundan so‘ng geosiyosiy strateglardan biri Velina Chakarova Hindiston hukumati tomonidan 2030 yilgacha tuzilgan xaritani taqdim etdi. Bu xaritada esa endi Xitoy hududlari Hindistonnikiga qo‘shib yuborilgandi.
 

“Xitoy Hindistonni “xolis va xotirjam bo‘lishga” va Xitoyning yangi xaritasi masalasini “ortiqcha talqin qilishdan” qochishga chaqirganidan so‘ng, Hindiston endi o‘z xaritasini nashr etdi. Ushbu xaritani kim qilgan bo‘lsa, u geografiyani juda yaxshi bilmas ekan”, deya yozdi u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida. 

Biroq mazkur xarita haqiqatdan ham Hindiston hukumati tomonidan ishlab chiqilganmi, bu aniq emas edi. Chunki rasmiylar yangi strategik xarita haqida og‘iz ochmagandi. Shunday bo‘lsa-da Hindistonning 2030 yilgi “yangi xaritasi” ekani aytilayotgan surat ko‘plab muhokamalarga va noroziliklarga sabab bo‘ldi. Chunki bu safar xaritada Xitoyning butun boshli hududi, qolaversa, Pokistonning bir qismi ham qushib yuborilgandi. Lekin mazkur xaritasiz ham Pokiston Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi doimiy kelishmovchilikning bir omili bo‘lib kelayotgandi.

Teng manfaatli Pokiston

Bu ikki mamlakatning o‘zaro ziddiyatga borishiga Pokiston ham sabab. Xitoyning ham, Hindistonning ham teng manfaatlari aynan Pokistonga kelib to‘qnashgan.

Xitoy Pokistonga asosiy qurol yetkazib beruvchi mamlakat hisoblanadi va uning iqtisodiyotiga, ayniqsa, Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori (CPEC) orqali katta miqdorda sarmoya kiritgan. O‘z o‘rnida Hindiston buni o‘z xavfsizligiga tahdid deb biladi va Xitoyning Pokistonni qo‘llab-quvvatlashini mintaqada tinchlikka to‘siq deb o‘ylaydi. 

Ammo Pokiston Xitoy uchun eng asosiy iqtisodiy hamkorlardan biri. 1960 yildan beri Xitoy Pokiston iqtisodiyotga milliardlab dollar sarmoya kiritib kelmoqda. So‘nggi 26 yil ichida Xitoyning Pokistonga eksporti 616 million dollardan 23,5 milliard dollargacha, ya’ni yillik 15% ga oshdi. 2021 yilda Pokiston esa Xitoyga 3,25 milliard dollar eksport qilgan. 

Shuningdek Xitoyning Pokiston bilan qalin aloqalari ortida juda katta strategik manfaatlar ham yotibdi. Xususan, Xitoy Pokistonni Hindistonning mintaqaviy ta’siriga qarshi kurashda hal qiluvchi sherik sifatida ko‘radi. Xitoy Pokistonni qo‘llab-quvvatlash orqali Hindistonning mintaqadagi kuchini muvozanatlash va uning hukmron o‘yinchiga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslikni maqsad qilgan. Xitoyning Kashmir masalasida Pokiston pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashi ham Hindistonni mojaroda ushlab turish, resurslari va e’tiborini boshqa muammoga yo‘naltirish orqali o‘z strategik manfaatlarini ko‘zlamoqda. 

70-yillardan beri Xitoy Pokistonning yadroviy va raketa dasturlarida muhim rol o‘ynadi. Xitoy Pokistonga yuqori darajada boyitilgan uran, uranni qayta ishlash uchun zarur bo‘lgan halqa magnitlari va yadro muhandislari uchun ta’lim kurslarini taqdim qildi. Qolaversa, Pokistonning yadroviy bombasi ham Xitoy rejasiga asoslangan deb ishoniladi. 1990 va 1992 yillarda Xitoy Pokistonga 300 km masofaga uchadigan yadroviy quvvatga ega M-11 raketalarini taqdim etgan. Xabar qilinishicha, Xitoy Pokistonni 580 km masofadagi nishonlarga zarba bera oladigan raketa yaratish texnologiyasi bilan ta’minlagan bo‘lishi mumkin.

Pokiston Hindistondan ancha qashshoqroq, havo va quruqlikdagi kuchlari esa kichikroq. Pokiston Hindistonning yadroviy va raketa qurollari uchun sarflagan xarajatlariga teng xarajat qilishi ehtimoldan ancha yiroq. Chunki Hindiston Pokistonga nisbatan kuchini oshirishda davom etadi. Biroq shuni ta’kidlash joizki, Hindiston va Pokiston yadroviy operatsiyalarda tajribasiz hamda ishlab chiqilgan yadroviy doktrinaga ega emas. Shundan xulosa qilish mumkinki, Pokistonni yadroviy qurollantirish Hindistonga o‘z ta’sirini mintaqada yoyishda yaxshigina to‘siq bo‘lishi mumkin. 

Aynan Pokistonni qurollantirish Hindiston uchun mintaqada yaxshigina signal va shu uchun ham Narendra Modi hukumati Xitoyga potensial hamkor sifatida qarolmasligi mumkin. Har ikki mamlakatning umumiy manfaatlari to‘qnash keladigan yana bir hudud esa Tibetdir.

Tibet masalasi

Hindiston o‘zining tarixiy va madaniy ta’sir doirasining bir qismi deb hisoblagan Tibetning Xitoy ixtiyoriga o‘tib ketishi ikki davlat o‘rtasida kelishmovchilikni yanada kuchaytirgan. Hindiston surgundagi Tibet yetakchisi Dalay Lamani boshpana bilan ta’minlagan va quvg‘indagi Tibet hukumatiga Dxaramshaladan faoliyat yuritishiga ruxsat bergan. Shundan so‘ng Xitoy Hindistonni ayirmachilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda aybladi. Bunga javoban Hindiston esa tibetliklarga faqat diniy va madaniy yordam ko‘rsatishini ta’kidlab keladi.

Tarixiy jihatdan olib qarasak, XVIII asrda Tibet Xitoydan de fakto mustaqillikni qo‘lga kiritgan va Dalay Lama rahbarlik qiladigan teokratik hukumatga ega. Biroq 1950 yilda XKP bu yerdagi feodalizmga barham berish va mamlakatni modernizatsiya qilish maqsadida Tibet ustidan hukmronlik o‘rnatgan. Dastavval Xitoy Tibet xalqining turmush darajasini yaxshilash uchun infratuzilma, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga katta sarmoya kiritdi. Keyin esa butunlay Tibetni o‘z hududining bir qismi sifatida e’lon qildi.

Ammo jamoatchilikning fikricha, Xitoy yerda inson huquqlarini buzmoqda. Ayniqsa G‘arb davlatlari ushbu hududda inson huquqlari buzilayotganini xalqaro yig‘inlarda ta’kidlashmoqda. Hindiston ham uzoq vaqtdan beri Tibetni qo‘llab-quvvatlab keladi. Shunday bo‘lsada Hindiston Tibetni Xitoy tarkibidagi avtonom hudud sifatida tan oladi, biroq Tibetdagi inson huquqlarining buzilishi va madaniy bosimdan xavotirda. Dehli, shuningdek, Xitoyning Hindiston hududidagi bir qancha shtatlar bilan chegaradosh Tibetdagi harbiy ishtiroki olib keladigan strategik oqibatlaridan qo‘rqadi.

So‘nggi yillarda Xitoy Tibetdagi ijtimoiy va madaniy nazoratga yondashuvi uchun tanqidga uchramoqda. Hukumat diniy erkinliklar va madaniy amaliyotlarni, xususan, Tibet buddizmi bilan bog‘liq cheklash siyosatini amalga oshirmoqda. Tibet diniy yetakchilarini tanlashda hukumatning aralashuvi, monastirlarni buzish va tibet tilidagi ta’limni to‘xtatish haqida bir nechta tasdiqlanmagan xabarlar mavjud. Shu bilan birga Xitoy ushbu hududda mandarin madaniyati va tilining mavqeyini oshirishga harakat qilmoqda.

Aynan mana shu hudud ham Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi qalinlashib ketishi kutilayotgan munosabatlarga to‘siq bo‘lib turibdi. Etnik va madaniy jihatdan Hindistonga ancha yaqin bo‘lgan tibetliklarga bo‘layotgan bosim sabab Dehli Pekin bilan hech kelisholmayapti.

Xuddi shunday kelishmovchiliklar ortidan esa 9-10 sentyabr kunlari Hindistonda bo‘lib o‘tgan G20 sammitiga XXR rahbari Si Szinpin tashrif ham buyurmadi. Bu sammit muammoni qay darajada yecha olishini vaqt ko‘rsatadi.

Avazbek Mo‘ydinov


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Hindiston Si Tszin'pin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing