Direktorni yo‘qotish kimga kerak?
Tahlil
−
01 Sentabr 2023
1502531 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda qatnashib ta’lim sohasini rivojlantirish, o‘qituvchilar obro‘sini oshirish haqida gapirayotgan bir vaqtda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovga “miltiq bo‘lsa otib tashlang” deb gap qaytargan Sariosiyolik maktab direktori o‘lasi qilib kaltaklandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 28-maktab direktorining kaltaklangani aks etgan suratlar tarqaldi. Unda ayolning ahvoli og‘ir ekanini ko‘rish mumkin. Oradan vaqt o‘tib, direktorning singlisi Prezident Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llab, opasi yollangan o‘qituvchilarning oila a’zolari tomonida ayovsiz kaltaklanganini ma’lum qildi.
“Hurmatli Shavkat Mirziyoyev, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari iltimos sizlardan bizga yordam bering. Bugun 28-maktab direktori yollangan o‘qituvchilarning oila a’zolari tomonidan do‘pposlandi. IIB xodimlari ham, tez yordam ham juda kechikib keldi. Birinchi yordamni biz o‘zimiz berishga majbur bo‘ldik. Tibbiyot muassasasiga zo‘rg‘a yetib keldik. Iltimos bizga yordam bering, bularga qarshi chora ko‘rishingizni so‘rayman”, deyilgan murojaatda.
QALAMPIR.UZ mazkur holat yuzasidan batafsil ma’lumot olish maqsadida direktorning singlisi bilan bog‘landi.
Jabrlanuvchining singlisi Gulruxsor Tursunovaning ma’lum qilishicha, ayolni o‘zi rahbarlik qilayotgan maktabda ishlovchi o‘qituvchi ayolning turmush o‘rtog‘i do‘pposlagan.
“Opamni o‘zi ishlaydigan maktab o‘qituvchisining eri urgan. O‘sha ayol turmush o‘rtog‘ini olib kelib, opamni kaltaklatgan. Sababini bilmayman, lekin erkak kishi ayolni bu darajada urmasligi kerakligini bilaman xolos. Ayol kishini urish u yoqda tursin, unga baland ovozda gapirish ham mumkin emas. Har holda Prezidentimiz shunday qonun qabul qilgan”, deydi u.
Direktorning oila a’zolari uning ahvoli og‘ir ekani va u o‘ziga kelmaganini aytgan bir vaqtda Surxondaryo viloyat prokuraturasi “tilga kirib”, yuqoridagi voqea yuzasidan rasmiy bayonotini e’lon qildi.
Prokuraturaning bildirishicha, direktor tomonidan maktab o‘qituvchisining dars soatlarini asossiz ravishda kamaytirilganligi sababli, o‘qituvchining turmush o‘rtog‘i direktorni urib, tan jarohati yetkazgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga ko‘ra, erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangan. Shuningdek, gumon qilinuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
“Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan”, deyiladi bayonotda.
Prokuraturaning bergan ma’lumotida “ayolga yengil tan jarohati yetkazilgan” deb yozilgan, qolaversa, jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilgandi.
Bu bayonot ortidan tarmoqlar yana jonlandi. Faollar prokuraturaning “ayolga yengil tan jarohati yetkazilgan” degan jumlasi va jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini tanqid qila boshladi.
Bu bayonot ortidan QALAMPIR.UZ bilan bog‘langan maktab direktorining singlisi prokuratura yolg‘on axborot tarqatganini aytdi.
“Shu yerda ichki ishlar, sog‘liqni saqlash xodimlari bor. Hammasini o‘zlari ko‘zlari bilan ko‘rishdi. “Yengil jarohat yetkazgan” deb yozishgan. [Opamning] shu ahvoli yengil jarohatga to‘g‘ri keladimi? Darrov yopish boshlandi. Bulardan o‘lib qutilish kerak tamom. Ayol kishini olib ketadi, qamaydi. To siz xabardor bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda chiqib O‘zbekistonga jar solmaguningizcha hal bo‘lmaydi. Indamasangiz o‘ldirib yuborsa. Biz nima qilaylik. Kim bularni tartibga soladi?”, deydi direktorning singlisi Gulruxsor Tursunova.
Turli tanqidlar ortidan Surxondaryo viloyat prokuraturasi bayonotiga o‘zgartirish kiritdi. “Yengil jarohat yetkazgan” deb yozilgan jumla “urib, tan jarohati yetkazilgan”ga, jinoyat kodeksining 109-moddasi – qasddan badanga yengil shikast yetkazish, qasddan badanga shikast yetkazishga o‘zgartirilgan.
Bayonotdagi jumlalarning o‘zgarishiga ko‘z ham yumarsiz, lekin butun boshli jinoyat kodeksdagi moddaning nomini o‘zgartirish mumkinmi degan savol bizni qiynayapti. Tomosha qilayotganlar orasida advokatlar, yuristlar bo‘lsa bu boradagi bilimlaringiz bilan bo‘lishing, izohlarda faol bo‘ling.
Yuqorida aytganimizdek jamoatchilik faollari holatga o‘z munosabatini bildirmoqda. Tarmoqlar bayram kuni bir ayolning kaltaklanishini muhokama qilyapti. X (sobiq Twitter) foydalanuvchilaridan biri shunday yozadi:
“Avvalo bunda hokimiyatning qo‘li yo‘q, deb umid qilaman-u, lekin hokim bilan bo‘lgan tortishuvdan keyin sodir bo‘lgani, shubhalarni paydo qiladi. Agar shunday bo‘lsa, ular naqadar ojiz ahmoq va yovvoyi ekkanliklarini namoyish etgan bo‘ladi”.
Bir kuzatuvchi esa “Nazoratimga oldim. Vazir. Muhr. Imzo”, deb kinoya ham qilgan.
Yana bir faol “Juda achinarli xabar, har bir oqimga qarshi gapirib qo‘ygan odam bilan bo‘lishi mumkin bu”, deb tvit qoldirgan. Inson huquqlari faoli, “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov voqeadan ajablanmaganini aytmoqda.
“Bu voqeadan umuman ajablanganim yo‘q. Undan ham xunukroq bo‘lishi mumkin edi. Bu holatda voqealar boshidan noto‘g‘ri bo‘lgan. Hokimning jazolanmasligi, direktorning himoyaga olinmagani vaziyatni shu tomonga ketishiga sabab bo‘ldi. Bundan keyin ham ayolning hayoti xavf ostida. Men huquqni muhofaza qiluvchi idoralar biror ayb topib ayolni uzoqroq muddatga qamab yuborishi mumkin deb qo‘rqqandim. Bu ish boshqacha yo‘l bilan qilindi. O‘qituvchining himoyasi shunchaki tildagi gap ekani ayon bo‘lib qoldi”, deydi Tashanov.
Bu orada viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov voqea haqida eshitgach, darrov jabrlanuvchining holidan xabar olish uchun shifoxonaga borgan.
Hokimlik matbuot xizmatining yozishicha, Qosimov boshchiligidagi butun rahbariyat direktor bilan yuz bergan vaziyatdan chuqur afsusda.
Sariosiyo tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari bergan tashxislariga ko‘ra, ayolga “bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, boshning peshona tepa ensa sohasi ko‘plab ezilib yirtilgan jarohatlari, ikkala ko‘z yuqori va pastki qovoqlarga qontalashish” diagnozi qo‘yilgan. Qayd etilishicha, ayolga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo filiali mutaxassislari tomonidan konsultatsiya qilinib, zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Maktab direktorining ahvolini bilish maqsadida singlisi Gulruxsor Tursunova bilan bog‘landik. Uning aytishicha opasi kecha 31 avgust kuni o‘ziga kelgan va suv so‘ragan. Bir ikki qultum suv ichganicha hali ko‘zini ochmagan.
“Hozirgi ahvoli yaxshi. Kecha “suv” deb aytdi bo‘ldi. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov xabar olgani keldi va holatni nazoratga olishini aytgandi. Undan tashqari Sariosiyo tumani hokimi Abduqodir Donayev ham xabar oldi. Bugun ham shu yerda. Bugun ertalabdan alohida katta tez tibbiy yordam mashinasi ajratishdi va 2 ta shifokor nazoratida viloyat tez yordam travmatologiya bo‘limiga olib keldik. Hozir opam shifokorlar nazoratidan o‘tyapti”, deydi direktorning singlisi.
Viloyat hokimi ayolga shikast yetkazgan aybdorning qonunga muvofiq javobgarlikka tortilishini hamda uning to‘laqonli davolanishini o‘z nazoratiga olganini bildirgan.
Eheye shu vaqtgacha qancha ishlar bo‘lmadi va qanchasi nazoratga olinmadi deysiz. Bir voqea sodir bo‘lsa hamma chiqib bayonot beradi, “ish bizning nazoratimizda” deb qo‘yadi. Oradan bir hafta o‘tib, hammasi o‘z holiga qaytadi. Yana “eski tos, eski hammom”.
Mayli nima bo‘lganda ham adolat qaror topishi kerak. Bu ayol bilan bog‘liq nafaqat bugungi balki avvalgi holatlar yuzasidan ham tekshiruv o‘tkazilishi va natija jamoatchilikka ochiqlanishi zarur. Direktorni og‘ir ahvolga solgan erkak jazo olishi va avgust oyining boshida hokim bilan sodir bo‘lgan holat yuzasidan ham tekshiruv o‘tkazilishi, Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov maktab direktorini ishdan bo‘shatgani va maktabda tekshiruv boshlatganini yuqori turuvchi organlar o‘rganishi, hokimning xatti-harakatlariga qonuniy baho berilishi lozim.
LiveBarchasi