Mirziyoyev yana Umrada

Jamiyat

Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan 18 iyul kuni Saudiya Arabistoniga “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi birinchi sammitda ishtirok etish uchun borgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Umra amalini bajardi.

Dastlab bu xaqda Toshkent shahar "Abdulhamid hoji" jome masjidi imom xatibi Jamoliddin Azimov o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi. U sahifasiga “ka’bapo‘sh”ning yangilanayotgani aks etgan videoni joylashtirib, uning ostiga quyidagi izohni yozgan. 

“Darhaqiqat kecha esdan chiqmas tarixiy kecha bo‘ldi... Yutrboshimiz Muftiy hazrat va bir necha yordamchilar bilan Umra amalini bajardilar. O‘z yurting podshohi Ka’bani tavof qilyotganini ko‘rish va ortidan yurish, chinakam inson qalbiga surur zavq bag‘ishlar ekan”, deb yozgan Jamoliddin Azimov

Prezident Administratsiyasi ushbu ma’lumotni tasdiqlab, davlat rahbari lavozimiga saylanganidan keyin ilk xorijiy tashrif bilan Saudiya Arabistonida bo‘lib turgani va muqaddas Makka shahriga borganini malum qildi. 

Qayd etilishicha, 19 iyul - Islom olamida boshlangan hijriy 1445 yil muharram oyining birinchi kunida davlat rahbari ehromga kirib, Umra amallarini bajargan. Yana bir bor Ka’batullohning ichida namoz o‘qish sharafiga muyassar bo‘lgan. 

“Shavkat Mirziyoyev dinimiz arkonlariga muvofiq Baytulloh atrofida yetti bor tavof, Safo va Marva tepaliklari orasida yettita sa’y qildi. Vatanimiz ravnaqi, el-yurtimiz tinchligi va farovonligi, barcha yurtdoshlarimiz, yosh avlodimiz baxtu iqboli va yorqin kelajagini tilab duolar qilindi.

Ta’kidlash joizki, aynan shu kuni Ka’baning kisvasini almashtirish marosimi bo‘lib o‘tdi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati bergan xabarda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga Musulmonlar idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazarov, Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov va kuyovlari – Oybek Tursunov hamda Otabek Umarov hamrohlik qilgan. 

Shuningdek, “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi birinchi sammitda ishtirok etish uchun Saudiya Arabistoniga borgan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ham Umra ziyoratini amalga oshirib, Ka’baga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev esa Madinaga borib, Masjid an-Nabaviyni ziyorat qildi.

Davlat rahbari 19 iyul kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida ishtirok etdi.

Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi Shayx Muhammad bin Salmon Ol Saud raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum, Kuvayt Davlati Amiri o‘rinbosari, Valiahdi shayx Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh, O‘mon Sultonligi Bosh vaziri o‘rinbosari Asad bin Toriq al-Said, Bahrayn Podshohining maxsus vakili Shayx Nosir bin Hamad Al Xalifa hamda Kengash bosh kotibi Jasim Muhammad al-Budayviy ham qatnashdi.

 

Sammitda kun tartibiga muvofiq, konstruktiv siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan. Mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashilgan.

Prezident Mirziyoyev o‘z nutqida Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mintaqasi xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixi uzoq ekanini, yaqin savdo aloqalari, mushtarak qadriyat va an’analar, muqaddas Islom dini ularning asosini tashkil etishini alohida ta’kidlagan. 

Movarounnahr va Arabiston diyorlari o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni rivojlantirishda buyuk mutafakkir va alloma bobolarning beqiyos xizmatlari borligi qayd etilgan. 

“Musulmon dunyosidagi oltita buyuk muhaddisning ikki nafari mintaqamizda tug‘ilib kamol topgani, qadimiy Buxoro esa “Qubbatul Islom” nomi bilan shuhrat qozonganidan g‘ururlanamiz. Ma’lumki, to‘qqizinchi asr boshida Abbosiylar davlatining poytaxtidagi “Donishmandlar uyi” akademiyasi Markaziy Osiyolik 200 dan ortiq allomalar ilmiy faoliyat olib borganlar. Muso Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino kabi ulug‘ allomalarimiz esa bebaho ilmiy asarlarini aynan go‘zal va mukammal arab tilida yaratib, butun dunyoda shon-shuhrat qozonganlar”, deydi O‘zbekiston rahbari.

Hozirgi vaziyatga baho berar ekan, mamlakat rahbari bugungi xavf-xatarlarga qaramay, ikkala mintaqa ham tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot makoni bo‘lib kelayotganini bildirgan. Ayni paytda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz davlatlari bir-birlariga ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida qarayotganini urg‘ulagan.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning Ko‘rfaz mamlakatlari bilan aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. 
Ushbu ijobiy tajribadan kelib chiqib, mintaqalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni bir qator yo‘nalishlarda kengaytirish taklif etilgan.

Davlat rahbari innovatsiyalar, “sun’iy” intellekt, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, “aqlli qishloq xo‘jaligi”, nano- va biotexnologiyalar sohalaridagi hamkorlik platformalari va ishchi mexanizmlarini yaratish zarurligini qayd etgan. Biznes vakillari ishtirokida Qo‘shma investorlar kengashini ta’sis etish va uning dastlabki yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazish tashabbusi ilgari surgan. 

Bundan tashqari, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash sohasida, shuningdek, bunday tahdidlarning internet va vositalar orqali tarqalishidan yoshlarni himoya qilish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligini aytgan. 
O‘zbekiston Prezidenti Afg‘onistonda tinchlikka erishish masalalariga ham to‘xtalib o‘tgan. 

“Bizning mintaqalarimiz tashabbuskor bo‘lib, katta-katta minbarlardan Afg‘oniston muammolariga butun dunyo e’tiborini jalb etishimiz, afg‘on xalqining hayotini yengil qilishga munosib hissa qo‘shishimiz kerak”, degan O‘zbekiston rahbari.

Sammit ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvni Samarqand shahrida o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Mirziyoyev sammit doirasida Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Valiahd O‘zbekiston rahbarini bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan dildan qutlab, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilagan. 

Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, Saudiya Arabistoni rahbariyatiga O‘zbekiston fuqarolari Haj va Umra amallarini ado etishlariga yaratilgan sharoitlar uchun samimiy minnatdorlik bildirgan.

Muzokaralarda O‘zbekiston-Saudiya munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. O‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Uchrashuvda xalqaro siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning amaliy tashrifi yakunlandi, davlat rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing