Nyu-Yorkda terakt uyushtirgan o‘zbek

Tahlil

13 mart kuni AQSHning Nyu-York shtati janubiy okrugi sudi hakamlar hay’ati 2017 yilda Nyu-Yorkdagi portlashni amalga oshirgan asli o‘zbekistonlik Sayfullo Soipovga o‘lim jazosi berilishi bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi va shu bois u umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi. Bu haqda Nyu-York janubiy okrugi prokuraturasi e’lon qilgan bayonotda aytilgan.

Qayd etilishicha, joriy yilning 26 yanvar kuni hakamlar hay’ati Soipovni qotillik, qotillikka urinish va xorijiy terrorchi tashkilotni qo‘llab-quvvatlash kabi 28 ta moddada aybdor deb topgan. Keyin hakamlar hay’ati aybdor shaxs o‘lim jazosiga loyiqmi yoki yo‘qligini ko‘rib chiqqan. Ular bir ovozdan bir qarorga kela olmagani uchun, qonunga ko‘ra, jazo sifatida o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosi bilan almashtiriladi. Sudya bunday hukmni majburiy ravishda chiqarishi kerak va uni yengillashtira olmaydi. Hukmni e’lon qilishning rasmiy tartibi keyinroq amalga oshiriladi.

Aytish joizki, Nyu-Yorkda o‘lim jazosi 50 yildan ortiq vaqt davomida amalga oshirilmagan edi.

Soipov qanday jinoyat sodir etgan?

2017 yilning 31 oktyabr kuni Soipov Pikap mashinasini Gudzon daryosi qirg‘og‘idagi Nyu-York ko‘chalaridan biri bo‘ylab velosipedchilar uchun ajratilgan yo‘lakda katta tezlikda haydab, yo‘liga to‘sqinlik qilganlarning barchasini bosib ketgan. Oqibatda 8 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Pikap veloyo‘lakka chiqib ketgach, maktab avtobusi bilan to‘qnashgan va shundan keyingina to‘xtagan. Politsiya voqeani terakt deb baholagan.

Ayrim manbalarda qayd etilishicha, mashina ichidan tushgan kishi “Allohu Akbar!” deya baqirgan va o‘qotar qurol bilan tahdid qilgan. Ammo politsiyachilar unga o‘q uzishgan va u qornidan jarohat olib, qo‘lga olingan.

Nyu-York politsiyasi vakili pikap haydovchisi 29 yoshli erkak ekanligini va u peyntbol o‘ynashga mo‘ljallangan qurol bilan qurollanganini ma’lum qilgan. Jinoyatni sodir etgan shaxs o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov ekani u 2010 yildan qo‘shma shtatlarga borgani aytilgan.

O‘sha vaqtda teraktni sodir etishda O‘zbekiston fuqarosi gumonlanganiga O‘zbekiston tomoni jim turmadi. Tashqi ishlar vazirligi Sayfullo Soipovning Nyu-Yorkda yuz bergan teraktga aloqadorligini aniqlash maqsadida ma’lumotlarni tekshirishni boshladi.

Bu orada tarmoqlar turli ma’lumotlar bilan to‘ldi. NBC telekanali terakt sodir etganlikda gumon qilinayotgan o‘zbekistonlik 29 yoshli fuqaro Sayfullo Soipov ISHID guruhi a’zosi bo‘lganini malum qildi.

Telekanalga ko‘ra, Sayfullo Soipov o‘zi haydagan kichik yuk mashinasi ichiga o‘zi yozgan xatni tashlab qo‘ygan. Xatda u ushbu qo‘poruvchilik harakatini ISHID nomidan sodir etishi haqida yozgan. Surishtiruvlarda Sayfullo Soipovning 2 nafar kichik yoshdagi bolalari borligi ma’lum bo‘lgan.

Oradan vaqt o‘tib, “Jahon” axborot agentligi 8 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan teraktni sodir etishda gumon qilingan shaxs o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov ekani tasdiqlanganini ma’lum qilgan.

Sayfullo Soipov 1988 yil Toshkent shahrida tug‘ilgani, 2005–2009 yillarda Toshkent moliya institutida tahsil olgani, keyinchalik ish faoliyatini “Sayohat” mehmonxonasida hisobchilikdan boshlagani aytilgan.

O‘zbekiston Respublikasi huquq-tartibot organlari tomonidan Soipov 2010 yilda AQSHga “Grin-kart” lotereyasi orqali viza olib jo‘nab ketgani aytildi. Jinoyat sodir etilgunga qadar terroristik guruh yoxud oqimlar ta’sirida bo‘lgani aniqlanmagan, o‘tgan davr mobaynida u O‘zbekistonga kelmagan va yaqin qarindoshlari bilan uchrashmagan.

Teraktga AQSHning o‘sha vaqtdagi Prezidenti Donald Trampning munosabat bildirar ekan, 8 kishi qurbon bo‘lgan teraktda gumon qilingan Sayfullo Soipovga o‘lim jazosiga loyiqligini aytgandi.

“Hujumdan so‘ng bir necha soatlar o‘tdi, qidiruv-surishtiruv ishlari hamon davom etmoqda. Biz qaysi bandlar bo‘yicha jazo qo‘llashni ko‘rib chiqyapmiz. Ulardan ayrimlari o‘lim yoki umrbod qamoq bilan jazolanishi mumkin”, degan Oq uy rahbari o‘zining Twitter’dagi sahifasida.

Federal qidiruv byurosining o‘sha vaqtdagi ma’lumotlarda Soipovning telefonidan aksari ISHID bilan bog‘liq, xususan, uning ramzi va rahbarlari tasvirlangan 90 ga yaqin video va taxminan 3 ming 800 ta fotomateriallar topilgan.

Hujjatlarga ko‘ra, Soipov omma ustidan kamida bir necha yuz metr yurishni rejalashtirgan, terakt uchun AQSHda ommaviy tarzda o‘tkaziladigan Xellouin bayramini tanlagan.

Dastlabki sud majlislarida o‘z aybini tan olmagan Sayfullo Soipov keyinchalik ISHID terrorchilik guruhi mafkurasi ta’sirida harakat qilganini tan oldi.

Teraktda 8 kishi vafot etgan 12 kishi jarohatlangan va oradan 6 yil vaqt o‘tib, o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

N'yu-York Terakt N'yu-Yorkdagi o'zbekistonlik Sayfullo Soipov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing