Qonunchilikda bo‘shliqlar bor. Senatorlar ko‘zi ko‘kargan ayollar masalasini muhokama qildi
Jamiyat
−
04 mart 2023
5673Ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun qonunchilikda bo‘shliqlar bor. Xotin-qizlar, bolalarga tazyiq o‘tkazish yoki boshqa zo‘ravonlik holatlarini batamom yo‘q qilish kerak. Bu haqda, 3 mart kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida aytib o‘tdi.
Ayollar va bolalar huquqlari buzilayotganiga to‘xtalgan Norboyeva Senatda mas’ul vazirlik, idoralar, nodavlat tashkilotlar, ekspert va jamoatchilik faollaridan iborat xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jumladan, voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan tegishli o‘rganishlar, tahlillar olib borilganini ma’lum qildi.
“Xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini himoya qilish, voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Muhokamalar, muloqotlar natijasida sohani tartibga soluvchi qonunchilikda bir qator bo‘shliqlar va muammoli masalalar mavjudligi aniqlandi. Bu borada Ishchi guruh tomonidan sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga batamom chek qo‘yishga qaratilgan sa’y-harakatlarimizni tizimli davom ettiramiz. Xotin-qizlar, bolalarga tazyiq o‘tkazish yoki qandaydir zo‘ravonlik holatlarini – hammasini qonunchilikni takomillashtirish orqali batamom to‘xtatishimiz kerak”, deydi Senat raisi.
Ayollar va bolalar huquqlari masalasida so‘z olgan Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyev zo‘ravonlik jinoyatini sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasiga to‘xtaldi.
“O‘tkazilgan o‘rganishlar sohani tartibga soluvchi qonunchilikda bir qator bo‘shliqlar va muammoli masalalar mavjudligini ko‘rsatdi. Xususan, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishga oid bir qator muhim va hozirgi kunda dolzarb bo‘lgan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlik, shahvoniy shilqimlik, oiladagi zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik kabi tushunchalar qonunchilikda mavjud emasligi aniqlandi.
Shuningdek, so‘nggi vaqtda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan turli xildagi zo‘ravonlik ko‘rinishlari o‘sib borishi bunday turdagi jinoyatlarga nisbatan yengillashtiruvchi me’yorlarni bekor qilish hamda javobgarlikni yanada kuchaytirishni talab qilmoqda”, deydi Senator Shuhrat Cho‘lliyev.
Ma’lumotlarga ko‘ra, nomusga tegish jinoyati bo‘yicha:
2020 yilda – 156 ta;
2021 yil – 243 ta;
jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyati bo‘yicha:
2020 yilda – 154 ta;
2021 yil – 208 ta holat qayd etilgan.
Hozirgi kunda qonunchilikdagi kamchiliklar to‘ldirilib, qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida muhokama qilinmoqda.
Qonun loyihasi 28 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi yig‘ilishida birinchi o‘qishda muhokama qilindi. Qonunchilik palatasi deputati – “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov pedofillarni bichishni, ularning ro‘yxatini e’lon qilib borishni va maktabdan uzoqda yashashini ta’minlashni taklif qildi. Loyihaning to‘liq matni bilan havola orqali tanishing.
LiveBarchasi