Yangi qonun loyihasi: zo‘ravonlarga jazo kuchayadi

Jamiyat

Deyarli har kuni ayollarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘lgani haqidagi xabarlarga ko‘zimiz tushadi. Xabarlar kundan-kunga ko‘payib bormoqda va holatlar vahshiylashayotgandek. Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, birgina 2021 yilning o‘zida 15 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan ayollarga yaqin sherigi hisoblanmagan shaxslar tomonidan 161 ta zo‘rlik sodir etilgan. Jinsiy sheriklari tomonidan jinsiy yoki jismoniy zo‘rlanishga duchor bo‘lgan 15-49 yoshdagi ayollar soni 94 nafarni tashkil etadi.

  • Oliy sud bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda 469 nafar odam voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun jazoga tortilgan.
  • Ulardan 23 nafari – 14 yoshga yetmagan shaxsning nomusiga tekkan va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi – nomusga tegish;
  • 99 nafar – o‘n to‘rt yoshga to‘lmagani ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan ayblanib, JKning 119-moddasi – jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish;
  • 249 nafari – 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilgani uchun JK 128-moddasi – o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish;
  • 7 nafar shaxs – o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilganlik uchun JK 128-moddasi – o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish;
  • 91 nafar shaxs – o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etgani uchun JK 129-moddasi – o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish moddasi bilan javobgarlikka tortilgan.

Ayollar va bolalarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy tazyiqlar har qancha qoralanmasin, qo‘sha-qo‘sha vazirlik, tashkilot yoki qo‘mitalar tashkil qilinmasin, jinoyat sodir etgan shaxslar jazodan qutilib yoki yengil jazo berilgani uchun xulosa chiqarmayotgandek. Oqibatda esa atrofizni ayollar va norasida go‘daklar xo‘ngrashi tutmoqda. 

Jamoat faollari esa ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlar uchun jazo choralarini kuchaytirish va qonunchilikka o‘zgartishlar kiritishni taklif qildi.
 
“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga yuborilgan. Xo‘sh, undan qanday o‘zgarishlar joy olgan? Nemolchi.uz O‘zbekiston qonunchiligida yuz berishi mumkin bo‘lgan eng muhim 7 ta o‘zgartirishni e’lon qildi.

Qonunga uy zo‘ravonligi haqida alohida modda qo‘shilishi mumkin.

Mutaxassislar va xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonni oiladagi zo‘ravonlikni kriminallashtirishga bir necha bor chaqirgan bo‘lsa-da, ayni paytda qonunchiligimizda oila a’zolariga nisbatan zo‘ravonlik notanish shaxslarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlikka tenglashtirilib ko‘rib chiqiladi. Bunda oilaviy zo‘ravonlik qurbonining uzoq payt davomida psixologik va oiladagi boshqa turdagi qaramlik hisobga olinmayapti.

Jinsiy jinoyatlarning barcha shakllari uchun jazoni kuchaytirish taklif etilmoqda.

Jazo muddatini uzaytirish nafaqat jinoyatchilarni jazolash, balki jinsiy erkinlikka tajovuzni og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazishga yordam beradi. Masalan, og‘irlashtiruvchi holatlarsiz nomusga tegish uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish taklif qilinmoqda (hozir 3 yildan 7 yilgacha jazo beriladi).

Qarindoshlar, qarmog‘idagi bolalarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat sodir etish jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb hisoblanadi.

Jinoyat kodeksining amaldagi tahririda qarindoshlar va notanishlarga nisbatan zo‘ravonlik teng ko‘riladi. Vaholonki, yaqin odamning jinoyat sodir etish va uni tizimli ravishda takrorlash imkoniyati ko‘proq.

Voyaga yetmaganlarni tarbiyalash, o‘qitish yoki parvarish qilish bilan shug‘ullanadigan shaxslar tomonidan zo‘rlash yoki jinsiy aloqa qilish og‘irlashtiruvchi holat toifasiga kiritilishi mumkin.

Bugungi kunda Jinoyat kodeksida barcha jinoyatlar teng ko‘rib chiqiladi, bolaga ta’sir o‘tkazadigan va u bilan to‘sqinliksiz muloqot huquqiga ega bo‘lgan shaxs kattaroq javobgarlikka tortilishi kerakligi hisobga olinmaydi.

Voyaga yetmaganlarning jinsiy erkinligiga qarshi ayrim jinoyat turlari kriminallashtirilishi mumkin.

Loyiha tomonidan internetdan foydalangan holda voyaga yetmaganlarni jinsiy aloqaga undash moddasini kiritish taklif qilinmoqda. Bu hozirgi vaqtda qonun bilan tartibga solinmagan bolalarga qarshi kiber jinoyatlarning ko‘pchiligini oldini oladigan modda bo‘lishi mumkin.

Stalking va ta’qib uchun javobgarlik kiritilishi mumkin.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shaxsni ta’qib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi moddani kiritish taklif etilmoqda. Bugungi kunda ruhiy zo‘ravonlikning bu turi alohida jinoyat turi sifatida jazolanmaydi, ta’qibchi qo‘pol harakatlar, masalan, kaltaklash va mulkka zarar yetkazmaguncha javobgarlikka tortilmaydi.

Jinsiy ta’qiblar uchun javobgarlik kiritilishi mumkin.

Deyarli har bir ayol duch kelgan tegajaklik, ketkolling va ta’qiblar ma’muriy jazoga tortilishi mumkin. Ayni paytda bunday xati-harakatlari uchun jinoyatchi faqat bezorilik moddasi jazolanishi mumkin.

O‘zgartishlar nafaqat fuqarolar xavfsizligini yaxshilash, balki mamlakatni MDHda ayollar va bolalarni himoya qilish sohasida birinchilar qatoriga olib chiqadi. Loyihaning to‘liq matni bilan havolalar orqali tanishing.

Mavzuga befarq bo‘lmang. Ayollarga nisbatan xizmatkordek, buyumdek munosabatda bo‘lishni bas qiling. Har qaysi ayolning mehr va muhabbatga ihtiyoji borligini unutmang. Bu bilan juda bo‘lmaganda o‘z uyingizdagi ayollar, xotin-qizlarga nisbatan hurmatni shakllantirgan bo‘lasiz.  


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing