Xalq o‘z “qahramon”larini tanisin. Qishni barbod qilganlar

Jamiyat

15 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Ushbu yig‘ilishda Prezident dekabr avvalida kuzatilgan anomal sovuqda kimlar aybdor ekanini, xalq kimlarni yaxshi tanib olishi kerakligini ochiq-oshkora, nomma-nom aytdi.

Shuningdek davlat rahbari so‘zida davom etib, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, “O‘zbekneftgaz” AJ raisi Mehriddin Abdullayev, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ raisi Farhod Abdurahmonov, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ raisi Dadajon Isaqulov, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ raisi Ulug‘bek Mustafoyev, “O‘ztransgaz” AJ raisi Bekzod Normatov, “Hududgazta’minot” AJ raisi Bahodir Eshmurodovga hayfsan berdi. Davlat rahbari ularning egallab turgan lavozimiga qanchalik loyiqligi bo‘yicha ham o‘ylab ko‘rishini aytdi.

“Agar ular odamlarni aniq reja va tahlil bilan ogohlantirganida, adolatli haqiqatni aytganida, odamlarimiz to‘g‘ri tushunib, norozi bo‘lmas edi”, deydi Prezident.

Ramatov va boshqa nomi tilga olingan rahbarlarga ikki oy davomida favqulodda rejimda ishlashga topshiriq berildi.

Yig‘ilishda bugungi og‘ir vaziyatda elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanishlar, o‘g‘irliklar davom etayotgani, bunga joylardagi rahbarlar befarq va sherik bo‘layotganiga chidab bo‘lmasligi qayd etildi.

“Lekin bir hafta bo‘lgan sovuqda O.Ramatov, M.Abdullayev, F.Abduraxmanov, D.Isakulov, U.Mustafoyev, B.Normatov, B.Eshmurodov, viloyat, tuman, shahar hokimlari va sektor rahbarlari pastda ishlamagani ko‘rinib qoldi. 

Ular qishga tayyorgarlikni barbod qildi, shuncha qilayotgan islohotlarimizni obro‘sizlantirdi.

Vaholanki, ularning tizimida 115 mingdan ziyod xodimlardan iborat katta armiyasi bor. Ular ham oylik oladi”, deydi Prezident.

Dekabr oyi boshidan qariyb 3 mingta, so‘nggi ikki kunda esa 1,5 mingta bunday holat aniqlandi. Ular ayniqsa, Farg‘ona (617 ta), Andijon (325 ta), Samarqand (252 ta), Namangan (220 ta), Sirdaryo (218 ta), Toshkent shahrida (269 ta) ko‘p.

Misol uchun, elektrdan 8 million kilovatt o‘g‘irlangan, bu – kuz-qish mavsumida 41 ming hovli uylarning bir oylik iste’moliga teng.

Shu bilan birga, 11,5 million kub metr yoki 19 ming xonadonning bir oylik iste’moliga teng tabiiy gaz noqonuniy ishlatilgani aniqlangan.

O‘tgan hafta Namanganda 110 tonna, Qoraqalpog‘istonda 22 tonna aholiga berilishi kerak bo‘lgan ko‘mir noqonuniy ravishda sotib yuborilgan.

Prezident bu borada Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga alohida topshiriq berdi.

Yig‘ilishda hokimlar, sektor rahbarlari hamma kuchini safarbar qilib, sharoit og‘ir mahallalarda odamlarni rozi qilish bilan shug‘ullanishi kerakligi ta’kidlandi.

Umuman, energiya resurslari ta’minotidagi bugungi vaziyat tarmoq va hudud rahbarlari uchun katta saboq bo‘lishi lozimligi, energetika ta’minoti “qo‘l boshqaruvi” orqali emas, tizim asosida ishlashi kerakligi urg‘ulandi.

Ikki oy muddatda energiya ta’minoti tizimini o‘zgartirish, yangi talablarga moslashtirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish vazifasi qo‘yildi.

Ai-80 markali benzin narxini tushirish uchun 1 martgacha joriy etilgan aksiz solig‘idan ozod qilish imtiyozi joylarda “o‘yinga aylanib ketmasligi” kerakligi qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident o‘tgazgan yig‘ilishda Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida yana 6 mas’ul rahbarga hayfsan berilishi Prezident muammoni chuqur o‘rgangani va vaziyatga xolis yondashayotganidan dalolat. Har holda kechagi yig‘ilish mamlakatdagi energetika inqiroziga va energiya resurslarining o‘g‘irlab ishlatilishiga faqatgina “Hududgazta’minot”ning Toshkent viloyati filiali direktori sababchi emasligini tasdiqlagandek. Aytganlarimning mazmunini unchalik tushunmay qolgan bo‘lishingiz mumkin.

Gap shundaki, o‘tgan hafta oxiri, 11 dekabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov raisligida o‘tgan yig‘ilishda “Hududgazta’minot”ning Toshkent viloyati filiali direktori qamoqqa olingani aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda Bosh prokurorning ma’lum qilishicha, “Hududgazta’minot” AJning Toshkent viloyati bo‘yicha tarkibiy bo‘linmasi bo‘lgan “Hududgaz Toshkent” filiali direktoriga nisbatan jinoyat ishi ochilgan hamda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Buni esa mamlakatning rasmiy axborot agentligi O‘zA va boshqa ommaviy axborot vositalari aybsizlik prezumpsiyasini mensimay, qo‘lga olingan shaxsning surati va ism-familiyasi bilan e’lon qildi. Bu esa O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga zid. Ushbu moddaga asosan, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasiga asosan, Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

energetika svet gaz

Baholaganlar

290

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing