Dunyoda Rossiya, AQSH va Yevropa davri tugayapti

Intervyu

Dunyoda Yevropa, AQSH, Rossiyaning o‘rni va ta’sirchanligi tobora kamayib boryapti. Bu haqda siyosatshunos, professor Sayfiddin Jo‘rayev Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti oldidan QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi. 

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar keng iqtisodiy sharoitlarda yangi transport koridorlarini qidirishmoqda, jumladan O‘zbekiston ham. O‘zbekiston so‘nggi yillarda Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyoga va Qirg‘iziston orqali Xitoyga chiqadigan yo‘llarni qurishni rejalashtirmoqda. Ammo ko‘p hollarda mazkur transport yo‘laklari bir-biriga nisbatan nizoli vaziyatda bo‘lgan mamlakatlar hududlari orqali o‘tadi. Turkiy davlatlar tashkiloti va uning dasturi bu yo‘laklar xafsizligini qanchalik kafolatlay oladi? QALAMPIR.UZ muxbiri Shahzod Nusratullayev ushbu savol bilan siyosatshunos olim, professor Sayfiddin Jo‘rayevga yuzlandi. 

“Shuni aytib o‘tish kerakki, konflikt bo‘lgan yoki doimiy ravishda qaysidir kuchlar ijobiy ishlarga qarshilik ko‘rsatadigan holatlar tabiiy jarayondir. Buni hisobga olib, bu kabi loyihalarni, ijodiy ishlarni amalga oshirmaslik mantiqqa zid. Shu nuqtayi nazardan, dunyoning so‘nggi 30 yillini olib qaraydigan bo‘lsak, o‘ziga xos davr boshlandi. Oldingidek xalqaro munosabatlarda mustahkam ikki qutblilik tugab, o‘rniga yangi davr boshlanyapti. Deylik, shuning bir tomonida, Osiyo mamlakatlarida, turkiy tillik davlatlarning mustaqillikka erishishi va ular o‘rtasidagi aloqalarning yangi bosqichga olib chiqish, jumladan transport koridorlarini rivojlantirish masalalari kun tartibiga qo‘yilgan. 

Shu tashkilot doirasida birinchi navbatda transport koridorlari masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi bitta. Markaziy Osiyo mamlakatlari, nafaqat O‘zbekiston,balki Ozarbayjon ham dunyo bozoriga mahsulotlarini olib chiqish uchun geosiyosiy xalqadan chiqib ketishi kerak. O‘zbekistonni oladigan bo‘lsak, Yevropaga yetib borish uchun 24 kun kerak yoki Yaponiyaga borish uchun taxminan shuncha vaqt kerak. Shunday ekan, Markaziy Osiyo davlatlarining manfaatlari to‘g‘ri kelyapti. Birinchidan, Qirg‘iziston orqali Xitoyga, ikkinchidan Ozarbayjon orqali Turkiyaga chiqish bu qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Ya’ni mahsulotlarni olib chiqish va qaytarib olib kelish uchun. Shunday ekan, ushbu jarayonlarni loyihalshtirishdan to oxirgi bosqichiga qadar Davlat nazoratida turadi. Bu birinchi kafolat.

Ikkinchidan, mana shu hududdagi mamlakatlar qanday holda bo‘lmasin qarshilik qiladimi, nizoli holatda bo‘ladimi, hammasi bitta holatdan manfaatdor: mahsulotlar erkin borib kelishi kerak. O‘zaro tadbirkorlar o‘rtasida, ishlab chiqaruvchi sub’ektlar o‘rtasidagi aloqalarga boshqa manfaatlar ta’sir qilmasligi yoki shu manfaatlar ustun turishi kerak. 

Aytishim mumkinki, Turkiy davlatlar tashkiloti 30 yillik bosqichni bosib o‘tgan bo‘lsa, tashkiliy jihatdan shakllantirib bo‘lindi. Endi mazmun jihatidan shuni amalga oshirishga kirishyapti. Yana bir narsaga e’tibor bering, hozir Xitoy, Hindiston, Pokiston, Turkiya omili chiqib kelyotgan bir paytda, Yevropa, AQSH, Rossiyaning o‘rni ma’lum darajada kamayib boryapti. Shu jarayonlarni inobatga olar ekanmiz, okean, dengizlardan savdo qilish hajmi kamayib boryapti. Bunday sharoitda, birinchi navbatda quruqlikdan savdo qilishga ehtiyoj ortib bormoqda. Shunday ekan, bu loyihalarni amalga oshirish bir necha davlatlar uchun muhim. 

Takror aytish mumkinki, ziddiyatlar doim bo‘ladi, hayot shundan iborat. Har bir tomon o‘zining manfaat ustunligini topishi kerak. Turkiy tilli davlatlar manfaat ustunligini topishdi va shunga qarab harakat qilishyapti”, deydi Sayfiddin Jo‘rayev.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiy davlatlar tashkiloti Sayfiddin Jo'raev

Baholaganlar

409

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing