SSV chiroyli qomatga intilib, infarkt va insult orttirib olayotgan yoshlarni ogohlantirdi
Salomatlik
−
15 Oktabr 2022
21752So‘nggi paytlarda O‘zbekiston shifoxonalariga infarkt, insult, tomirlarda tromblar hosil bo‘lishi kabi xavfli xastaliklar bilan murojaat qilayotgan yoki og‘ir ahvolda olib kelinayotgan fuqarolar orasida yosh, jismonan baquvvat, tog‘ni ursa talqon qiladigan qaddi-qomatga ega bemorlar ham uchrayapti va bu achinarli holat. Sog‘liqni saqlash vazirligi bunga qanday omillar sabab bo‘layotganini ma’lum qildi.
O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, ushbu bemorlar tana mushaklari massasi va quvvatini oshirish maqsadida bodibilding, kulturizm, fitnes kabi sport turlari bilan shug‘ullanish davomida kukun, tabletka va in’eksiya shaklidagi turli biologik faol, xususan, proteinli qo‘shimchalardan muntazam foydalanib kelgan.
Hatto ular orasida haftasiga bir-ikki marotaba turli ko‘rinishdagi preparatlarni tizimli ravishda qo‘llaganlar ham uchrab turadi.
Oqibatda qondagi gemoglobin, eritrotsit, trombotsitlar miqdori o‘zgarib, qon quyuqlashishi yuzaga kelgan. So‘ngra tomirlarda tromblar hosil bo‘lishi hisobiga yuqoridagi singari xavfli asoratlar paydo bo‘lgan.
Tahlillarga ko‘ra, foydalanilayotgan bu singari steroid preparatlar va anabolik komplekslarning aksariyati tegishli davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va tibbiyot xodimlari nazoratisiz qabul qilingan.
Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev mazkur vaziyatga munosabat bildirib, yoshlar sport bilan shug‘ullanayongani, albatta, quvonarli holat ekanini ta’kidlagan. Ammo uni sog‘lik uchun ziyon yetkazadigan mashg‘ulotga aylantirib qo‘ymaylik muhimligini ham qo‘shimcha qilgan.
“Afsuski, bugun ayrim yoshlarimiz bilak va mushaklarim yanayam baquvvat, qomatim kelishgan bo‘lsin, deb, mutaxassislar bilan maslahatlashmay, palapartish, nazoratsiz turli zararli vositalar, oqsil va gormonlarni qabul qilayotgani juda achinarli. Bu sog‘lom turmush tarziga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shunday ekan, yoshlar, ota-onalar va jamiyat faollari, sog‘lom turmush targ‘ibotchilari, tibbiyot xodimlarini bu borada yanada xushyor va e’tiborli bo‘lishga chaqiramiz.
Baquvvat bilak va mushaklar, chiroyli qomat uchun sog‘lom va o‘ktam yigitlarimizning o‘z hayotini xavf ostida qoldirishiga hech birimiz befarq bo‘lmasligimiz shart”, deydi Musayev.
Qolaversa, vazir tegishli davlat ro‘yxatidan o‘tmay realizatsiya qilinayotgan yuqoridagi singari preparatlar savdosi tegishli davlat organlari tomonidan qat’iy nazorat ostiga olinishi va davolash standartida ko‘zda tutilmagan dori-darmonlarning ishlatilishiga chek qo‘yish zarur ekanini qayd etdi.
LiveBarchasi