Ko‘zi ko‘kargan ayollar yoxud Norboyeva Prezidentga taklif kiritmoqchi
Jamiyat
−
14 Oktabr 2022
9796Senatorlar zo‘ravonlikka oid qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha hujjatlarni tayyorlab, Prezidentga kiritmoqchi. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva kecha, 13 oktyabr kuni “15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni” munosabati bilan “Qishloq hududlarida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish istiqbollari va aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi ishtiroki” mavzusida o‘tkazilgan forumda aytib o‘tdi.
“Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holati bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlarda "Senatorlar, mutasaddilar nega jim o‘tiradi?", deyishadi. Iyun oyida bir guruh senatorlar bilan zo‘ravonlikka oid qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, jazoni kuchaytirish, ta’rif berish masalalari bo‘yicha qonunlar paketini tayyorladik, bir-ikki kundan keyin davlat rahbariga xabar bermoqchimiz”, deydi Senat raisi.
Norboyeva so‘zida davom etarkan, qonunlarda hali ham bo‘shliqlar mavjudligi, ko‘p qonunlarda zo‘ravonlarga nisbatan liberal munosabat borligini ta’kidladi. Shuningdek, u, zo‘ravonlik holatlari kuzatilganda jurnalistlar, jamoatchilik vakillari hamma jim o‘tiribdi degan fikrda bo‘lmasligi bu borada katta ishlar qilinayotganini qo‘shimcha qildi.
"Qonunchilik nuqtai nazaridan hozir katta ishlab olib borilyapti, lekin har doim aytamiz qonunlar bu – 50 foiz ish, uni amalda tatbiq etish alohida masala. Hozirgi qonunlarda ham yaxshi jazo choralari bor, lekin qo‘llanilmaydi. Uning ham asosiy sababi – bu dunyo qarashimiz, eskidan saqlanib qolgan stereotiplar. Bizda "ering bugun shapaloq urdi, hech narsa qilmaydi, ertaga yarashib olasan", degan qarashlar ham bor. Biz bunday qarashlarni, O‘zbekistonga yarashmaydigan zo‘ravonlik holatlarini hayotimizdan batamom chiqarib yuborishimiz kerak. Birorta taqdir yonimizdan shunchaki o‘tib ketishi kerak emas. Har bir ayol va uning hayoti haqida qayg‘urishimiz zarur. Qishloqda yashayotgan faol opalarimiz ham mana shu masalalarga alohida e’tibor beradi degan umiddaman", deydi Norboyeva.
O‘zbekistonda ayollarga nisbatan tazyiq zo‘ravonlikning oldini olish, zo‘ravonlikdan aziyat chekkan ayollarga ko‘mak berish maqsadida har qancha gapirilmasin, 2022 yilning yanvar-may oylari mobaynida respublika bo‘yicha jami 22 816 nafar xotin-qizga Himoya orderi rasmiylashtirib berilgan. Bu bilganimiz, himoya orderi so‘rab murojaat qilganlar, xolos. Yana qanchadan-qancha xotin-qizlar andisha qilib, unini to‘rt devordan chiqarmay o‘tiribdi.
Himoya orderi rasmiylashtirishda:
- 14 642 ta holatda – tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlar;
- 2 868 ta holatda – jismoniy yoki yuridik shaxslar;
- 2 909 ta holatda – tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish faktlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
- 2 397 ta holatda – davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan kelib tushgan murojaatlar asos bo‘lgan.
Jami 1 681 ta himoya orderi ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik masalasini belgilash bilan birgalikda rasmiylashtirib berilgan. Shundan 1 638 ta holatda zo‘ravonlik qilgan shaxslar tegishli qonun hujjatlariga asosan ma’muriy, 43 ta holatda esa jinoiy javobgarlikka tortilgan. Tazyiq o‘tkazgan yoki zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan 55 487 nafar shaxsga nisbatan esa qonunda nazarda tutilgan tegishli cheklovlar belgilangan.
LiveBarchasi