Qotilliklarga to‘lgan hafta
Tahlil
−
08 Oktabr 2022
18806Ichki ishlar vazirligi xodimi o‘ldirilib, daryoga oqizib yuborildi. 29 yashar yigit o‘z onasini pichoqlab o‘ldirdi. Qaynota kelinining boshini oldi va uning jonsiz tanasini axlatga tashladi. Naqadar vahshiylik shundaymi? Ahamiyatlisi, bu voqealar qo‘shni mamlakatlarda yo biz doim “ommaviy madaniyat” deb tamg‘a bosadigan G‘arbda emas, o‘zimizda, O‘zbekistonda, yon-atrofimizda, qo‘ni-qo‘shnimiz, tanishimiz, qarindoshimiznikida bo‘lyapti. Nima bo‘lyapti bizga? Qachon bu qadar vahshiylashib ketdik?
Bu hafta qotillik va jinoyatlar shu qadar ko‘p bo‘ldiki, ular haqidagi xabarlar dilingizni xira qiladi. Davlatlar o‘rtasidagi urush, bir kishining xoyu-havasi, hakalak otgan cheksiz hokimiyat nafsi minglab odamlarning qirg‘iniga sabab bo‘layotgani yetmagandek, tinch mamlakatlarda ham kunda, kun ora qotilliklar haqidagi xabarlarni eshitasiz? Afsuski, bu hafta hisobotini ana shunday qotilliklar haqidagi xabarlar bilan boshlashga majburmiz.
Jasadi daryoga oqizilgan IIV xodimi
Ikki kishi o‘zaro kelishmovchilik sabab Ichki ishlar vazirligi boshqarmasi tezkor xodimi lavozimida ishlagan shaxsni o‘ldirib, jasadini Chirchiq daryosiga tashlab yubordi. Voqea 29 sentyabr kuni sodir bo‘lgan esa-da uning isi 3 oktyabrga kelib chiqdi.
O‘tkazilgan qidiruv harakatlari davomida jabrlanuvchining murdasi daryodan topilgan. Gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura tergovga aralashish va to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlarni oshkor qilmadi.
Yigit o‘z onasi qotiliga aylandi
Buxoroda 29 yoshli yigit o‘zaro mojaro sabab 51 yoshli onasini o‘ldirib qo‘ydi. G‘ijduvon tumanida yashovchi yigit onasi bilan yashash uyiga begona erkaklarni olib kelmaslik masalasida o‘zaro tortishib, janjal qilgan. U oshxona pichog‘i bilan onasining chap yelka yuqori kismi, ko‘krak qafasi va qo‘ltiq osti sohasiga bir martadan, jami 3 marotoba urib, qasddan o‘ldirgan.
Sud tibbiy ekspertizaning dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhumaning o‘limiga chap o‘pkasini teshib o‘tib, yurak aorta tomirini jarohatlanishi oqibatida kelib chiqqan o‘tkir massiv ichki qon ketishi sabab bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, yigit Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Kelinining boshini olgan qaynota
Farg‘onada ham dahshatli jinoyat sodir etildi. Qo‘shtepa tumanida 64 yoshli erkak avvaliga o‘z kelini bilan janjallashib qolib, uni urgan. Kelinning hushidan ketganidan foydalanib, avtomashinasida qo‘shni tumandagi adirlikka olib borgan va shu yerda hushsiz kelinining boshini tiriklayin pichoq bilan tanasidan ajratib olgan.
So‘ng qaynota kelinining jonsiz tanasini o‘sha yerdagi axlatxonaga tashlab yuboradi va kelinining uzib olingan boshini o‘zi yashaydigan tumandagi fermer xo‘jaliklaridan birining hududiga yashirgan.
Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan va unga Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bog‘chadagi ommaviy qirg‘in
Tugayotgan haftada Tailandda sodir bo‘lgan o‘ta og‘ir jinoyat butun dunyoni larzaga keltirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 34 yashar sobiq politsiya xodimi bolalar bog‘chasiga bostirib kirib, tarbiyalanuvchilar va tarbiyachilarga qarata o‘q uza boshlagan va pichoq bilan hujum qilgan. Ushbu dahshatli qo‘poruvchilik harakatida 38 kishi qurbon bo‘ldi, ularning 20 dan ortig‘i bolalar.
Qurollangan shaxs muassasaning kamida to‘rt nafar xodimini (shu jumladan, sakkiz oylik homilador bo‘lgan o‘qituvchini) otib o‘ldirgan, so‘ngra bolalar uxlab yotgan qulflangan xonaga kirib, ularga hujum qilgan.
U joriy yilning iyun oyida giyohvand moddalarni iste’mol qilgani uchun politsiyadan bo‘shatilgan. Jinoyat sodir etilishidan bir necha soat oldin u giyohvandlik ishi bo‘yicha sud majlisida ishtirok etgan.
Jinoyatni sodir etganidan so‘ng erkak o‘z uyiga yetib borgan va u yerda xotini va bolasini ham otib o‘ldirgan, keyin esa o‘z joniga qasd qilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ommaviy axborot vositalaridan Tailandda ko‘plab bolalarning hayotiga zomin bo‘lgan otishma bilan bog‘liq tasvirlarni chop etmaslikni so‘radi.
Bog‘chada 4 yashar bola vafot etdi
Bolalar bog‘chada o‘ldirib ketilmasa-da, norasidalar maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi baxtsiz hodisa sabab ham qurbon bo‘lmoqda. Bunday voqea shu hafta, 6 oktyabr kuni Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi 21-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘ldi.
Rasmiy idoralarning ma’lum qilishicha, 4 yashar tarbiyalanuvchi bog‘cha hududidagi o‘yin maydonidagi temir aylanada o‘ynagan va ehtiyotsizlik oqibatida hayot uchun xavfli bo‘lgan jarohatlar olgan. O‘limning aniq sababi va vaqti aniqlanmoqda.
Ayni paytda ish prokuraturaga o‘tkazilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hodisa ortidan bog‘cha mudirasi lavozimidan ozod etilib, viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbariyatiga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. Tarbiyachi va tarbiyachi yordamchisiga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hujumlar ostida qolayotgan Zaporoje
6 oktyabr kuni Rossiya qo‘shinlari Ukraina hukumati nazorati ostidagi Zaporoje shahriga yetti marta raketa hujumi uyushtirdi. Nishonlar infratuzilma ob’ektlari bo‘lgan, ammo raketalar ko‘p qavatli turar-joy binolariga tushgan. Uylar jiddiy shikastlangan, shaharda yong‘inlar boshlangan.
Oqibatda 11 kishi halok bo‘ldi. Yana 21 kishi vayron bo‘lgan turar-joy binolari ostidan qutqarib olindi.
Shuningdek, shu haftada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Zaporoje atom elektr stansiyasi ob’ektlarini federal mulkka olish haqida ko‘rsatma berdi.
“Rossiya Federatsiyasi hukumati Zaporoje atom elektr stansiyasining atom inshootlari va uning faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan boshqa mulklar federal mulkka qabul qilinishini ta’minlashi kerak”, deyiladi Putin imzolagan hujjatda.
Putin o‘z farmoni bilan Zaporoje AESning operatsion tashkiloti maqomini o‘rnatdi.
Rossiya rahhbari 2028 yilgacha Zaporoje AES bilan ishlash xususiyatlarini aniqlashni topshirdi. Xususan, Vazirlar Mahkamasi atom elektr stansiyalari xavfsizligini ta’minlash uchun moliyaviy va boshqa resurslardan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlarini, litsenziyalar berishni, davlat tomonidan tartibga solish jihatlarini belgilasin va boshqa masalalarni hal etadi.
YeI va Yaponiyadan Rossiyaga “siylov”
Rossiyaning Ukrainaga bosqini va dunyoni tebratayotgan urush mavzusidan chekinmaymiz. Yaxshi bilasizki, sentyabr oyida Rossiya Ukrainaning 4 viloyatida noqonuniy referendumlar o‘tkazilishiga boshchilik qildi va oy oxiriga kelib, ushbu to‘rt hududni katta tantana bilan o‘ziga qo‘shib oldi. Tugayotgan haftada esa Rossiya parlamentining quyi va yuqori palatalari Donetsk va Lugansk, shuningdek, Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiya tarkibiga qabul qilish bo‘yicha to‘rtta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlarni bir ovozdan ma’qulladi.
Buning ortidan esa Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sakkizinchi sanksiyalar paketini kiritdi. Ro‘yxatda 30 nafar rossiyalik jismoniy va 7 ta yuridik shaxslar, jumladan, xonandalar Yuliya Chicherina, Nikolay Rastorguyev va Oleg Gazmanov ham bor.
Paket doirasida Rossiya neftiga ham narx chegarasi joriy etildi. Shuningdek, yangi sanksiyalar Rossiya po‘lat va mudofaa sanoatiga cheklovlar, Yevropa Ittifoqi fuqarolariga Rossiya davlat kompaniyalari direktorlar kengashida lavozim egallashni taqiqlash, “Prezident [Vladimir] Putinga harbiy harakatlarda yordam berganlarga qarshi yangi shaxsiy sanksiyalarni o‘z ichiga oladi.
YeI ortidan Yaponiya ham sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi.
Yangilangan hujjat Rossiyadan 58 nafar jismoniy shaxs va to‘qqizta tashkilotni, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi bosib olgan hududlarga aloqador yana 23 nafar shaxsni o‘z ichiga oladi. Ularga aktivlarni muzlatish kabi cheklovchi choralar qo‘llaniladi.
Sanksiyalar, shuningdek, Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirovning qarindoshlari, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, parlament yuqori palatasi raisi Valentina Matviyenko, Bosh vazir Mixail Mishustin, Xavfsizlik Kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev, sportchi va siyosatchi Alina Kabayeva (OAVga ko‘ra Putinning ma’shuqasi – tahr.)ga taalluqlidir.
Putin yadro qurolini ishga tushiradimi?
Bu hafta boshida “Times” gazetasi NATO razvedkasidagi manbalariga tayanib, “Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yadro qurolini sinovdan o‘tkazish orqali undan foydalanishga tayyorligini namoyish qilmoqchi”, deb yozdi.
Nashr suhbatlashgan xalqaro ekspertlarning fikricha, Putin Qora dengizda yadro qurolini sinovdan o‘tkazishi mumkin. Agar u jang maydonida bunday qurollardan foydalanishni tanlasa, u jiddiy xavf-xatarlarga duch keladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, NATO o‘z ittifoqchilariga Rossiya yadro qurolini olib yurishga qodir bo‘lgan “Poseydon” boshqaruvchisiz suv osti mashinasini sinovdan o‘tkazishi mumkinligi haqida razvedka hisobotini yuborgan.
Bunday gaplar bejiz bolalayotgani yo‘q. Joriy yilning 21 sentyabr kuni Putin xalqiga safarbarlik haqida qilgan murojaati davomida, u Rossiya xavfsizligiga tahdid qiluvchilarga yadroviy qurol bilan javob berishdan ham tap tortmasligini aytgan edi. AQSH Prezidenti Jozef Baydenga ko‘ra, bu shunchaki po‘pisa emas. Putin hazillashmayapti.
Uning fikricha, dunyodagi vaziyat shu taxlit davom etsa, Karib dengizi inqirozidan keyin birinchi marta yadro qurolidan foydalanish tahdidiga duch kelamiz.
Oq uy rahbari Vladimir Putinni yaxshi bilishini aytdi, shuning uchun u Putinni taktik yadro qurollari, biologik yoki kimyoviy qurollardan potensial foydalanish haqida gapirganda hazillashmaydi, deb hisoblaydi. Shu bilan birga, Bayden taktik yadro qurolidan foydalanish keng ko‘lamli yadro urushiga olib kelmasligini tasavvur qilolmasligini urg‘uladi.
Shuni ham eslab o‘tish o‘rinliki, Putin yadro quroli haqida gap ochgan birinchi kunlarning o‘zidayoq Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel bu shunchaki gap emasligini, uni jiddiy qabul qilish kerakligini aytib chiqqandi.
Shimoliy Koreya dunyoga xavf tug‘diryapti
Butun dunyo Rossiya va Ukraina urushi bilan ovora bo‘lib, hamma Putinning yadroviy tahdidini muhokama qilayotgan bir paytda Shimoliy Koreya imi-jimida hafta davomida bir necha bor raketalar uchirib, tevaragidagi mamlakatlarga xavf tug‘dirdi.
4 oktyabr kuni Shimoliy Koreya navbatdagi ballistik raketa sinovini amalga oshirdi. Yaponiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, raketa 1 ming kilometrgacha balandlikda uchgan va 4,6 ming kilometr masofani bosib o‘tgan. Bu Pxenyanning raketa sinovlari tarixidagi maksimal masofa ekani urg‘ulangan.
Shu munosabat bilan Yaponiyaning shimoliy hududlarida havo hujumi haqida ogohlantirish yangragan va odamlardan boshpanalarga tushish talab qilingan. Biroq Shimoliy Koreyadan uchirilgan raketa Yaponiya hududi ustidan uchib o‘tib, Tinch okeaniga tushgan.
Bu raketa sinovning ahamiyati shundaki, Shimoliy Koreya raketasi 2017 yil sentyabridan beri birinchi marta Yaponiya ustidan uchib o‘tdi.
AQSH va Yaponiya Shimoliy Koreyaga qarshi birgalikda javob qaytardi. AQSH dengiz piyodalari korpusi va Yaponiya havo mudofaa kuchlari qiruvchi samolyotlari Yapon dengizi ustidan uchib o‘tdi.
5 oktyabr kuni ertalab AQSH va Janubiy Koreya Koreya yarimorolining sharqiy qirg‘oqlari yaqinida to‘rtta raketa uchirdi.
Bu Kim Chen In rahbarligidagi Shimoliy Koreyaning bir kun oldin qo‘shni Yaponiya ustidan ogohlantirishsiz ballistik raketa uchirishiga javoban amalga oshirilgan.
Oq uyga ko‘ra, bu sinov AQSH va uning ittifoqchilari “Shimolning provokatsiyalariga javob berish uchun yetarlicha harbiy salohiyatga ega ekanligini” ko‘rsatish uchun amalga oshirilgan.
Buning ortidan Shimoliy Koreya yana jo‘jaxo‘rozlik qilib, Yaponiya dengiziga ikkita ballistik raketa uchirdi. Raketalardan biri 80 kilometrgacha bo‘lgan balandlikda taxminan 350 kilometr, ikkinchisi esa 60 kilometrgacha bo‘lgan balandlikda 800 kilometr uchgan. Ikkala snaryad ham Yaponiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasi tashqarisidagi dengizga tushgan..
“Yonhap” ta’kidlashicha, joriy sinov so‘nggi ikki hafta ichida oltinchisi bo‘lgan.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, agar Shimoliy Koreya “tanlagan yo‘lida” davom etsa, “bu qoralash, izolyatsiya va ularning harakatlariga javoban ko‘rilayotgan choralar kuchayishiga olib keladi”.
Hafta oxirlarida Yaponiya Shimoliy Koreya yadro sinovini o‘tkazishga tayyorlanayotganini ehtimoldan xoli emas deb chiqdi.
Putinning tug‘ilgan kunida to‘plangan Prezidentlar
Tugayotgan haftada Rossiya Federatsiyasini qariyb 20 yildan beri boshqarib kelayotgan Vladimir Putin yana bir yoshga qaridi va 70 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uni “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi.
7 oktyabr kuni Putinni yubileyi bahonasida Sankt-Peterburgda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarusdan Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Topgan gul topmagan bir bog‘ piyoz deganlaridek, yig‘ilganlarning ko‘pi Putinga o‘z sovg‘asi bilan borgan. Masalan, Lukashenko Putinga o‘z mamlakatida ishlab chiqarilayotgan traktorni sovg‘a qilgan. Tojikistonni 28 yildan beri boshqarib kelayotgan 70 yashar Imomali Rahmon esa o‘zi bilan bir dunyo qovun-tarvuz va meva-sabzavotlar ko‘tarib borgan.
Rossiya tomonining o‘zi ham ushbu uchrashuvda konkret qaysi masalalar muhokama qilinib, qanday qarorlar olinganiga aniqlik kiritmagan. Bundan ma’lum bo‘lyaptiki, ushbu sammit ko‘proq Vladimir Putinning tavalludi sharafiga tashkil etilgan.
Darvoqe, ushbu sammitda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ishtirok etmadi. Shu o‘rinda Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasiga oid boshqa xabarimiz ham bor. Unga birozdan keyin to‘xtalamiz.
BMTdan Putinning yubileyiga “sovg‘a”
Vladimir Putinning 70 yoshni qarshilashi munosabati bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham ajoyib sovg‘a tayyorladi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 7 oktyabr kuni o‘tgan yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasidagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ma’ruza tayyorlaydigan maxsus ma’ruzachi tayinlashga qaror qilindi. Tegishli rezolyutsiyani 17 davlat yoqlab ovoz berdi, olti davlat qarshi, 24 davlat betaraf qoldi. Qarshilar orasida Qozog‘iston va Xitoy bor.
Qariyb 25 G‘arb davlati tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyutsiyada Rossiyada so‘z va yig‘ilish erkinligi cheklanishi, jurnalistlar, huquqshunoslar va muxolifat vakillarining qo‘rqitilishi, hukumat tanqidchilarining sudsiz o‘ldirilishi, o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishi va adolatli sudning yo‘qligidan chuqur xavotir bildirilgan. Hujjat Rossiyani insonning asosiy huquqlari, jumladan, so‘z erkinligini kafolatlashga chaqiradi.
Rossiya bo‘yicha hali tayinlanmagan maxsus ma’ruzachi bir yildan so‘ng Rossiya Federatsiyasidagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganadi va BMT Inson huquqlari kengashiga xulosa va tavsiyalar beradi.
Mirziyoyevning Vengriyaga tashrifi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy haftada amalga oshirgan xorijiy safarlaridan uzoqlashmaymiz. Davlat rahbari 3-4 oktyabr kunlari Vengriyaga tashrif buyurdi. Unga rafiqasi – birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva hamrohlik qildi.
Mirziyoyev Vengriya Prezidenti Katalin Novak va Bosh vazir Viktor Orban bilan uchrashib muzokaralar o‘tkazdi.
Xususan Orban bilan muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini, shu jumladan sanoat kooperatsiyasi orqali amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Ikki mamlakat yetakchilari dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni ham muhokama qildi. Xalqaro tuzilmalar, shu jumladan BMT, YeXHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqalar doirasidagi hamkorlik masalalariga to‘xtaldilar.
Muloqotlar so‘ngida O‘zbekiston-Vengriya strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan 14 ta hujjat imzolandi.
Ozar-arman muammosi hal bo‘ladimi?
6 oktyabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Chexiya poytaxti Pragada Yevropa siyosiy hamjamiyatining birinchi sammiti doirasida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel ishtirokida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Yevropa Ittifoqi Ozarbayjon bilan chegarasini delimitatsiya qilishda yordam berish uchun Armanistonga missiya yuborishiga kelishildi.
“Missiya oktyabr oyida boshlanadi va maksimal ikki oy davom etadi. Missiyaning maqsadi ishonchni mustahkamlash va o‘z hisobotlari bilan chegarani delimitatsiya qilish komissiyalari faoliyatiga hissa qo‘shishdan iborat”, deyiladi uchrashuv so‘ngida qabul qilingan bayonotda.
Shuningdek, uchrashuvdan keyin Armaniston oktyabr oyi oxirida Bryusselda Ozarbayjon bilan davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha komissiya yig‘ilishi o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Odatda uchrashuvlar vaqtida miq etmaydigan Pashinyan yana Aliyev va boshqalarning yuziga aytolmagan gaplarini tvitterdan to‘kib soldi.
“Pragada men barcha mintaqaviy aloqalarni blokdan chiqarish haqidagi taklifimizni yana bir bor tasdiqladim. Ozarbayjon yana ijobiy javob bermadi. Takror aytaman, Armaniston suverenitetimiz va qonunchiligimizni to‘liq hurmat qilgan holda barcha mintaqaviy kommunikatsiyalarni blokdan chiqarishga tayyor”, deydi Pashinyan.
Ilhom Aliyevning aytishicha, Baku va Yerevan o‘rtasida tinchlik shartnomasi shu yil oxirigacha imzolanishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv bo‘yicha tashabbuslar osonlik bilan olg‘a siljayotgani yo‘q, biroq kelishuvga umid bor.
“Armaniston tomoni yaxshi niyatda bo‘lsa, yil oxirigacha tinchlik shartnomasi imzolanishi mumkin. O‘ylaymanki, agar yaqin orada qaror qabul qilinsa, ikki davlat ishchi guruhlari tinchlik shartnomasi matni ustida ishlashni boshlaydi, yil oxirigacha kelishuvga erisha olamiz”, deydi Aliyev.
Erdo‘g‘an Pashinyan bilan shartsiz yarashishga tayyor
Yevropa siyosiy hamjamiyatining birinchi sammitida ishtirok etish uchun Pragaga borgan Erdo‘g‘an Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi. Ahamiyatlisi shundaki, ikki mamlakat yetakchilari 13 yil deganda stol atrofiga o‘tirdi.
Unda ikki mamlakat o‘rtasida quruqlikdagi chegarani ochish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo yuklarini amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi. Turkiya matbuotiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida uchrashuv yopiq eshiklar ortida o‘tgan.
Erdo‘g‘anning ishonch bildirishicha, Turkiya va Armaniston mintaqada yaxshi qo‘shnichilik tamoyiliga asoslangan munosabatlarni to‘liq normallashtirishga erisha oladi.
“Turkiya Armaniston bilan munosabatlarni normallashtirish uchun hech qanday old shart qo‘ymaydi. Armaniston Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini tuzishi bilan biz bilan hech qanday muammoga duch kelmaydi”, deydi Erdo‘g‘an.
O‘zbekiston yerlari Qirg‘izistonga o‘tdimi?
Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasidagi bahsli hududlarning 99 foizi Qirg‘izistonga o‘tdi. Bu haqda Prezident Sadir Japarov Facebook’dagi sahifasida yozdi.
“Barcha bahsli hududlar 99 foiz bizga o‘tkazildi. Agar ilgari O‘zbekiston Kampirobod suv omborini nazorat qilgan bo‘lsa, endi teng ulushli qo‘shma korxona tashkil etiladi va biz birgalikda to‘g‘onni boshqaramiz. Biz suv sathini pasaytirdik va o‘zimizga o‘tkazilayotgan 1246 gektar yerni bo‘shatib oldik”, deb yozadi Japarov.
Davlat rahbari qirg‘iz-o‘zbek chegarasi bo‘yicha kelishuvga oid barcha ma’lumotlarni taqdim etganda, xalq rahmat aytishini ta’kidladi.
Sadir Japarov Kampirobod suv omborini saqlab qolish tarafdori bo‘lgan fuqarolarni O‘zgan viloyati hokimligiga taklif qilgan va istalgan vaqtda hujjatlarni ko‘rsatishga, hamma narsani tushuntirishga tayyorligini bildirgan.
O‘zbekiston tomoni qo‘shni davlat bilan chegara masalasida qanday kelishuvga erishilgani haqida hozirgacha hech qanday ma’lumot bermagan. Hududlar borasida qanday o‘zgarishlar bo‘layotgani fuqarolar uchun yopiq mavzuligicha qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 sentyabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘izistonga borib, chegara borasida kelishuvni boshlash to‘g‘risidagi bayonnomani imzolagandi.
Lukashenkoning ashaddiy dushmani Nobel mukofotini oldi
Bu yilgi Tinchlik uchun Nobel mukofoti Rossiya, Belarus va Ukraina huquq faollari – "Memorial" Rossiya inson huquqlari jamiyati, Ukraina fuqarolik erkinliklari markazi jamoat tashkiloti va "Vesna" Belarus inson huquqlari markazi asoschisi Ales Belyatskiyga nasib etdi. Mukofot birdaniga uch nomzodga topshirildi.
“Tinchlik mukofoti sovrindorlari o‘z mamlakatlaridagi fuqarolik jamiyati vakillari bo‘lib, yillar davomida ular hokimiyatni tanqid qilish va fuqarolarning asosiy huquqlarini himoya qilish huquqini ilgari surdi. Ular urush jinoyatlari, inson huquqlarining buzilishi va hokimiyatni suiiste’mol qilish holatlarini hujjatlashtirish bo‘yicha ulkan sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Ular birgalikda tinchlik va demokratiya uchun fuqarolik jamiyatining muhimligini namoyish etadilar", deyiladi Nobel qo‘mitasi bayonotida.
Ales Belyatskiy 1980-yillarning o‘rtalarida Belarusda paydo bo‘lgan demokratik harakatning tashabbuskorlaridan biri edi. “U o‘z hayotini o‘z mamlakatida demokratiya va tinch taraqqiyotni rivojlantirishga bag‘ishladi”, deb yozadi Nobel qo‘mitasi. 1996 yilda Byalyatskiy munozarali konstitutsiyaviy tuzatishlarga javoban "Vesna" tashkilotiga asos solgan, qo‘mitaning ta’kidlashicha, "prezidentga diktatorlik vakolatlari berilgan va ommaviy namoyishlarga sabab bo‘lgan".
"Hokimiyat bir necha bor Ales Belyatskiyning ovozini o‘chirishga uringan. U 2011 yildan 2014 yilgacha qamoqda edi. 2020 yilda rejimga qarshi keng ko‘lamli namoyishlardan so‘ng u yana hibsga olindi. U sudsiz hibsda qolmoqda. Katta shaxsiy qiyinchiliklarga qaramay, Belyatskiy Belarusda inson huquqlari va demokratiya uchun kurashda bir dyuym ham ortga chekinmadi", deydi qo‘mita.
LiveBarchasi