FIDE reytingida ikki o‘zbekistonlik yuqorilab, biri pastladi
Sport
−
05 Oktabr 2022
6198Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) shaxmatchilarning oktyabr oyidagi reytingini e’lon qildi. Norvegiyalik Magnus Karlsen Sinquefild kubogida 5 ochko yo‘qotgan bo‘lsa-da, 2856 ochko bilan reytingda peshqadamlik qilmoqda.
O‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov esa jadvalda bir pog‘ona pastlab, kuchli o‘ttiztalikni tark etdi. Rapid yo‘nalishi bo‘yicha eng yosh jahon chempioni hisoblangan Abdusattorov 2713 ochko bilan 31-pog‘onani egalladi. Yana bir o‘zbekistonlik grossmeyster Rustam Qosimjonov 69-o‘rinni band etib turibdi. O‘zbekiston vakillari orasida Nodirbek Yoqubboyev va Javohir Sindorov reytingda yuqorilashdi. Yoqubboyev 2663 ochko bilan bir yo‘la to‘qqiz pog‘ona yuqorilab, 80-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, Sindorov 2652 ochko to‘plagan holda 92-o‘rinni egallagan.
Reytingda xitoylik shaxmat ustasi Ding Liren 2-o‘rinni band etgan. Xou Yifan ayollar o‘rtasida peshqadamlik qilishda davom etmoqda, u 2638 ochko to‘plagan.
Karlsendan farqli o‘laroq, fransiyalik Aliriza Firuzja Sinquefild kubogidan foyda ko‘rdi: u 7 ochko to‘pladi va jahon reytingida 4-o‘rinni egalladi. So‘ngi oylarda ko‘plab ochkolarini yo‘qotgan Fabiano Karuana sentyabr oyidan farqli ravishda bir pog‘ona yuqorilab, 8-o‘rinni band etdi.
Shahzod Shukurov
LiveBarchasi