Qashqadaryoda 20 nafar nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan fuqarolar uy-joy bilan ta’minlandi
Jamiyat
−
08 may 2019
4807O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati natijasida uysiz, kam ta’minlangan, nogiron va boquvchisini yo‘qotgan oilalarni uy-joy bilan ta’minlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu bo‘yicha Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi Kat mahallasida 20 nafar nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan fuqaroga 20 ta moslashtirilgan uy-joyning kaliti topshirildi.
Qarshi shahri “Naxshab” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi saraton kasalligiga chalingan, 2-guruh nogironi Dilnavoz Erkayeva yolg‘iz ona hisoblanadi. Shu kunga qadar, u bir nafar farzandi bilan ota uyiga qaytib kelib, 4 nafar voyaga yetgan ukasi bilan jami 7 kishi bir xonali uyda yashab kelayotgan edi. Bugun u ham boshqalar qatori o‘z uyiga ega bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, 2017-2018 yillarda viloyatda 428 nafar nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan fuqaroni imtiyozli uy-joy bilan ta’minlash, yashab turgan uylarini ta’mirlab berish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish reja dasturi ishlab chiqilgan.
Joriy yilda ham shahar va tuman uy-joy komissiyalari tomonidan 285 nafar nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan fuqarolar ro‘yxati shakllantirilib, ularning arzon uy-joy olishi uchun boshlang‘ich badal to‘lovlarini to‘lab berish bo‘yicha reja dastur ishlab chiqildi.
Ushbu kun yangi xonadonlarga ega bo‘lgan fuqarolar ishlab, mehnat qilishlari uchun tikuvchilik va mebel sexi faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Endilikda ular mana shu sexlarda ishlab, daromad olishlari mumkin.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev hamda Prezident maslahatchisi birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Muhammadiyevlar so‘zga chiqdi.
LiveBarchasi