Havoga uchgan millionlar. Turk aktyorlari Toshkentda janjal chiqardi

Madaniyat-san’at

Kecha, 15 sentyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Ipak yo‘li durdonasi” XIV xalqaro kinofestivali doirasida tashkil etilgan turk kino kunlariga bag‘ishlangan ijodiy kechada mojaro yuz berdi. Bu haqda voqeaga guvoh bo‘lgan kinoshunos, jurnalist Shoxira Hamro ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar berdi.

Tadbir avvalida to‘qqiz nafar turk aktyorlari sahnadan joy olishgan. Bular: Mustafo O‘g‘ur Yag‘chio‘g‘li, Pinar Yazchio‘g‘li, Nozif Tunch, Murod Oydin, Azra Oqin, Gizem Lidiya Denizchi, Sardor Gyokxan, Chelal Al, Tuba Unsul.

Shoxira Hamroning qayd etishicha tadbirdagi tushunmovchiliklar boshlovchilarning Nurgul Yashilchoy va Burak O‘zchivitni sahnaga taklif etishidan boshlangan.

“Turkiyadan tashrif buyurgan 9 nafar aktyor sahnaga chiqib, hurmat saqlab tomoshabin bilan yuzma-yuz bo‘lishdi. Lekin sahnada boshlovchilar ikki qayta tantana bilan e’lon qilishsa-da, bu ikkisi chiqmadi. Nihoyat Nurgul Yashilchoy sahnani bir burchagidan chiqib, o‘sha yerda qotdi. Hamyurt hamkasblariga bir qur nazar tashladiyu, ikki qo‘lini ikki cho‘ntagiga solib, g‘oz turib oldi. Uzatilgan mikrofonni ham qo‘liga olishni ep ko‘rmay, boshlovchining qo‘lidagi mikrofonga egilib, “salom, yaxshimisizlar”, dediyu, boshqa aktyorlar yoniga borib o‘tirmasdan, sahna ortiga o‘tib ketdi, Yashilchoy qaytmadi. Burak-ku umuman ko‘rinmadi”, deydi u.

Shundan so‘ng, tadbir sahnadagi to‘qqiz aktyor bilan davom etgan va jurnalist Oybek Veysal o‘g‘li to‘qqiz aktyor bilan birma-bir samimiy suhbat qurgan. Suhbat yakunida sahnadagilarni sovg‘a-salomlar bilan o‘rinlariga kuzatib qo‘yishganidan so‘ng Nurgul Yashilchoy sahnaga qaytgan va aktyorlar o‘rtasidagi tushummovchiliklar davom etgan.

“Nurgul sahnaga chiqib keldi va unga boshlovchi boshidagi tojini kiydirib, shou endi boshlanayotganida 58 yildan beri kino san’atiga halol xizmat qilib, sochi oqargan, o‘zining ta’biricha “podshodan qulgacha” barcha rollarni o‘ynagan Sardor Gyokxan sahnaga otilib chiqdiyu, mikrofonni olib “tomoshamizni buzdi deb mendan xafa bo‘lmanglar. Ming afsus, mana bu oyog‘i yerdan uzilgan ikki hamkasbimiz sahnada biz bilan birga o‘tirishdan or qildi, aslida ular bizning safimizda bo‘lishga noloyiq. Siz odamning qiyofasiga qarab baho bermang, uning kimligini hatti-harakatlari bildirib turadi. Biz ortiq bu ikkisining axmoqona tomoshasini ko‘rib, haqoratni jimgina yutib keta olmaymiz. Biz bu yerni hoziroq tark etamiz”-dediyu, to‘qqiz turk ijodkor zalni tark etdi. Ularning ortidan elchixona vakillari ham chiqib ketishdi va shu bilan bugungi tadbirning fayzini ham olib ketishdi. Yashilchoy ham ortiq zalda qola olmadi”, deydi Shoxira Hamro

Vaziyat tarang bo‘lsa-da tugunni yana bir turkiyalik kinoyulduz Burak O‘zchivit sahnada ko‘rinish berishi yechib yuborgan. U ham sahnada yolg‘iz o‘zi boshlovchilar bilan suhbat qurgan. Ammo xabarda ta’kidlanishicha tadbir so‘ngida tomoshabinlar Burak O‘zchivitga yopirilgan, aksiga olib bu payt tansoqchilar ham qayergadir yo‘qolib qolishgan.

“Burak sahnaga chiqqach, elchixonadagilar-u, 9 aktyorning bo‘sh o‘rindiqlariga “burakshunoslar” yopirildi. Zaldagi xotin xalaj sahnaga, Burakka qarab yugurib kela boshladi. Qarasam Burak olomonning orasida qolib ketgan, birorta qo‘riqchi ko‘rinmaydi. O‘zimdan ham Burakka rahmim keldi, bir nima bo‘lib qolsa, tashkilotchilarning boshi baloga qoladida. “Oxrana” deb shu baqiraman, yerga kirdimi, ko‘kka uchdimi, yo‘q. Orqaga qarasam o‘zimizning “iboli”,“hayoli”,“iymanib turadigan” o‘zbek qiz juvonlar Burakni talamon qilishayapti. Turkcha “allah sana yardamchi o‘lsin”, dedim-u, zalni tark etdim”, degan u.

Tadbirdan so‘ng yana bir qancha jurnalist va blogerlar Facebook'dagi sahifalari orqali vaziyatga munosabat bildirishgan.

Jurnalist Dilshoda Matjonovaning ta’kidlashicha Burak O‘zchivit va Nurgul Yashilchoy kechki nonushtada ham ko‘rinish bermagan.

“Turk jamoasi vakili sahnaga chiqib gapirgani va demostrativ tarzda zalni tark etishganidan keyin bechora Nurgul qotib qoldi. Shahzoda Muhammedova vaziyatni yumshatish maqsadida: “Biz ikki aktyorni alohida chaqirmoqchi edik, anglashilmovchilik yuzaga keldi”, dedi. Kechki nonushtada Nurgul ham, Burak ham ko‘rinmadi. Qolganlarning kayfiyati ham yaxshi edi deya olmayman”, deydi u.

Adliya vaziri maslaxatchisi Shahnoza Soatovaning fikriga ko‘ra aktyorlarni jarimaga tortish kerak aks holda Toshkent xalqaro kinofestivali o‘zidan ketgan yulduzlarning munosabatlarini oydinlashtiruvchi maydonga aylanib qoladi.

“Falon pul berib turk aktyorlarini chaqir, ular esa birovning shunday bayramini rasvo qilishsin. Gonorarni jarimalari bilan qaytarishsin, ma’naviy zararlari bilan. Shuncha tomoshabin bir tiyinmi? Shuncha pul zarilmidi, falon ish qilish kerak edi undan ko‘ra degan savollar har doim bo‘ladi. Kinofestivallar nega kerakligini tushuntirish kerak, imkon qadar ko‘proq. Boshqa yo‘li yo‘q. To‘y bo‘lgach, janjallari ham bo‘ladi ba’zan. O‘tgan gal “Oskar” topshirishda sahnada boshlovchiga tushirilgan shapaloqni eslang. Shunaqa odamlar-da bu aktyorlar — hissiyotga beriluvchan. Lekin buning badali borligini ham ularga qat’iyat bilan ko‘rsatish kerak (Uill Smit ham uzr so‘ragandi va “Oskar” tantanalaridan necha yilgadir chetlashtirildi). Aks holda Toshkent xalqaro kinofestivali o‘zidan ketgan yulduzlarning ”munosabatlarini oydinlashtiruvchi maydon”ga aylanib qolishi mumkin – unga bunday “obro‘”ni tilamayman”, degan Soatova.

Ma’lumot o‘rnida, Nurgul Yashilchoy 1976 yilning 26 mart kuni Afyonqorahisor shahrida tug‘ilgan. Diplomatik san’at yo‘nalishida ta’lim olgan Yashilchoy 2001 yilda aktrisalik faoliyatini boshlagan. U o‘zbek tomoshabinlariga “Ishkomli uy” serialidagi Bahor, “Kelin” serialidagi E’zo, “Kosem” serialidagi Kosem sulton rollari bilan yaxshi tanish.

Burak O‘zchivit 1984 yilning 24 dekabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida tug‘ilgan. U tasviriy san’at va kino yo‘nalishida ta’lim olgan. U 2003 yildan modellik, 2006 yildan aktyorlik faoliyatini boshlangan. Burak O‘zchivit o‘zbek tomoshabinlariga “Muhtasham yuz yil” serialidagi Balli-bey, “Choliqushi” serialidagi Kamron, “Sevgi Iztirobi”dagi Kamol, “Qurilish: Usmon” serialidagi Usmon I rollari bilan yaxshi tanish.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2717

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing