Janob Soliyev va uning hokimiyatiga 27 avtomobil kamlik qilmayaptimi?

Tahlil

image


O‘zbekistondagi barcha vazirlik va idoralar qanday mashinalarga egalik qilishi, qanday turdagi davlat xaridlarini amalga oshirayotgani, xodimlarining qachon va qayerga, qancha mablag‘ evaziga xizmat safarlariga chiqayotgani kabi bir qator ma’lumotlarni o‘zining rasmiy saytidagi ochiq ma’lumotlar portaliga joylab borishi kerak. Bu talab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek,  jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilab qo‘yilgan. 

Barcha davlat organlari ham bu Farmon talablarini to‘la bajaravermagach,  endilikda ular ma’lumotlarni ochiqlamagani uchun javobgarlikka tortiladi va jarima to‘laydi. Bu yaqindagina “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Prezident tomonidan imzolangan Qonunda o‘z aksini topgan. 

Agar vazirlik va idoralar ma’lumotlarni ochiqlagan ko‘p hollarda xarajatlar Prezident farmoni, qonun va qonunosti hujjatlarga zid ravishda amalga oshirilgani, besamar xarajatlar qilingani yoki 70 ming so‘mga somsa xarid qilgani kabi asliga nisbatan qimmatbaho sarflar qilingani, xullas byudjet mablag‘lari havoga uchirilgani ma’lum bo‘lib qolyapti. 

Nima uchun ayrim mahalliy hokimliklar va idoralar tomonidan ma’lumotlar ochiqlanmayotganini tushungandekmiz. Masalan, Jizzax viloyati hokimligi tasarrufida mehmonlar uchun atalgan 9 ta va yana 3 ta navbatchi avtomashina xizmat qiladi. Hokimlikdagi jami davlat mashinalarning soni esa 27 ta! 

Ularning 8 tasi – 2 ta Toyota Prado, 2 ta Trailblazer, 1 ta Mercedes-Benz, 2 ta Captiva, 1 ta Lacetti’dan viloyat hokimi Ergash Soliyev va uning o‘rinbosarlari foydalanadi. 
Shuningdek, hokimlikning boshqa xodimlariga atalgan Tracker, Lacetti, Captiva, Damas, Nexia 1, Nexia 2 turdagi 7 ta xizmat mashinalari ham bor.

Navbatchilik va mehmonlar uchun mo‘ljallangan 13 ta avtoulovlar orasida Cadillac, 2 ta Mercedes-Benz, 8 ta Captiva rusumdagi yengil avtomashina, Mercedes Sprinter markali 2 ta mikroavtobus mavjud.     

Ammo, Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi va mahalliy bavlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 258-son Qaroriga muvofiq, Davlat boshqaruvi organlarining Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahar hokimliklariga delegatsiya va mehmonlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida 5 tagacha navbatchi avtotransport vositasi saqlash uchun limit belgilangan. Bundan ko‘rinadiki, Jizzax viloyati hokimligida avtomobillar soni belgilangan me’yordan ancha oshib ketgan. 

Mazkur qaror 2021 yilning 30 aprelidan boshlab kuchga kirgan va unda Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari shakllantirilgan ro‘yxat asosida ortiqcha xizmat avtotransport vositalarining 2021 yil 1 avgustga qadar elektron auksion savdolariga qo‘yilishini ta’minlashi kerak edi. 

Bundan tashqari, Jizzax shahri va viloyatning 12 ta tumani hokimligi tasarrufida ham 2021 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, 100 ga yaqin avtotransport vositalari xizmat qiladi. Ulardan 8 tasi belgilangan me’yordan ortiqchaligi aniqlangan. 

Ularning narxlarini tahlil qilib ko‘ramiz:

Cadillac avtomobilining 2016 yilgi versiyasi 304-410 ot kuchili avtomobil bo‘lib, narxi xorijda 23,334 — 33,360 dollar atrofida. 

Mercedes-Benz’ning E klassdagi eng arzon narxi esa 57,700 — 66,200 yevro bo‘lib, bu narxda O‘zbekistonga olib kirishdagi bojxona to‘lovlari nazarda tutilmagan.  

Mercedes-Benz Sprinter markali mikroavtobuslar ham yuqoridagi qimmatbaho avtomobillar singari O‘zbekistonda ishlab chiqarish va yig‘ish imkoniyati mavjud bo‘lmagan va faqat xorijdan sotib olinadigan transport vositalari sirasiga kiradi. Uning narxi esa eng kamida 15 000 yevro turadi. 

Captiva avtomobili esa O‘zbekistondagi eng ommabop mashinalardan bo‘lib, uning bugungi kundagi narxi o‘rtacha 200-250 mlnni tashkil qiladi.

Garchi Jizzax viloyat hokimligining bunday ma’lumotlarni to‘la ochiqlagani ijobiy holat bo‘lsa-da, Hukumat qarori talablariga amal qilish shartdir. 

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

1557

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing