Bloklash – ahmoqlik. Qonunning moddasi yo ishlasin, yo chiqarib yuborilsin

Tahlil

Qonun ishlab chiqish osonmas. Qachonki, u xalqqa foydasi tegadigan, odamlarni norozi qilmaydigan, muhimi, ishlaydigan qonun bo‘lsa...

Dastlab qonun yozilib, parlament quyi palatasining tegishli qo‘mitalari tomonidan yaxshilab o‘qilib, qo‘shimchalar kiritilib, 150 ta deputatga havola qilinadi. Kimdir tushunib, kimdir tushunmay yangi qonunga ovoz beradi yoki ortga qaytaradi. Qonun Senatga borgudek bo‘lsa, u yerda ham hujjatni xuddi shunday taqdir kutib turibdi. Senatda ham tegishli qo‘mita qonunni sinchiklab o‘rganadi va undan keyin senatorlarga taqdim qilinadi. Senatorlar ham eshitib, muhokama qilib, o‘z munosabatini, roziliklarini bildirishadi. Albatta, uxlab qolishmasa. Qarabsizki, deputat va senatorlarga ishongan davlat rahbari qonunga imzo chekadi.

Yodingizda bo‘lsa, QALAMPIR.UZ’da “O‘zbekistonda barcha ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi kerak” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan edi. Unda, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra barcha ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi kerakligi, qonunning 271 O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishning alohida shartlari haqidagi modda ishlamayotgani, ya’ni unda Facebook, Twitter, Instagram, TikTok, VKonyekte, Odnoklassniki, Telegram kabi ijtimoiy tarmoqlar va YouTube, Netflix kabi platformalar o‘z serverini O‘zbekistonga olib kelib joylashtirmagan taqdirda yopilishi kerakligi, qonunning ushbu moddasi asosida O‘zbekistonda Twitter va TikTok bloklangani, qolganlari esa qonun nazoratidan chetda qolgani, bloklangan tarmoqlar, xususan Twitter’ga hatto amaldorlarning o‘zi ham shaxsiy ma’lumotlar borasida ijtimoiy tarmoqlardan ham xavfliroq VPN orqali kirayotgani haqida so‘z borgandi

Oradan ma’lum vaqt o‘tib, deyarli bir yil blokda turgan uchta Twitter, WeChat va VKontakte ijtimoiy tarmoqlarining bandi yechildi. Qayd etilishicha, TikTok platformasi bilan muzokaralar davom etmoqda.

Ko‘pchilik tarmoqlarning ochilishini ochiqlik siyosati bilan bog‘ladi. “Bloklash – faqat zarar va ahmoqlik!”, dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov.

Hamma tarmoqlarning ochilishi haqida gapiryapti. Oddiy odamlar mayli, lekin rasmiylardan birorta mard chiqib, “Iya, kechirasiz, qonunga tamg‘a qilingan moddani taqdiri nima bo‘ladi?”, degan savolni ko‘ndalang qo‘ymadi. O‘zi “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga 27moddasini kiritishni taklif qilgan yoki uni qabul qilganlar bu modda ishlamasligini hisobga olishmaganmi?

Aynan shu savol bilan qonunning 271 moddasi qabul qilinishida bosh-qosh bo‘lgan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi rahbari Ilhom Abdullayevga qo‘ng‘iroq qildik. Abdullayev bu masala yuzasidan kelasi haftada intervyu berishi mumkinligini bildirdi. U audiointervyu berishni istamadi.

Yodingizda bo‘lsa 4-5 avgust kunlari Oliy Majlis Senatining 29-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatovni uchratdik. Vazirni har kuni ko‘rib yuribmizmi? Tabiyki, mavzudan tashqari savollarimizga ham javob olishga urindik. Biz uchun qiziq va mavhumligicha qolayotgan eng muhim masala bu – Twitter edi.

“Twitter masalasida qonunning 271  O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishning alohida shartlari haqidagi moddasiga “O‘zbekistonda vakolatxonasi yoki vakili bo‘lgan kompaniyalarga ta’sir qilmasin”, degan o‘zgarish kiritilishini taklif qilganmiz. Aynan shu o‘zgarishlar bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan muzokaralar olib borilyapti. Oracle, SYP, Microsoft agur ular ham "oblachniy" texnologiya foydalanadi. Agar ularni O‘zbekistonda vakolatxonasi bo‘lsa, kelishib ishlanadi. Agar biz taklif qiladigan norma tadbiq etilsa, bu masala yechiladi. Bu moddaga o‘zgartirish kiritilishi kompaniyaning vakolatxonasi ochilishini tezlashtiradi va ular ham tezroq IT-park rezidenti bo‘ladi.

Dunyoda shaxsiy ma’lumotni himoya qilish zarur narsa. Amerika yoki Yevropada ham bu narsaga nuqta qo‘yilgani yo‘q. Axborot xavfsizligi kerak. Senatorlar bu qonunga qo‘l ko‘tarishgan bo‘lishsa, shaxsiy ma’lumotlarni ehtiyot qilish maqsadida qo‘llab-quvvatlagan bo‘lishlari mumkin. Amerika yoki Yevropada boshqa rivojlangan mamlakatlarda ham shaxsga doir ma’lumotlarni qanday saqlash bo‘yicha ideal model chiqmagan”, deydi Shermatov.

Vazir so‘zida davom etib VPN’ni keraksiz ekanini urug‘uladi. Uning aytishicha, qonun ishlashi uchun unga o‘zgartirish kiritish zarur. Shu o‘rinda qo‘shimcha qilish kerak, Sherzod Shermatov Twitter'da bor, lekin u 2020 yildan buyon twit yozmagan. Demak, u tarmoq bloklanganida VPN orqali undan foydalanmagan.

“VPN keraksiz narsa. VPN orqali kirish ma’lumotlarni boshqa joyga ketib qolishiga sabab bo‘ladi. To‘g‘ri, qaror qabul qilinib, cheklov olib tashlandi. Endi qonunni ham o‘zgartirish kerak. Qonun bor va ishlamayapti, deb to‘g‘ri aytyapsiz. Men yuqaorida aytgan taklifim aynan shu qonundagi tegishli moddani to‘g‘rlab qo‘yish haqida”, deydi vazir.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligiga “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi Qonun loyihasini o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun taklif kiritgan.

“Mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta’minlashi shart”shart deyilgan eski tahrirdagi qonunda.

Shermatovning vazirligi kiritgan taklifi esa quyidagicha. 

“Mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta’minlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli organ bilan o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha qonuniy vakillarga ega bo‘lishi shart. Qonuniy vakillar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy va yuridik shaxslar bo‘lishi lozim”. 

Vazirlik moddadagi shart so‘zini yoki bilan o‘zgartirib, qo‘shimcha kiritishni taklif qilgan. 

Unga ko‘ra, ushbu moddaga biz foydalanayotgan ijtimoiy tarmoqlarning serveri O‘zbekistonda joylashgan bo‘lsa, foydalanish mumkinligi, agar bu ma’lumotlar bazasi boshqa davlatda bo‘lgan taqdirda, barcha (serveri yo‘q) tarmoqlar bloklanishi yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli organ bilan o‘zaro hamkorlik qilish uchun qonuniy vakillarga ega bo‘lishi shartligi, vakil esa belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy va yuridik shaxslar bo‘lishi lozimligi taklifi kiritilgan.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Matbuot xizmati rahbari Sherzod Ahmadovga ko‘ra, xalqaro tajribani o‘rgangan holda, “O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun Adliya vazirligiga kiritilgan. Bu taklif hali to‘ldiriladi. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi kunda 271 moddaning nima qilsa to‘g‘ri ishlashi bo‘yicha mutaxassislar bosh qashlayapti. Hali muhokamalar davom etadi va yuqoridagi taklif 100 foiz qonunchilik palatasiga  kiritish uchun tayyor bo‘lganda, taqdim etiladi.

Moddaga o‘zgartishlar kiritish va uni manfaatli bo‘lishi hamda ishlashi uchun harakat boshlangani yaxshi. Lekin bir narsani alohida ta’kidlash kerak, qonunni taklif qilayotganlar va uni qabul qiladiganlar qonunni ishlashi hamda xalq uchun foyda keltirishini inobatga olishlari juda muhim.

Aks holda hujjatni deb tarmoqlar bloklanganda ham, to‘liq ijrosi imkonsizligi ma’lum bo‘lgach, o‘sha platformalar qayta ochilganda ham “hammasi xalqning foydasiga”, deb o‘zimizni aldab yuraveramiz.

Nima bo‘lgan taqdirda ham Yangi O‘zbekistonda qonunlar ishlasin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

56

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing