Odamlar yashab turgan uy auksionga qo‘yib yuborildi. Tadbirkor sotilgan uyga bankdan qarz olgan
Tahlil
−
04 avgust 2022
16714O‘zbek yillab ishlaydi, yig‘ib-terib topganiga yo uy oladi, yo to‘y qiladi. Hashamatli uyda kim ham yashashni istamaydi deysiz? Uyga to‘lov qilish uchun kelganingizda quruvchi kompaniya hamma sharoitlarni qilib berishi, lift lip etib tepa qavatga olib chiqishi-yu mashinangiz maxsus turargohdan joy olishini va’da qiladi. Narxi osmonda bo‘lsa ham bolalarim shinam uyda yashasin, orzu-havasimga yetay deb hali qurilmagan uyni “plani”ni ko‘riboq, pul to‘laysiz.
Ko‘chib kelganingizda, bolalar maydonchasi qurilmagani, liftning ishlamasligi va yana boshqa muammolarga ham ko‘z ham yumarsiz, falon pul to‘lab sotib olgan uyingizni mulk huquqi sizda emasligiga nima deysiz? Qanday qilib deysizmi? Uy qurib bitkazilgan, odamlar ta’mirlab, yashashni boshladi, lekin kadastr hujjati yo‘q. "Dom" qurganlar esa bir necha yildan buyon kadastr hujjatini qilib beramiz, deb ishni ortga surishmoqda.
"Kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopadi" degan gap bor. Gap shundaki, siz ko‘rib turgan uyni qurgan “Real Development” MCHJ "Orient Finans bank"dan katta miqdorga kredit oladi. Bankga garov evaziga “Real Tex Tashkent” MCHJga tegishli Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Beshqayrag‘och ko‘chasi 2-uyning 3,4,5,6,7 qavatlari, odamlarga sotilgan kvartiralar garovga qo‘yiladi. MCHJ pul to‘lolmagach, ish sudga chiqadi, sud esa undiruv hujjatini MIBga yo‘naltiradi. Qarabsizki, odamlar yashab turgan uy Davlat aktiviga aylanib, auksionga chiqariladi.
Auksionda ko‘p qavatli uy 14 mlrdga baholangan. Lekin, birinchi va ikkinchi qavatlari sotuvga qo‘yilmagan. Uyning pastki qavatlari allaqachon tadbirkorlarga berilgan va ular faoliyatlarini boshlashga ham ulgurishgan. QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bo‘lgan tadbirkorlar ular ijaraga olgan do‘konlarning barcha hujjatlari, jumladan kadastri ham borligini aytishdi.
Majburiy ijro byurosi bergan ma’lumotlarga qaraganda, Toshkent tumanlararo sudining 13.05.2022 yildagi ijro varaqasiga asosan qarzdor “Real Development” MCHJdan undiruvchi "Orient Finans bank" XATB foydasiga jami 566,838,54 yevro kredit qarzdorligi va 21,600 so‘m pochta xarajatlari undirish, undiruv garovdagi “Real Tex Tashkent” MCHJga tegishli Shayxontohur tumani, Beshqayrag‘och ko‘chasi 2-uy manzilda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlariga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘lim ish yurituvida mavjud bo‘lib, tegishli ijro harakatlari olib borgan.
“Mazkur ijro hujjati yuzasidan garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulk, ya’ni “Real Tex Tashkent” MCHJga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlari 2022 yil 22 iyun kuni “Garovda bo‘lgan ko‘chmas mukni xatlash va ko‘zdan kechirish to‘g‘risida"gi dalolatnomaga asosan tegishli tartibda xatlangan va shu kuni “Mol-mulkni elektron onlayn-auksionda sotish uchun chiqarish to‘g‘risida” qaror qabul qilinib, taraflarga 2022 yilning 23 iyun kuni taqdim etilgan.
Ijro hujjatini ijrosini ta’minlash maqsadida garovda bo‘lgan ko‘chmas mulkni boshlang‘ich bahosi 18.01.2021 yildagi o‘zaro kelishuv dalolatnomasiga asosan 14.000.000.000 so‘mga belgilanib, kimoshdi savdolarida sotish uchun “Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish markazi” DUKga buyurtma berilgan va kim oshdi savdolari 2457796-sonli Lot raqami bilan 19.08.2022 yil kuniga belgilanganligi ma’lum qilinadi”, deydi MIB Matbuot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov.
Ko‘p qavatli uyning hovli qismiga o‘tib endigina ishga kirishdik, deganimizda qayerdandir o‘zini qurilish bo‘yicha mas’ul shaxs sifatida tanishtirgan Akbar Ilyosov paydo bo‘ldi.
“Ko‘p qavatli uyning qurilishi bitgan. Kadastr hujjatlari ham tayyor bo‘lgan. Uy xarid qilganlarning ayrimlari kadastr hujjatlarini ham olishgan. Bank va garovga qo‘yilishi va Auksionda sotilish masalasidan men rasmiy izoh berolmayman. Auksionga qo‘yilgani bo‘yicha fuqarolar va rahbar yig‘ilib gaplashishgan. Qarzdorlik korxona tomonidan to‘lab tugatiladigan bo‘ldi. Fuqarolar bilan gaplashib, 4 kun muhlat olishgandi. Pullari ham bankga o‘tkazilgan bo‘lsa kerak”, deydi Akbar Ilyosov.
Uy atrofi va yo‘laklarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, hali qurilish jarayonlari oxiriga yetmaganiga guvoh bo‘ldik. Ko‘chib kelgan odamlarning ko‘pi kvartiralarni ta’mirlash bilan band. Fuqarolardan birining ma’lum qilishicha, shartnoma imzolanayotganda berilgan ayrim va’dalar hamon bajarilmagan. Lift ishlamaydi, bolalar maydonchasi yo‘q, loyihada ko‘rsatilganidek, yashil maydondan ham asar yo‘q. Uni ham qo‘ying, hozirgacha odamlar gaz yoqib emas, pechkada ovqat qilishyapti. Sababi hali gaz berilmagan.
Biz bir necha savollarga javob olish maqsadida “Real House" MCHJ rahbari bilan bog‘lanishga harakat qildik, ammo qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi. Shu sabab ham qurilish bo‘yicha ma’sul shaxs Akbar Ilyosovdan javob olishga harakat qildik.
“Kompaniya tashqi fasadi va yo‘laklarni ta’mirlab bergan. Yo‘lakda turgan qurilish mollari yoki chiqindilarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, bu ham uyni "korobka" holatida topshirganimiz va fuqarolar xonadonlarini ta’mirlayotgani sababli. Bolalar maydonchasi ham quriladi. Uy 2 ta kirish yo‘lagidan iborat. 56 ta xonadon bor. Hamma kelib uyida ta’mirlashni boshlagan. Kimdir hovli o‘rtasiga qum, g‘isht to‘kadi. Ta’mirlash ishlari bitgach, albatta, bolalar maydonchasi ham qurib beriladi. Fuqarolarni o‘zlari ham hamma ish bitganidan keyin maydonchani qurib berishimizni so‘rashdi”, deydi Akbar Ilyosov
Holat yuzasidan rasmiy izoh olish maqsadida “Real House" MCHJ ofisiga bordik. Afsuski, qo‘riqchi boshliq yo‘qligi, boshqa xodimlar ham ishda emasligini aytdi. O‘zini tanishtirishni istamagan “Real House" MCH rahbari oradan bir kun o‘tib, bugun, 4 avgust kuni qo‘ng‘iroq qildi va hamma ishlar hal bo‘lganini urg‘uladi.
“Biz qarz masalasini hal qildik. Masalani yechib qo‘ydik. Hozir auksiondan yechishadi, hech qanday masala yo‘q. Erta-indindan uylarni rasmiylashtirishni boshlaymiz. Kadastr hujjatlari vaqtida hal qilinmaganining sababi – qurilish ishlari ko‘p, shuning uchun ulgurmaganmiz. Bankga hamma qarzlarni to‘ladik, masala hal bo‘ldi.
Uy garovga qo‘yilgan vaqtida xonadonlarni ko‘pi sotilmagan, sotilganlari ham bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan edi. Ikki-uchta uy sotilgan vaqtida hamma uylar firma balansida turgan paytda biz binoni garovga qo‘yganmiz. Keyin odamlar sotib olishni boshladi. Biz odamlar bo‘lib (muddatli – tahr.) to‘lash asosida olgan uylarini to‘lovlarini to‘lab bo‘lgunlarigacha masalani yopamiz, deb kredit olgandik. Hozir auksiondan uylar yechildi. Hech qanday masala yo‘q. Endi uylarni rasmiylashtirib berish ishlarini boshlab olamiz”, deydi o‘zini tanishtirishni istamagan “Real House" MCHJ rahbari.
Oradan ikki soat vaqt o‘tib, “Real Tex Tashkent” MCHJ yuristi Husan Baxtiyorov qo‘ng‘iroq qilib, holatga izoh berdi.
“MIBni rasmiy saytidan ko‘rsangiz bo‘ladi, qarz to‘landi va uy auksiondan yechildi. Kadastr hujjatlari masalasi ham tez orada hal bo‘ladi. Uy “zapret”da bo‘lgani uchun kadastr hujjatini rasmiylashtirish imkoni bo‘lmagan. Hozir qarz yopildi va endi hujjatlashtirish ishlarini qilish mumkin. Birinchi va ikkinchi qavatlarni ijaraga berishda yuridik shaxslar bilan shartnoma tuzilgani uchun, yagona darcha orqali hujjat rasmiylashtirilgan.
Loyiha bo‘yicha chala ishlar esa ta’mirlash ishlari yakuniga yetganidan so‘ng amalga oshiriladi”, deydi “Real Tex Tashkent” MCHJ yuristi Husan Baxtiyorov.
Masala MCHJ direktori va yuristi aytganidek hal bo‘lgan-bo‘lmaganini bilish maqsadida MIB Matbuot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov bilan bog‘landik. Uning aytishicha, kompaniya qarzlarni to‘lagan. "E-AUKSION"ga ham bu haqda xabar berilgan va auksion sotuvni bekor qilgan.
Kompaniyada kreditni to‘lash va auksiondagi sotuvni bekor qilish imkoni bor ekan, nega buni ortga surib, odamlar yashayotgan uy auksiongacha borishiga yo‘l qo‘ydi. Bu muammo bir kunda paydo bo‘lmagan. Lekin hal etish uchun QALAMPIR.UZ surishtiruv boshlashining o‘zi kifoya qildi.
Bugun ko‘p qavatli uy quruvchilar juda ko‘p. Ularga ishonib yo‘q uyga pul to‘layotganlar ham talaygina. Shunday ekan, uy sotib olishda ehtiyot bo‘ling, chuv tushib qolmang.
“Real House" MCHJ esa tez orada fuqarolarga mulk huquqini beruvchi kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib beradi va ularning huquqlari poymol qilinmaydi, degan umiddamiz
LiveBarchasi