Odamlarni norozi qilayotgan qurilishlar ketma-ket to‘xtatilyapti
Jamiyat
−
19:37 785 9 daqiqa
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasiga kutilmaganda qilgan tashrifi Toshkentdagi ko‘plab noqonuniy qurilishlar ustidagi “parda”ni ochib yubordi! “Kasalini yashirsang, istimasi oshkor qiladi”, deganlaridek, shu kundan e’tiboran poytaxt va viloyatlarda yillab xas-po‘shlab kelingan, amaldorlar va “uymakor” tadbirkorlarning noqonuniy ob’ektlarining “misi” ketma-ket chiqa boshladi. “Lolazor”dagi mahalla idorasi o‘rnida paydo bo‘lgan shubhali biznes markazidan tortib, Yakkasaroyda odamlar uyini o‘zboshimchalik bilan buzgan “New Port” majmuasicha, Olmazordagi binosi cho‘kib, odamlar hayotini xavfga qo‘ygan “o‘zboshimcha” quruvchilardan tortib, Surxondaryo va Farg‘onadagi shov-shuvli demontajlargacha! Bugun shu qurilishilar haqida batafsil ma’lumot beramiz
“Lolazor” qanday payhon bo‘lgan
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasiga tashrifidan so‘ng voqealar rivoji mutlaqo boshqa o‘zanga burildi. O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining Mirobod tuman bo‘linmasi poytaxt markazidagi qimmatbaho yerni davlat-xususiy sherikchilik bahonasida shubhali MCHJga qanday o‘tkazib berdi? QALAMPIR.UZ bu borada ma’lumotlarni jamladi.
O‘rganishlar davomida, mazkur manzildagi eski mahalla idorasi o‘rnida 2026 yil iyul oyidan boshlab besh qavatli noturar ob’ekt qurilishi boshlangani ma’lum bo‘ldi. Loyiha Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondining Mirobod tuman bo‘linmasi hamda “AL-LATIF HEARST TOWER” MCHJ o‘rtasida 2023 yil 24 noyabrda tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilgan. Binoning birinchi qavatda mahalla idorasi, yuqori to‘rt qavatida esa biznes markazi joylashtirilishi rejalashtirilgan.
Qurilish maydoni eski mahalla binosi ortidagi bolalar maydonchasini ham qamrab olgani, hudud maxsus devorlar bilan o‘rab qo‘yilgani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Ushbu holat yuzasidan “Lolazor” mahallasi aholisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga murojaat qilgan. Shu munosabat bilan Saida Mirziyoyeva mahallaga tashrif buyurib, vaziyatni o‘rgandi va mahalla idorasining buzilishi qonuniyligi yuzasidan tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi. QALAMPIR.UZ’ga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2023 yil 26 oktyabrda “AL-LATIF HEARST TOWER” MCHJga Mirobod ko‘chasi 27/12A manzilidagi mavjud noturar ob’ektni rekonstruksiya qilish va hududida qo‘shimcha bino qurish uchun ruxsatnoma berilgan.
Ruxsatnomada bir qator shartlar belgilangan. Jumladan:
shaharsozlik, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilish;
muhandislik tarmoqlarini muhofaza qilish yoki zarur hollarda ko‘chirish;
Mirobod ko‘chasidagi 27/4, 27/5, 27/6, 27/7 va 27/8-uylarda yashovchi aholi roziligini olish;
ekologiya, sanitariya xizmati hamda Favqulodda vaziyatlar xizmati xulosalarini rasmiylashtirish.
Ruxsatnoma ikki yil muddatga berilgan bo‘lib, belgilangan talablar bajarilmagan yoki qurilish o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan taqdirda uning amal qilish kuchi bekor bo‘lishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, loyiha bo‘yicha Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2025 yil 14 fevraldagi ijobiy xulosasi ham olingan. Bunda elektr, gaz va suv tarmoqlari bo‘yicha texnik shartlar ham olingan, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ob’ekt davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, 2026 yil 24 fevralda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasida atrofdagi uylar aholisi rozilik bildirgani qayd etilgan.
Ochiq davlat reyestrlari ma’lumotlariga ko‘ra, “AL-LATIF HEARST TOWER” MCHJ 2021 yilda davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Kompaniyaning ustav kapitali 171 million 500 ming so‘mni tashkil etadi.
Kompaniya rahbari sifatida Boburmirzo Baxtiyorovich Latipov ko‘rsatilgan. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, uning nomida jami 5 ta MCHJ mavjud. Ularning ustav kapitali 3-4 million so‘mdan boshlanib, eng baland fondi 200 million so‘mni tashkil etadi va ularning barchasi faol maqomda saqlanmoqda.
Aynan shu kompaniya Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondining Mirobod tuman bo‘linmasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida shartnoma tuzib, mahalla idorasi hududida besh qavatli noturar ob’ekt qurilishini boshlagan. Qurilish rejasiga ko‘ra, binodan faqat birinchi qavat mahalla idorasi sifatida foydalaniladi. Qolgan qavatlar esa biznes markaziga aylantirilishi belgilangan.
“Mahalla” xayriya jamoat fondining Mirobod tuman bo‘linmasi hamda “AL-LATIF HEARST TOWER” MCHJ davlat-xususiy sheriklik mexanizmi orqali mahalla idorasini rekonstruksiya qilish asosida mazkur ob’ekt qurilishini boshlagan.
“Mahalla” fond tuman bo‘linmasining raisi Abdumurod Azizov tadbirkor Boburmirzo Latipovga yer ajratishni Prezidentning 2023 yil 21 dekabrda qabul qilingan PQ-402-sonli qarori asosida amalga oshirgan ko‘rinadi.
Qarorning 11 bandida, mahalla idoralari uchun yagona namunaviy va ixcham binolar loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan. Ammo mazkur qaror mahalla binolari hududida ko‘p qavatli tijorat ob’ektlari qurilishini nazarda tutadimi yoki yo‘qmi, bu masalaga rasmiy izoh berilmagan.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning “Lolazor” MFYga tashrifi davomida poytaxtda shaharsozlik talablari, dizayn kodlar, yashil hududlarni saqlash va aholi manfaatlarini inobatga olish zarurligini bildirdi. Shuningdek, qurilish jarayonida qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, mas’ullar qonun oldida javob berishi lozimligini ta’kidladi.
Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari prokuratura organlari tomonidan olib borilmoqda.
Shundan so‘ng, QALAMPIR.UZ Respublika Bosh prokuraturasi matbuot xizmati bilan bog‘landi ammo Bosh prokuratura mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh bermadi. Toshkent shahar hokimligi esa barcha mas’uliyatni tuman hokimligiga yuklab, savollarga tumandan javob topishimiz mumkinligi bildirdi.
Mirobod tuman hokimligi esa “AL-LATIF HEARST TOWER” MCHJga yer maydoni ajratib berish haqida hech qanday qaror chiqarmaganini ma’lum qildi.
Shuningdek, tahririyat qurilish ishlarini olib borayotgan MCHJ bilan ham bog‘lanishga urindi. Biroq, ochiq manbalarda keltirilgan “AL-LATIF HEARST TOWER” MCHJga tegishli bo‘lgan telefon raqamlari orqali aloqa o‘rnatishning imkoni bo‘lmadi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, agar qurilish kompaniyasi biror ma’lumot bermoqchi bo‘lsa, tahririyat ular uchun ham ochiqligini bildiradi.
Bu yerda yana bir muhim savol tug‘iladi. Mirobod tumanidagi mazkur manzil poytaxtning eng qimmat lokatsiyalaridan biri hisoblanadi. Davlat-xususiy sheriklik shartnomasi qanday tanlov asosida tuzilgan? Tender o‘tkazilganmi? Boshqa investorlar ishtirok etganmi? Bu savollarga hozircha rasmiy javob yo‘q.
Bundan tashqari, bolalar maydonchasining qurilish hududiga qo‘shib yuborilishiga huquq berganmi yoki yo‘q, bugun tekshiruvchilar aniqlashi kerak bo‘lgan asosiy masalalardan biri hisoblanadi.
Toshkentda “New port” nomi bilan 5 ta ko‘p qavatli uy noqonuniy qurilayotgani aniqlandi
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida fuqarolarni majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari yakunlanmasdan turib uy o‘zboshimchalik bilan buzib tashlangani aniqlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 2 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda “New Port” turar joy majmuasi hududida yashovchi fuqarolarga kompensatsiya pullari to‘liq berilmayotgani hamda uy noqonuniy buzilgani haqida videomurojaat tarqalgan. Toshkent shahar prokuraturasi mazkur holatga rasmiy munosabat bildirgan.
Tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruvda “Mega Logistics Servise” MCHJ mansabdor shaxslari Yakkasaroy tumani Damariq mahallasi A.Qahhor ko‘chasi, 19-uyda yashovchi fuqarolarni majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari yakunlanmagan bo‘lsa-da, mazkur uyni o‘zboshimchalik bilan buzib tashlagani aniqlangan.
Shuningdek, qurilishga tegishli ruxsatnoma olmasdan ushbu hududda 1 ta 20 qavatli, 2 ta 19 qavatli, 1 ta 12 qavatli va 1 ta 2 qavatli turar joy binolari o‘zboshimchalik bilan qurilgani ma’lum bo‘lgan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan “Mega Logistics Servise” MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Olmazor tumanidagi falokat
Joriy yilning 2 avgust kuni dahshatli hodisa yuz berdi. Poytaxtning Olmazor tumani Orzu mahallasi Beruniy ko‘chasida joylashgan maktabga tegishli yer maydonida olib borilayotgan qurilishda bir nafar quruvchini daraxt va asfalt qoplamali tuproq bosib qolishi oqibatida og‘ir holatda shifoxonaga yotqizildi. Qurilishdagi qo‘pol qoidabuzarliklarni deb, 9 qavatli aholi turar-joy binosining bir tomoni cho‘kib qulash ehtimoli yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.
Ijtimoiy tarmoqlarda holat aks etgan videolar tarqalgach turli savollar ko‘paydi. Tadbirkor o‘zboshimchalik bu yerni bilan egallab olganmi? Qurilish vazirligi qaysi shart bo‘yicha ruxsat bergan, Toshkent shahar qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi talab va me’yorlarga amal qilinayotganini tekshirganmi? hududdagi daraxtlar kesilgan, ekologiya qo‘mitasi bundan xabardormi mazmunida so‘roqlar yangrashni boshladi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, falokat oqibatida 1 kishi jarohatlangan va u ayni paytda shifoxonada davolanmoqda. Qurilishga Aloqador MCHJ mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarida Jinoyat kodeksining 257-(mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 192-11-moddalarida (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov olib borilmoqda. Bundan tashqari quruvchi tashkilot tabiatga shafqatsiz munosabatda bo‘lib, ogohlantirishlarga qaramay bir necha o‘nlab daraxtlarni nobud qilgan. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, qurilish hududida ekologiya qonunchiligi bir necha bor buzilganiga qaramay, quruvchi ishlarini davom ettirgan.
Holbuki, Prezidentning 2021 yil 30 dekabrdagi farmoni bilan daraxt kesishga muddatsiz moratoriy joriy etilgan. 2025 yil 19 noyabrda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etilgan, 2026 yil 25 martdagi 1124-son Qonun bilan esa ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilgan. Shunga qaramay, qonunbuzarliklar takrorlangan. 2024 yil apreldagi xatlovda hududda 46 tup daraxt (27 tup chinor, 10 tup jiyda, 3 tup aylantus va 6 tup tut) mavjudligi qayd etilgan. 2025 yil 16 aprelda 2 tup chinor noqonuniy ko‘chirilgani uchun 24,7 mln so‘m jarima va 6,6 mln so‘m zarar, 24 aprelda esa 14 tup chinor shikastlangani uchun 9,3 mln so‘m jarima hamda 42 mln so‘m zarar undirilgan.
2025 yil 17 dekabrda qurilish maydonida 6 tup chinor, 3 tup archa va 1 tup sofora noqonuniy kesilib, tabiatga 605 mln so‘m zarar yetkazilgan. 2026 yil 13 iyulda yana 3 tup chinor kesilgani aniqlanib, 10,3 mln so‘m jarima va 218,3 mln so‘m zarar undirish bo‘yicha sudga da’vo kiritilgan. To‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborilgan, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi zararni MCHJdan undirish haqida qaror chiqargan. Biroq zarar haligacha qoplanmagani uchun ijro hujjatlari MIBga yuborilgan.
Farg‘onada 5 yildan beri bahslarga sabab bo‘lgan noqonuniy qurilish buzildi
Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahri Shodiyona ko‘chasida aholi e’tirozlariga sabab bo‘lib kelgan noqonuniy qurilish buzildi. Qariyb besh yil davomida mahalla aholisiga noqulaylik tug‘dirgan va fuqarolarning bir necha borgi murojaatlariga qaramay qurilishi davom etgan majmuani demontaj qilish ishlari amalga oshirilgan. Shodiyona mahallasi aholisi mazkur masala hal etilgani munosabati bilan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga minnatdorlik bildirgan. Qayd etilishicha, noqonuniy qurilishni bartaraf etish ishlari Prezident Administratsiyasi rahbarining aholi uchun qulay muhit yaratish, hududlarda bolalar o‘yin maydonchalarini tashkil etishga qaratilgan tashabbusi doirasida amalga oshirilgan.
Surhandaryodagi qurilishda ekologik qonun buzilgani aniqlandi
Viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasi davlat inspektorlari Sangardak hududida qo‘shimcha o‘rganish o‘tkazdi. O‘rganish davomida qurilish ishlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilmasdan, o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgani, shuningdek, ishlar jarayonida ayrim daraxtlarga mexanik shikast yetkazilgani aniqlangan. Sangardak turizm majmuasi loyihasi hududning noyob tabiiy muhiti va bioxilma-xilligini saqlash, yashil hududlarni asrab qolish hamda qo‘shimcha manzarali daraxt va buta turlarini ekish orqali ekologik turizmni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lsada amalda bunga zid ishlar amalga oshirilgan. Hozirda holatga huquqiy baho berish, yetkazilgan ekologik zarar miqdorini hisoblash, mas’ul va aybdor shaxslarni aniqlash hamda ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish ishlari davom etmoqda. Xo‘sh sizning xududingizda ham noqonuniy qurilish ishlari, tabiatga ekologiyaga zarar yetkazish holatlari kuzatilganmi bular haqida izohlarda yozib qoldiring.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi