Fuqarolarga 10 dan ortiq yo‘nalishda subsidiya beriladi

Jamiyat

image

Kecha, 11 may kuni Vazirlar Mahkamasining 252-son qarori bilan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan subsidiyalar quyidagi maqsadlar uchun ajratiladi:

•  yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun – 8 mln 100 ming so‘mgacha;

•  sug‘orish vositalari xarid qilish uchun – 2 mln 700 ming so‘mgacha;

•  urug‘liklar va ko‘chatlar sotib olish uchun – 810 ming so‘mgacha;

•  ishsiz fuqarolar, kam ta’minlangan oilalar a’zolari va tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarga ularning bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etiladigan qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun – 2 mln 700 ming so‘mgacha;

•  “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi qo‘lda gilam va ipak mato to‘qish bilan shug‘ullanuvchilarga 3 tadan kam bo‘lmagan ish o‘rni yaratish sharti bilan gilam va ipak mato to‘qish dastgohini xarid qilishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun (har bir dastgoh uchun) – 2 mln 700 ming so‘mgacha;

•  “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi a’zolariga qo‘l mehnati uchun uskunalar xarid qilish bo‘yicha xarajatlarni qoplash uchun kamida bitta ish o‘rni yaratish sharti bilan 2 mln 700 ming so‘mgacha;

•  2022 yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvargacha jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun – 540 ming so‘mdan oshmagan miqdorda bir martalik;

•  tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun – 7 million so‘mgacha, xotin-qizlarga 10 million so‘mgacha;

•  tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik sub’ekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng dastlabki 3 oy mobaynida olingan bino va inshootning ijara to‘lovini to‘lash uchun – 2 mln 700 ming so‘mgacha (bunda subsidiya uch oyga teng taqsimlangan holda har bir oy uchun to‘lab beriladi);

•  hunarmandlarning “Hunarmand” uyushmasiga a’zolik badali xarajatlari uchun – a’zolik badali miqdorida;

•  aholi bandligiga ko‘maklashish markazida ro‘yxatdan o‘tgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlayotgan ishsiz shaxslarga – yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun – sarflanadigan xarajatlarni to‘lashda bir martalik;

•  “usta-shogird” an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan hunarmandlarga (kulollarga) shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlash uchun – 6 oy davomida har oyda 540 ming so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda;

•  shogirdlarga – mustaqil faoliyat boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olish, shuningdek, ustalarga – internet saytlarini tashkil etish, o‘z mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 50 foizi, biroq 6 mln 750 ming so‘mdan  oshmaydigan qismiga subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, kasb-hunarga o‘qitish markazlarining:

•  avtotyuning;

•  maishiy texnikani o‘rnatish va ta’mirlash;

•  kompyuterlarni ta’mirlash va sozlash;

•  video va fotosuratga olish;

•  mebellarni ta’mirlash va yig‘ish;

•  sartaroshlik xizmatlari, manikyur, pedikyur xizmatlari;

•  kosmetolog xizmatlari;

•  multimedia, dizayn va san’at materiallarini yaratish va ularga ishlov berish;

•  dasturiy ta’minot, axborot tizimlari, mobil ilovalar va veb-saytlarni ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash kasb yo‘nalishlarida “usta-shogird” an’analari asosida hunar o‘rganmoqchi bo‘lgan yoshlarga yoki hunar o‘rgatayotgan (yoki o‘rgatmoqchi bo‘lgan) ustalarga shogirdlar tayyorlash yoki ularni ish haqi bilan ta’minlash uchun – 3 oy mobaynida har bir shogirdga (besh nafargacha) har oyda 1 mln 80 ming so‘mgacha miqdorida subsidiya ajratiladi.

Ma’lumot o‘rnida, Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 dekabrdagi "Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" gi qarori asosida tashkil etilgan. Qarorga muvofiq, bu yil Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga aholini tadbirkorlikka jalb qilish va o‘qitish uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan transfertlar Jamg‘armaga yo‘naltirilishi, 2023 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda ushbu mablag‘lar Jamg‘arma uchun ajratilishi belgilangan edi.

Abbos Lapasov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

382

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing