O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas. 7 nafar IIO xodimi qiynoq uchun jazolandi

3-sahifa

image

2021 yilda O‘zbekistonda Ichki ishlar organlarining 7 nafar xodimiga dastlabki tergov va surishtiruv harakatlari davomida fuqarolarga nisbatan jismoniy, ruhiy va psixologik bosim o‘tkazgani uchun chora ko‘rilgan. Bu haqda bugun, 20 aprel kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili matbuot kotibi Fotima Madrahimova ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 32 ta qarorning barvaqt qabul qilingani aniqlanib, bekor qilingan va 16 ta holatda aybdor xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.

Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, 11 ta shikoyat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasining tegishli bandlariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning nazorat xatiga asosan yuqori turuvchi prokuratura organlari tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. 

Ushbu shikoyatlar yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakunlariga ko‘ra, 4 ta holatda ichki ishlar organlarining 7 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilgan. 

Shuningdek, jazoni yoki ehtiyot chorasini yengillashtirish yuzasidan mahkumlar (mahbuslar) tomonidan kelib tushgan murojaatlar yuzasidan Ombudsmanning xatiga asosan 13 ta murojaat bo‘yicha tegishli sudlar tomonidan 59 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan jazolar yengilrog‘iga almashtirilgan va 2 nafar mahbusning ehtiyot choralari yengilrog‘iga o‘zgartirilgan.

Ma’lumot uchun, AQSH Davlat departamentining Inson huquqlari masalasida 2021 yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan hisobotida O‘zbekistonda qiynoqlarning oldini olish, tergov jarayonida shaxs qadr-qimmatining kamsitilishiga qarshi kurashish borasida Hukumat tomonidan sa’y-harakatlar amalga oshirilayotganiga qaramay, hamon tergovda qiynoq usullaridan foydalanish va tan oldirish amaliyoti mavjudligicha qolmoqdaligi aytilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 mart kuni Fuqarolik kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sud tomonidan shaxsga nisbatan har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘la hajmda qoplab beriladi.

Joriy yilning 1 aprel kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan qiynoqlar mavzusi bo‘yicha brifingda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova so‘nggi uch yilda prokuratura organlarida qiynoqlar to‘xtagani, ammo boshqa kuch ishlatar tuzilmalarda hamon qiynoqlar mavjudligini tan oldi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

75

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing