Tekin pishloq qopqonda bo‘ladi! Navoiy ko‘chasi g‘irt tekinga ta’mirlanayotgani aytilmoqda
Jamiyat
−
17 fevral 2022
11882Xabaringiz bor, Toshkentning Navoiy ko‘chasida qurilish ishlari boshlangandi. Shahar markazidagi o‘zgarish muhokama mavzusiga aylangach, hokimlik loyihani taqdim etdi. Unda Alisher Navoiy shox ko‘chasi va Paxtakor hamda Alisher Navoiy shox ko‘chasi va Labzak ko‘chalari kesishmasi ta’mirlanishi belgilangandi. Ammo shu bilan hammasi tugamadi. Aksincha, yo‘l piyodalar uchun yanada noqulay bo‘lib qolishi sababli, bahslar avj oldi, savollar ko‘paydi.
Bugun, 16 fevral kuni Toshkent shahar hokimligi rasmiylari Navoiy ko‘chasida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazib, poytaxt markazidagi ko‘cha g‘irt tekinga ta’mirlanayotgani ma’lum qildi.
Olmazorda so‘kong‘ichligi bilan tilga tushgan va sochiga allaqachon oq oralagan, keyinroq Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari lavozimini egallagan Baxtiyor Rahmonovga ko‘ra, Alisher Navoiy shox ko‘chasidagi chorraha va yo‘lni turk kompaniyasi o‘z hisobidan ta’mirlaydi. Agar yo‘ldagi o‘zgarish o‘zini oqlab, hammasi rejadagidek amalga oshsa, bu kompaniya shahardagi 140 ta chorrahada ham shunday qurilishlarni amalga oshiradi. Bu chorrahalarni qurish ishlari byudjet hisobidan bo‘ladi.
“Homiylarga pilot loyihada qatnashish, keyinchalik boshqa chorrahalar qurish imkonini beradi. Ular bir chorrahani o‘z hisobidan amalga oshiradi. Agar hammasi rejadagidek amalga oshsa, bu kompaniya 140 ta chorraha qurish imkoniga ega bo‘ladi. Gap 140 ta chorraha haqida ketyapti. Agar bu kompaniyaning harakati, tajribasi yaxshi natija bersa, hisob-kitobimiz to‘g‘ri bo‘lsa, piyodalar va avtomobillar manfaat ko‘rsa, turk kompaniyasi keyingi buyurtmalar uchun tenderda qatnashadi. (!) Biz 15 ta transport koridori qurish haqida gapiryapmiz", deydi hokim "zami".
Nima? Biz noto‘g‘ri tushundikmi yo Rahmonovning aytganlari boshdan oyoq noto‘g‘rimi? Turk kompaniyasi qurilishni boshlagan bo‘lsa, ish yaxshi chiqsa unga yana 140 ta chorraha ishonib topshirilishi hozirdan va’da qilinayotgan bo‘lsa, hamma narsa bitgach, tender o‘tkaziladimi? Agar hozirdan ishni kim bajarishi ma’lum bo‘lsa, tender o‘tkazishdan nima naf?
Rahmonov reja natija berishi uchun ma’lum masofada loyihalashtirish kerakligini ta’kidladi. Shu ishlarni turk kompaniyasi o‘z zimmasiga olgan.
"Taqdim etilgan loyihaga nafaqat biz, balki jamoatchilik, OAV xodimlari, mahalla vakillari ham bee’tibor bo‘lmagan holda kamchiliklari yutuq yoki takliflari haqida aytilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Maqsadimiz shu. Agar jurnalist va blogerlar hammasini to‘g‘ri yoritsa, maqsadga erishamiz”, deydi Rahmonov.
Qiziq, u jurnalist va blogerlar to‘g‘ri yoritishi deganda nimani nazarda tutyapti. Umuman gapirmay, ko‘rmagandek yurishnimi? Balki yaqin bir oyda shu ko‘chadan o‘tmasliknidir. U jurnalistlarning savollaridan turk mutaxassislari ham qo‘rqib, ortiga qaytib ketishi mumkiniligini urg‘uladi. Ola!
“Savol uchun savol bersak natija bo‘lmaydi. Eng yomoni turk mutaxassislari ham ketib qoladi. Bizda tayyor mutaxassislar yo‘q. natija beradigan xalqaro tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar ko‘p emas”, deydi Rahmonov savol ustiga savol qo‘yayotgan jamoatchilik vakillariga qarata.
Hokimlik mutasaddisi Navoiy ko‘chasi misolida rejaning amalda ishlashi ko‘rilgach, boshqa chorrahalarni ham o‘zgartirish qarori qabul qilinishini aytdi.
"Piyodalarni ham avtomobilda, harakatlanadiganlarni ham huquqlarini suiiste’mol qilmaslik kerak. Bunda hokimlik jamoatchilik vakillari ham ishtirok etsin. Shu "koridor"da istiqomat qiladiganlardan ularga qanday qulayliklar kerakligi haqida o‘rganib, maqsadimizni amalga oshiraylik", deydi hokim o‘rinbosari.
Anjuman so‘ngida hokimlik mutasaddilari va jamoatchilik vakillari Navoiy ko‘chasiga borib, yo‘l bo‘yicha e’tiroz va takliflarni bildirishga kelishib olgan.
LiveBarchasi