Eh, SanJay! “Karvon” qo‘shiqchiga juda qimmatga tushdi

Madaniyat-san’at

image

Usmon Azim qalamiga mansub “Karvon” she’rini shoirning roziligisiz kuyga solgan, SanJay taxallusi bilan ijod qilayotgan Sanjar  Javberdiyev deyarli 100 mln so‘m jarimaga tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, kecha, 13 yanvar kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tumanlararo sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik va turdosh huquqlar himoyasi jamiyatining a’zosi, shoir Usmon Azim manfaatida javobgar Sanjar Javberdiyevga (SanJay) nisbatan mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, mualliflik huquqlari buzilganligi uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi fuqarolik ishi ko‘rib chiqilgan.

Mazkur ishni ko‘rib chiqish davomida fuqaro Sanjar Javberdiyevning shoir Usmon Azim qalamiga mansub “Karvon” nomli she’rdan muallifning roziligini olmagan holda, xususan, kelishuvga erishmasdan yoki shartnoma tuzmasdan foydalanib “Karvon” nomli qo‘shiq ijro etgani hamda internet orqali ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgani o‘z tasdig‘ini topgan.

“O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunining 62-moddasiga asosan, huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar ob’ektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqini buzish hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, mazkur qonunning 65-moddasiga ko‘ra, muallif huquqbuzardan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilishga haqlidir.

Shundan kelib chiqib, sud tomonidan taraflar o‘rtasida kelishuvga erishilmagani, muallifning roziligisiz uning she’ridan foydalanilgani inobatga olinib, javobgar Sanjar Javberdiyevdan shoir Usmon Azim foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (54 mln so‘m) miqdorida tovon puli va 40 mln so‘m miqdorida ma’naviy zararni undirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Qayd etish kerak, SanJay’ga “Karvon” qo‘shig‘i ancha “qimmat”ga tushgani tayin. Xususan, avval u Sherali Jo‘rayevning mazkur qo‘shig‘ini ruxsatsiz kuylagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1120

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing