Quruq qoshiq og‘iz yirtar! Oliy sud sudlar nega vaqtida boshlanmasligiga aylanma izoh berdi
Tahlil
−
01 dekabr 2021
8691Joriy yilning 29 noyabr kuni QALAMPIR.UZʼda “Yangi O‘zbekistonga meros qolgan eski sud tizimi” nomli maqola e’lon qilingan edi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida belgilangan sud majlisi 2 soat o‘tib ham boshlanmagani va bu holat barcha sudlarda surunkali ravishda uchrab kelayotgani haqida so‘z borgan. QALAMPIR.UZʼda e’lon qilingan maqola va video bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy munosabat bildirdi.
Unda qayd etilishicha, jurnalist Feruza Najmiddinova tomonidan e’lon qilingan videolavhada sud majlislarining o‘z vaqtida boshlanmasligi, fuqarolarning uzoq vaqt kutib sabab bo‘layotgani yuzasidan bildirgan fikrlari o‘rinli.
“Haqiqatan ham, ba’zan sud majlislarining belgilangan vaqtda boshlanmasligi, taraflarning behuda vaqt yo‘qotish holatlari mavjud ekaniga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ammo buning o‘ziga xos ob’ektiv va sub’ektiv sabablari borligini unutmaslik lozim. Xususan, sud majlisini o‘z vaqtida boshlashga imkon bermaydigan holatlarga alohida to‘xtalish joiz.
Chunonchi, inson taqdiriga daxldor masala hal etiladigan sud majlisida reglamentga (belgilangan vaqt) qat’iy amal qilishning umuman imkoni yo‘q. Nega deganda, taraflar o‘z vajlarini muayyan dalillar yordamida isbotlashi g‘oyatda muhim. Sudya o‘zining haq ekanini isbotlayotgan tarafning vajlarini diqqat bilan tinglash asnosida unga huquqiy baho berishi zarur.
Bu tabiiyki, o‘z-o‘zidan sud majlisining cho‘zilib ketishiga olib keladi va mutanosib ravishda keyingi sud majlisi ortga surilishiga sabab bo‘ladi. Aniqroq aytganda, sudya sud majlisining sun’iy ravishda cho‘zilishiga yo‘l qo‘ymaydi, balki bu sud muhokamasi chog‘ida yuzaga keladigan tabiiy jarayondir. Shunday ekan, sud majlisining cho‘zilib ketishi, navbatdagi sud majlisining o‘z vaqtida boshlanmasligiga sudya va sudlarni ayblash adolatdan bo‘ladimi?”, deyiladi bayonotda.
Oliy sud sudyalarning ish yuklamasi ko‘pligini ham inkor qilmaydi, lekin ayrim sud majlislarini o‘z vaqtida o‘tkazilmaganidan kelib chiqib, sudya va sudlarni qoralash bu masalaga bir tomonlama yondashishdan boshqa narsa emasligini iddao qilgan.
“Bundan tashqari, sudyalarning ish yuklamasi ko‘pligini ham inkor etib bo‘lmaydi. Aytmoqchimizki, har bir ishni ko‘rib chiqib, adolatli hal etish sudyadan muayyan tayyorgarlik ko‘rishni talab etadi. Odil sudlovni amalga oshirayotgan har bir sudya fuqarolarni kuttirishdan manfaatdor emasligini, balki haqiqatni qaror toptirish, ijtimoiy adolatni ta’minlashni o‘zining kasbiy vazifasi va majburiyati, deb bilishini alohida ta’kidlashni istardik.
Ayrim sud majlislarini o‘z vaqtida o‘tkazilmaganidan kelib chiqib, sudya va sudlarni qoralash bu masalaga bir tomonlama yondashishdan boshqa narsa emas. Aslida sudya qabul qilgan qaror uning faoliyatiga berilgan eng munosib bahodir”, deyiladi Oliy sud bayonotida.
Shu bilan birga, rasmiy munosabatda bugungi kunda butun bilim va tajribasi, g‘ayrat-shijoatini odil sudlovni amalga oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlashga bag‘ishlayotgan sudyalarning hurmatini joyiga qo‘yishni unutmaslik kerakligi ham uqtirilgan.
Shu o‘rinda, maqsadimiz sudyalarni qoralash emasligini alohida ta’kidlaymiz. Sudyalarning ish yuklamasi ko‘pligini inkor etmayotgan Oliy sud ishni to‘g‘ri taqsimlashi va yuklamalarni kamaytirishidan umidvormiz. Bir sudyaga beriladigan ortiqcha yuklama uning ish samarasi va shaxsiy hayotiga ham ta’sir qiladi.
“Har bir ishni ko‘rib chiqib, adolatli hal etish sudyadan muayyan tayyorgarlik ko‘rishni talab etadi” aynan bir sud majlisi tugab, ikkinchisiga yetarlicha tayyorgarliksiz kirayotgan sudyalar fuqarolar taqdirini hal qilmoqda. Ularning ish yuklamasi shu qadar ko‘p-ki, birinchi va ikkinchi sud majlisi orasida hech qanday tanaffus yoki tayyorgarlik yo‘q. Fuqarolarning sud va sudyalar chiqarayotgan qarorlardan norozi bo‘lishiga ularning ish yuklamasi sabab bo‘layotgandir. Biz Yangi O‘zbekiston qurish niyatida ekanmiz, ortiqcha yuklamalar bilan sudyalarning ham huquqlarini buzishga haqqimiz yo‘q.
Oliy sud QALAMPIR.UZʼning maqolasiga nisbatan javob berganini olqishlaymiz, biroq muammo ko‘tarilgandan keyin uning yechimi ham bo‘lishi kerak. Yechim esa Oliy sudning qo‘lida qolmoqda. Afsuski, e’tirozlarni qabul qilib, muammoni hal etmay, uni shunchaki aylanib o‘tish va vaziyatni to‘g‘ri qabul qilishni o‘rgatish bilan masalani uzil-kesil hal qilib bo‘lmaydi. Biz Oliy suddan quruq bayonot emas, sudlar o‘z vaqtida boshlanishi bo‘yicha aniq amaliy ish kutyapmiz. Zotan, quruq qoshiq og‘iz yirtar!
LiveBarchasi