“Askiya City”ning ortida kim turibdi? Buzilishi kerak bo‘lgan majmuada sotuvlar davom etmoqda

Jamiyat

Xabaringiz bor, joriy yilning 17 fevral kuni QALAMPIR.UZ saytida “INSOFT INVEST” MJCH’ning insofi bormi? Aholi noqonuniy qurilishdan norozi” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan edi. Unda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Jamshid Shoshiy ko‘chasida hech qanday ruxsatsiz, tasdiqlanmagan loyiha asosida “Askiya City” nomini olgan ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurilgani, ushbu qurilish “INSOFT INVEST” MCHJ va “GRAND HOUSE” MCHJ tomonidan amalga oshirilgani haqida so‘z borgandi.

Joriy yilning 25 fevral kuni Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudida sudya Dilbar Xayrullayeva raisligida noqonuniy qurilish yuzasidan ish ko‘rilishi boshlangandi.

2021 yil 6 aprel kuni sud tomonidan hal qiluv qarori e’lon qilindi. Qarorga ko‘ra “INSOFT INVEST” MCHJ va “GRAND HOUSE” MCHJ tomonidan barpo etilgan “Askiya City” turar joy majmuasini qurilish kompaniyasi hisobidan buzib tashlash belgilangan. Oradan 7 oy o‘tsa hamki, sud qarorining ijrosi ta’minlanmayapti, noqonuniy qurilgan majmuada xonadon savdolari hamon davom etyapti. Shu sababdan fuqarolar sud qarorining ijrosi paysalga solinayotganini aytib, QALAMPIR.UZ’ga qaytadan murojaat qilishdi.

Aida Karimova, fuqaro: — Bizning navbatdagi murojaatimiz ham hal bo‘lmayotgan “INSOFT INVEST” MCHJ va ularning noqonuniy qurilishi haqida. Buzish uchun qaror chiqqan bo‘lishiga qaramay, qonun ijrosi ta’minlanmayapti. Umuman o‘zgarish yo‘q. Eng qizig‘i sotuv ofisi ishlashda davom etmoqda. Qurilish kompaniyasiga savollarimiz juda ko‘p, afsuski, javob yo‘q. Qonunlar qachon ishlaydi, qachon ijrosi ta’minlanadi va odamlar qachon xotirjam yashaydi, bilmadim.

Dilafruz Ataxo‘jayeva, fuqaro: — Bino buzilishi to‘g‘risida sudning qarori chiqqaniga ham 7 oy bo‘ldi. Ammo, hali bino buzilgani yo‘q. Bizning uyimiz orqasidan chuqur qazib qo‘yishgan. Bu haqida avvalroq aytgan edik. "Ko‘mib beramiz", deyishdi. Ammo, oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa ham hali chuqurni to‘ldirishgani yo‘q. Avvaliga sud qarori chiqqan bo‘lsa-da, bular ancha ishlashdi. Mana endi, ikki oylardan beri qurilishni to‘xtatishgan. Chuqurlikni to‘ldirib berishlarini iltimos qilamiz. Shu bilan biz ham xotirjam bo‘lar edik. Uylarimizning devorlari yorilib, poydevorlari esa ochilib ketgan.

Ilhom Jamoliddinov, fuqaro: — 6 aprel kuni “Askiya City” nomi bilan qurilgan ko‘p qavatli bino buzilishi haqida sud qarori chiqqan. Lekin mana 7 oy bo‘lyaptiki, hech qanday buzilish jarayoni bo‘lmayapti. Biz bu haqida advokatimizga telefon qilib aytdik. Ular ham MIBga borib aytishdi. Ularning javobi “Bo‘ldi, buzamiz, buzamiz”. Ammo 7 oydirki, bu ish hamon hal bo‘lmayapti. Dardimizni kimga aytishni ham bilmaymiz.

Fuqarolar noqonuniy qurilgan “Askiya City”ning sotuv ofisi hozirgacha faoliyat olib borayotgani haqida aytishgani sababli, qurilish yonginasida joylashgan sotuv ofisiga kirib hozirgacha aynan “Askiya City” majmuasidagi xonadonlarni sotish ishlari ketayotganiga guvoh bo‘ldik. Sotuv ofisiga kirarkanmiz xonadon xarid qilish istagida bo‘lgan xaridor bilan qarshilashdik. Eng qizig‘i xodimlar tab tortmay “Askiya City” turar joy majmuasi 18 oyda bitib foydalanishga topshirilishi haqida aytganlarini bildik.

Xonadan sotuvi davom etayotgani haqida aniqroq ma’lumot olish maqsadida “Askiya City” sotuv ofisi operatorlari bilan telefon orqali bog‘lanib ma’lumot oldik.

Ma’lumotlarga qaraganda, 10 ta korpusni jamlagan majmuaning har biri 18 qavatdan iborat bo‘ladi. Uylarni “korobka” yoki ta’mirlangan holatda xarid qilish mumkin. Uyning bir kvadrati narxi 9,9 mln so‘mdan 12,5 mln so‘mgacha baholangan. Ko‘p qavatli binoning 1–2-qavatlari ofis va do‘konlarga berilishi sababli 3-qavatdan boshlab uy xarid qilish mumkin. Majmuadan maydoni 29 kvadratdan 160 kvadratgacha bo‘lgan xonadonlarni xarid qilishingiz mumkin.

QALAMPIR.UZ ushbu holat yuzasidan fuqarolar huquqlarini ximoya qilayotgan advokat Iskandar Muxidov so‘zlariga ham quloq tutdi.

“Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 06.04.2021 yildagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, javobgar “Insoft Invest” MCHJ zimmasiga Yakkasaroy tumani J.Shoshiy ko‘chasida joylashgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy qurilmani buzib tashlash hamda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining 09.04.2021 yildagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, javobgar “Insoft Invest” MCHJ zimmasiga Yakkasaroy tumani J.Shoshiy ko‘chasi 1/1,1/2-uylar orqasidagi noqonuniy qurilmani Z.Asomutdinova va D.Ataxo‘jayeva foydasiga o‘z holatiga qaytarish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorlari qabul qilinib, Majburiy ijro byurosi Yakkasaroy tumani bo‘limiga topshirilgan. Biroq noma’lum sabablarga ko‘ra, tuman davlat ijrochilari tomonidan mazkur ijro hujjatlari ijro qilinmasdan, kelinmoqda. 

Vaholanki, O‘zbekiston “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunining 45-moddasida- Ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun davlat ijrochisi tomonidan belgilangan muddatning o‘tganligi majburiy ijro etish choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.

Shuningdek, davlat ijrochisi majburiyat yuklatish to‘g‘risidagi ijro hujjatlarini ijro etish davrida majburiyat yuklatilgan qarzdor ixtiyoriy ravishda majburiyatini bajarmagan taqdirda unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 198-1 -moddasiga ko‘ra jarima qo‘llashi, hamda O‘zbekiston Respublikasi JKning 232-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini hal qilish uchun surushtiruv organiga topshirishi lozim deb belgilangan”, deydi advokat Iskandar Muxidov.

Yuqorida aytilganidek, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining joriy yil 6 apreldagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, javobgar “INSOFT INVEST” MCHJ zimmasiga yuklatilgan, bu qaror ijrosi nega ta’minlanmayotgan haqida esa Majburiy ijro byurosi Yakkasaroy tuman bo‘limi davlat ijrochisi Nodirbek G‘oipovga yuzlandik.

“MIB Yakkasaroy tuman bo‘limi ish yurituviga Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 06.04.2021 yildagi hal qiluv qarori ijro hujjati 2021 yilning 12 may kuni kelib tushgan. Shu kunning o‘zida davlat ijrochisi tomonidan ijro ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, tomonlarga pochta orqali yuborilgan. Ijro hujjati ta’minlash uchun qarzdorga 15 kun ixtiyoriy muddat berilgan. Qarzdor tomonidan belgilangan muddatda ijro hujjati talablari bajarilmaganligi sababli “Insoft Invest” MCHJning sobiq rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-1 “Qarzdorning ijro hujjatini ijro etmasligi” moddasi bilan jazoga tortilgan. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari (2 700 000) miqdorida jarima qo‘llanilgan. “Insoft Invest” MCHJning sobiq rahbari bu jarimani o‘z ixtiyori bilan to‘lagan.

Ijro harakatlari davomida “Insoft Invest” MCHJ ta’sischisining buyrug‘i bilan rahbar o‘zgargan. Bu nomulkiy ijro hujjati bo‘lgani sababli O‘zbekiston Respublikasi sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunning 71-moddasi tartibida majburiyatni yuklash bilan bog‘lik ijro hujjatlari qarzdor tomonidan belgilangan ijro hujjati talabi bajarilmagan taqdirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 232-moddasi Sud hujjatlarini ijro etmaslik bilan javobgarlik chorasi ko‘riladi. Bu ma’muriy javobgarlikka tortilgandan 10 kun o‘tib amalga oshirilishi lozim.

Bu holatda ma’muriy javobgarlikka tortilgandan ozgina o‘tmay direktor o‘zgargan. Ya’ni jinoyat bo‘yicha sub’ekt o‘zgarganligi sababli unga nisbatan jinoiy javobgarlik masalasi qo‘llash mumkin emas. MCHJning yangi rahbariga nisbatan 8 noyabr sanasi bilan qaytadan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-1 moddasi bilan jarima solish jazosi qo‘llanildi. Bu qaror chiqqanidan so‘ng 15 kun o‘tib, surishtiruv organi tomonidan Jinoyat kodeksining 232-moddasi bilan javobgarlik masalasi ko‘riladi. Yuqorida aytganimdek, mazkur ijro hujjati nomulkiy hujjat bo‘lgani sababli MIB organi borib buzish vakolatiga ega emas” deydi, Nodirbek G‘oipov.

MIB xodimlari bergan ma’lumotdan kelib chiqib savol paydo bo‘ladi. Agar korxona rahbari har oyda almashsa, har safar yangidan ma’muriy ish ochiladimi? Direktorni tez-tez almashtirish orqali “INSOFT INVEST” MCHJ javobgarlikdan qochib, suvdan quruq chiqaveradimi? Direktor o‘zgarishi noqonuniy buzilishni to‘xtatib turishiga sabab bo‘lsa, bu kompaniyaning navbatdagi “tryuki”mi?

Qurilgan bino noqonuniy ekanini sud tasdiqlasa, uni buzish haqida qaror chiqarsa, buzdirishga MIBni “tishi o‘tmayaptimi” yoki bu tishlarni o‘tmas qilib qo‘yishganmi?


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

248

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing