Erkak 3 nafar farzandi ko‘z o‘ngida xotinini pichoqladi
3-sahifa
−
21 fevral
11564Mahalla faollari 10 yildan buyon turmush o‘rtog‘i tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikka uchrab kelayotgan ayolni eri bilan yarashtirmoqchi bo‘lganida ayol eri tomonidan pichoqlandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga ayolning advokati Lola Mirzayeva ma’lum qildi. Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, holat joriy yilning 20 fevral kuni sodir bo‘lgan. Erkak ayolga farzandlarining ko‘z o‘ngida 2 marta pichoq tiqqan.
“Himoyam ostidagi N.I. (ayol) Sh.N. (erkak) bilan 2013 yilda turmush qurgan. Ayol shu vaqtgacha doimiy tazyiq va zo‘ravonlikda yashagan. Bu holat yillab davom etgani sababli sudga ajrim uchun murojaat qilgan. Sud oilaning farzandlari borligini inobatga olib, 6 oy muddat bergan. Er ayolni doimiy kaltaklagani va bu ish farzandlari ko‘z o‘ngida bo‘lganini mahalla faollari ham bilgan”, deydi Lola Mirzayeva.
Himoyachining aytishicha, doimiy tazyiqlardan keyin ayolga 18 yanvar kuni bir oylik himoya orderi berilgan. Bu vaqt mobaynida eri tomonidan ayolga nisbatan ruhiy bosim ham bo‘lgan. Ayol uyiga sig‘dirilmagani sababli turli joylardan boshpana topib, farzandlari bir necha kunlab maktabga bormagan.
“Bolalari maktabga bormayotgani haqida mahalla raisiga bir necha marta aytgandim. Qolaversa, eri ayolga Telegram orqali “bolalar yetim qolsa ham seni o‘ldiraman” degan gaplarini o‘z qulog‘im bilan eshitganimni ham aytdim. 18 fevral kuni himoya orderining muddati tugadi. Ana o‘shanda ham mahalla posboni va raisiga zudlik bilan himoya orderi berish kerakligi, ayolning oiladagi vaziyati og‘ir ekanini bildirgandim. Qo‘ng‘iroq qilaverganimdan mahalla raisi oilani uchrashtirib, tushuntirish ishlari olib borishini aytdi. 20 fevral kuni ayol va uning erini mahallaga chaqirishganida erkak 3 ta farzandining ko‘z o‘ngida N.I.ga ikki marta pichoq tiqib olgan”, deydi advokat.
QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Nilufar Isoxonova bilan bog‘landi. IIBB vakili holat sodir bo‘lgani va erkak qo‘lga olinganini tasdiqlandi.
“Holat kecha, 20 fevral kuni Yunusobod tumanida sodir bo‘lgan. Erkak turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro urishib, pichoq bilan tan jarohati yetkazgan. Ayol shifoxonada, shifokorlar nazoratida. Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 126-1 (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) moddasi 7-qismi “j” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Tergov davom etmoqda”, deyiladi IIBBning QALAMPIR.UZ’ga taqdim etgan ma’lumotida.
Ayolning advokati Lola Mirzayevaning aytishicha, bu holatda uni eng ajablantirgan vaziyat mahalla raisi va mahalla nozirining ayolning hayotiga befarqligi bo‘lgan.
“Ayollarga nisbatan tazyiq holatlari ko‘p. Shu muammo borligini bilib ham himoya choralari to‘liq amalga oshirilmayapti. Himoyam ostidagi ayolga nisbatan ruhiy bosim bo‘layotganini aytsam ham mahalla noziri va boshqalar e’tibor qaratishmadi. Oilani yarashtirish emas, yillar davomida kaltak yeb yashayotgan ayolni o‘sha zo‘ravon erdan qutqarish kerak edi. Afsuski, ular bu ishga jiddiy yondashishmadi. Oqibatda ayol farzandlari ko‘z o‘ngida pichoqlandi va bu ishni ularning otasi sodir etdi”, deydi advokat Lola Mirzayeva.
QALAMPIR.UZ ayolning ahvolini bilish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik rasmiysi Furqat Sanayevning bildirishicha, bemorning umumiy ahvoli o‘rta og‘irlikda.
“1987 yilda tug‘ilgan bemor N.I., 20 fevral kuni turmush o‘rtog‘i tomonidan o‘tkir jism orqali jarohat yetkazilib, qorin bo‘shlig‘i a’zolari – ingichka ichak va charvi jarohatlanishi, ichki va tashqi qon ketishi hamda bo‘yin sohasi, ko‘krak qafasi va chap tizza bo‘g‘imi jarohatlari bilan shahar 7-son klinik shifoxonasiga olib kelingan. Bemor zudlik bilan operatsiya xonasiga olingan. Hozirda bemorning ahvoli qoniqarli va jarrohlik bo‘limida davolanmoqda”, deydi Furqat Sanayev.
IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Umida Abdullayeva OAVga bergan intervyularidan birida xotin-qizlar ko‘proq ruhiy, jismoniy va iqtisodiy zo‘ravonlikka uchrayotgani, 86−87 foiz zo‘ravonlik oilalarda kuzatilayotganini aytgan edi. Abdullayevaga ko‘ra, 2024 yilning uch oyida ayollarga 10 mingdan ziyod himoya orderi berilgan.Oliy sud tomonidan taqdim etilgan axborotda 2024 yilning birinchi choragida sudlar 4477 nafar shaxsni oiladagi zo‘ravonlik moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortgan.
“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59−2- moddasi – oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik bo‘yicha 4343 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, ulardan 2344 nafariga jarima jazosi qo‘llangan, 1999 nafari esa ma’muriy qamoqqa olingan.Takror yoki og‘irlashtiruvchi holatlar bilan sodir etilgan oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik uchun 134 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bilan sudlangan, shundan 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 83 nafariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan”, deyilgan Oliy sud taqdim etgan ma’lumotda.
LiveBarchasi