Bojxonada olmoslar bilan bezatilgan pochta ushlandi
3-sahifa
−
17 noyabr 2021
10223Toshkentga pochta jo‘natmasi orqali 1,6 mlrd so‘mlik tilla va zargarlik buyumlarini yashirincha olib kirilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Bosh pochtampt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga xorijdan yuborilgan 3 dona pochta jo‘natmasida mashhur brendning tilladan ishlangan 664,7 gr og‘irlikdagi 58 dona zargarlik buyumlari, shuningdek 26 dona qo‘l soatlari borligi aniqlangan. Mazkur taqinchoq va soatlarning aksariyati esa qimmatbaho olmos toshlari bilan bezalgan.
Davlat bojxona qo‘mitasining ma’lum qilishicha, dastlabki hisob-kitoblar ushbu zargarlik buyumlarining umumiy qiymati 1 mlrd 593 mln so‘mdan oshishini ko‘rsatgan.
“Xalqaro pochta konvensiyasi va milliy qonunchiligimizga muvofiq xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini yuborish mumkin emas”, deyiladi xabarda.
Hujjatlarga muvofiq aslida 3 dona pochta jo‘natmasida jami 74 dona oddiy bijuteriya va qo‘l soatlari bo‘lishi kerak bo‘lgan. Pochta poytaxtda istiqomat qiluvchi fuqaro nomiga yuborilgan.
Xabarga ko‘ra, hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, yil boshidan buyon “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida og‘irligi 1,2 kgdan ziyod zargarlik buyumlarining pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali olib o‘tilishi oldi olingan.
LiveBarchasi