Bolamning o‘ligini tashlab qo‘ymayman
Tahlil
−
19 fevral
29999Qamoqxona, mahkumlar va ichkaridan o‘lik chiqishi yana kun tartibida. Ikki kunda jazoni ijro etish koloniyasidan 2 ta o‘lik chiqdi. 17 fevral kuni Inson huquqlari Ezgulik jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish departamentining Olmaliqdagi 14-sonli koloniyasidan 21 yashar mahkum Muhammadqodir Po‘latovning jasadi chiqqani haqida yozdi.
Huquq himoyachisining yozishicha, jamiyatga marhumning onasi murojaat qilgan. Yigit 2024 yilning qishida uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Mahkumning onasiga ko‘ra, mahkum shu yil avgustda manzil-koloniyaga chiqishi kerak bo‘lgan. Ona mahkum farzandini oxirgi marta shu yilning 26-28 yanvar kunlari uzoq muddatli uchrashuvda ko‘rgan. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili matbuot xizmatining xabar berishicha, holat ombudsman tomonidan o‘rganilgan.
“Joriy yilning 14 fevral kuni soat 22:45 da jazo muddatini o‘tayotgan mahkum sog‘lig‘ida o‘zgarish sezgani sababli koloniya shifokorlariga murojaat qilgan. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilganidan so‘ng ham uning holati yaxshilanmagani sababli, u Olmaliq shahar markaziy shifoxonasiga yotqizilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, mahkum 15 fevral kuni soat 01:00 da shifoxonada gipertoniya va birlamchi yurak yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, marhumga sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan”, deyiladi Ombudsman xabarida.
Marhumning onasi yanvar oyida farzandining holati yaxshi bo‘lgani, u doimiy sport bilan shug‘ullangani uchun yurak bilan bog‘liq muammosi bo‘lmaganini aytmoqda. Qolaversa, jazoni ijro etish koloniyasida saqlangan farzandi tobi qochib shifoxonaga olib borilganini va u vafot etib shifokorlar uni yorib ko‘rgan vaqtida ham oila a’zolari bu holatdan xabardor qilinmaganidan norozi bo‘lmoqda. Onaning iddao qilishicha, mahrumning badanida qiynoq izlari, elektroshoker iziga o‘xshash chiziqlar bo‘lgan.
“Bizda shubha tug‘dirgan hozircha yagona jihat koloniya ma’muriyatining mahkumning og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida uning yaqinlariga xabar bermaganligidir”, deb yozgan Abdurahmon Tashanov.
Ombudsman axborot xizmatiga ko‘ra, hozirda mazkur holat o‘rganilmoqda. Shuningdek, Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili marhumning oila a’zolari bilan uchrashib, ta’ziya bildirgan. Shu bilan birga holat yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat yuborilgan. Bosh prokuraturaning bildirishicha, mazkur holat yuzasidan Olmaliq shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan voqea joyi va murda ko‘zdan kechirilib, mutasaddi xodimlar va shifokorlardan holat yuzasidan tushuntirishlar olingan va o‘lim sababini aniqlash uchun sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhum yurak ishemik kasalligining o‘tkir shakli, yurak mushaklarida qon ketishi “miokard infarkti”dan vafot etganligi ko‘rsatilgan.
“Hozirgi kunda tergovga qadar tekshiruv harakatlari Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Holat JIEDga qarashli koloniyada sodir bo‘lganiga qaramasdan hozirgacha na IIV na JIED holatga munosabat bergani yo‘q. Bermasa ham kerak!
Koloniyadan o‘lik chiqqanini eshitib, hali shok holatiga ulgurmasdan Bosh prokuratura yana bir axborot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, jazoni ijro etish koloniyasida vafot etgan mahkum faqat 21 yashar Muhammadqodir Po‘latov emas. Bosh prokuraturaga ko‘ra, 2025 yil 11 fevral kuni Tovoqsoyda joylashgan 7-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tagan mahkum Mustafo Tursunboyev bir qavatli binoning devorlarini buzayotgan vaqtida devor qismi qulab, bosib qolgan.
“Mahkum M.Tursunboyev zudlik bilan shifoxonaga joylashtirilgan. Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan mahkum 16 fevral kuni shifoxonada vafot etgan. Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Ombudsman bu holatni ham nazoratga olganini aytib chiqdi. Bosh prokuratura xabarini to‘ldirish bilan taqdim etgan ombudsman axborotiga ko‘ra, 11 fevral kuni taxminan soat 16:10 da mahkum M.T. koloniya hududidagi eski oshxona binosida obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan. Devorni buzish jarayonida ehtiyotsizlik sababli uning bir qismi mahkum ustiga qulagan, natijada og‘ir tan jarohati olgan.
“Koloniya shifokorlari mahkumga zudlik bilan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatib, uni Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasining “Qo‘shma jarohatlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari” markaziga olib borishgan. Mahkumga ko‘p sonli travma, bosh miya yopiq jarohati, ko‘krak qafasi yopiq jarohati, travmatik shok III bosqich, gemorragik shok III bosqich, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan.
Shifoxonada mahkumga jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Shifoxonada ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan mahkum 16 fevral kuni soat 17:00 da vafot etgan. Ushbu holat Ombudsman Devoni xodimlari va Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi”, deyilgan ombudsman xabarida.
Ombudsman bergan xabarda marhumning otasi Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasida 5 kun davomida o‘g‘lining yonida bo‘lgani aytilgan.
Ikki hodisada vafot etish holati farqli, lekin ikkala o‘lik ham jazoni ijro etish koloniyasidan chiqqan. Birinchi holat sodir bo‘lganidan 3 kun, ikkinchisi 2 kun o‘tib jamoatchilikka ma’lum bo‘ldi. Shu vaqtgacha na IIV va JIED va na boshqa tashkilotlar negadir miq etgani yo‘q. Bir haftada koloniyada ikki nafar odam o‘lishi dahshatli statistika. Albatta, bu jamoatchilikka ochiqlangani. Berkitilgan holatlar bor yo yo‘qligi bizga qorong‘i. Ombudsman bergan ikki bayonot ham 18 fevral kuni bir necha soatli farq bilan e’lon qilindi. Unda Bosh prokuratura bergan axborot biroz to‘ldirilganini ko‘rasiz. Lekin e’tiborimizni tortgan va ajablantirgan holat bitta – ombudsman o‘z axborotida Tovoqsoydagi koloniyada devor bosib qolib, bir necha kun shifoxonada yotgan mahkumning otasi u bilan 5 kun davomida birga shifoxonada bo‘lganini aytgan. Birlamchi yurak yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan mahkumning onasi esa farzandi shifoxonaga borgani, vafot etgani va uni ekspertizaga olib borib, jasadini yorib ko‘rishganidan keyin xabari bo‘lganidan noroziligini bildirgan. Bir maqomdagi shaxsga ikki xil munosabat.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 13-moddasida Mahkumlarning asosiy majburiyatlari keltirilgan. “Mahkumlarning o‘z zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarini bajarmasligi qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi”, deyiladi ayni shu moddada. Agar 21 yashar mahkum betoblik sabab vafot etdi deydigan bo‘lsak, koloniya hududidagi eski oshxona binosida obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan va devor buzish jarayonida og‘ir tan jarohati olib vafot etgan mahkum uchun kim javob beradi? Mahkumlar koloniya qoidalarini buzmasligi, barcha talablarni bajarishi bilan barobar, ularning xavfsizligi koloniya tomonidan ta’minlanishi ham juda muhim.
Albatta, jazoni ijro etish muassasalari yopiq tashkilot. U yerga istagan odam kirib chiqolmaydi, nafaqat odam, bizning qamoqxonalardan ortiqcha gap ham chiqmaydi. 2022 yilning noyabr oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Respublikada 54 ta jazoni ijro etish koloniyasi bor. Ularning 18 tasi yopiq turdagi, 25 tasi manzil-koloniya va 11 tasi tergov hibsxonalari hisoblanadi. O‘sha vaqtda O‘zbekiston qamoqxonalarida 26 mingdan ziyod mahkum saqlanayotgani aytilgandi. 2024 yildagi ma’lumotlarda O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar soni har 100 ming aholiga hisoblaganda 68 nafarni tashkil etishi ochiqlangan.
Afsuski, koloniyadan mahkum o‘ligi chiqishi birinchi holat emas. 2024 yilning 23 may kuni Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan 6-sonli qamoqxonada 24 yoshli mahkum o‘z joniga qasd qilgandi. O‘shanda ham ombudsman munosabat bergan va holat to‘liq nazoratga olinganini aytib chiqqandi.
Jamoatchilik orasida bir mahkum o‘zini osganiga nima sabab bo‘lgani, uning bu holati e’tibordan chetda qolishi va koloniyada bir mahkumning o‘z joniga qasd qilish uchun sharoitning borligi ko‘p muhokama qilinadi.
O‘zbekistonda nafaqat koloniya, balki ichki ishlar organlariga kirganlarning ham o‘ligi chiqadi va aynan tergov hibsxonalari va ichki ishlar bo‘limlarida qiynoq va o‘lim holatlari ko‘p uchraydi. Bunga 2023 yilning 3 iyun kuni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida fuqaro IIB xodimlarining noqonuniy so‘roq qilishi va jarohat yetkazishi oqibatida vafot etganini misol sifatida keltirish mumkin…
2022 yilning 30 oktyabr kuni QALAMPIR.UZ saytida “Ichkaridagi ishlar” nomli maxsus film e’lon qilingan edi. Ushbu filmda Navoiy shahar beshinchi mintaqaviy hudud 4-son jazoni ijro etish koloniyasidan o‘ligi chiqqan Oyatullo Rahmatulla o‘g‘li Maxsumov haqida so‘z borgan.
Maxsus filmni QALAMPIR.UZʼning YouTubeʼdagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi