Erdo‘g‘an UEFA'ning qarorini turk millati uchun jazo deb atadi
Sport
−
07 iyul
20876Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqining (UEFA) Turkiya terma jamoasi futbolchisi Merih Demiralni diskvalifikatsiya qilish haqidagi qarorini butun turk xalqi uchun jazo deb atadi. Bu haqda mamlakat rahbari Germaniyadagi Yevro-2024 chempionatidan qaytishda jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.
“G‘arbning mentalitet nuqtai nazaridan bizga bo‘lgan yondashuvi o‘zgarmadi, his-tuyg‘ulari ham hamon avvalgi holicha qoldi. Ularning Merih Demiralga bergan jazosi boshidan kelishilgan edi. Aslida bu Turkiya uchun bir millat sifatida jazodir. Buning uchun eng yaxshi mukofot Niderlandiya bilan o‘yindagi g‘alaba bo‘lardi, afsuski, bunday bo‘lmadi. Hechqisi yo‘q. Oldinda 2026 yilgi jahon chempionati va 2028 yilgi Yevropa chempionati bor. O‘shanda qasos olish imkoniyatimiz keladi. Navbatdagi chempionatlarga yanada yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz deb umid qilaman”, degan Erdo‘g‘an.
Turkiya rahbari futbolchiga nisbatan qo‘yilgan cheklovga uning o‘yindan keyin ko‘rsatgan “kulrang bo‘ri” ishorasi sabab bo‘lganini eslatdi.
“Agar “kulrang bo‘ri” imo-ishorasi uchun futbolchimizni jazolashgan bo‘lsa, boshqa terma jamoa kiyimlariga tushirilgan ramzlarga e’tibor qaratildimi? Masalan, nemislarda burgut bor. Buning uchun ular jazolandimi? Yo‘q. Fransiyada xo‘roz bor. Ular-chi jazolandimi? Yo‘q. Demiral shaxsan o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan imo-ishorani ko‘rsatdi”, deya qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an UEFA tomonidan turk futbolchisiga qo‘llangan jazoga nisbatan.
Ma’lumot uchun, UEFA Turkiya terma jamoasi himoyachisi Demiralni Avstriya bilan uchrashuv (2:1)dan so‘ng ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qildi. Demiral o‘sha o‘yinda dublga erishdi. Ikkinchi goldan so‘ng futbolchi turkiyaliklarning “kulrang bo‘ri” ishorasini ko‘rsatdi. Yevropa chempionati chorak finalida Turkiya terma jamoasi 6 iyul kuni Niderlandiyaga qarshi bahs olib bordi. Erdo‘g‘an Berlindagi ushbu o‘yinda shaxsan ishtirok etdi va u yerga asosan UEFA qarori bilan bog‘liq janjal tufayli borishga qaror qilgandi. Hattoki, u bu o‘yin sababli Ozarbayjonning Shusha shahridagi Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammitiga ham bormadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) terma jamoa himoyachisi Merih Demiralning Yevro-2024'ning ikkita o‘yiniga diskvalifikatsiya qilish qarori ustidan apellyatsiya bergandi. Shuningdek, Erdo‘g‘an esa futbolchining 2 ta o‘yindan chetlatilganiga g‘azablangandi.
LiveBarchasi