Mehnat inspeksiyasi Bosh prokuraturaning 33 yoshli xodimi ish vaqtida vafot etgani bo‘yicha izoh berdi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimi Samir Rahmonovning otasi A.Rahmonov xizmat vaqtida vafot etgan o‘g‘li uchun nafaqa puli to‘lanmayotgani sababli sudga murojaat qilgani haqida xabar bergan edik. Sud A.Rahmonovning da’vosini rad etdi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi Bosh prokuratura xodimi Samir Rahmonov joriy yilning 26 mart kuni ish vaqtida ish joyida vafot etgani bo‘yicha izoh berdi.

Unda qayd etilishicha, tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Tashkilot hududida va uning tashqarisida xodimning mehnat vazifalarini bajarayotganda yuz bergan jarohatlanishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar hisoblanadi.

Mazkur Nizomning 1-bo‘lim, 3-bandiga asosan tabiiy o‘lim, o‘zini o‘zi o‘ldirish, jabrlanuvchining o‘z salomatligiga qasddan shikast yetkazishi, shuningdek, jabrlanuvchining jinoyat sodir qilish chog‘ida shikastlanishi holatlari (sud-tibbiy ekspertiza xulosasi yoki tergov organlarining ma’lumotlariga ko‘ra) tekshirilmaydi va hisobga olinmaydi.

Nizomning 3-bo‘limini 2-bandiga asosan guruhli, oqibati o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir va o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisa to‘g‘risida ish beruvchi darhol sxemaga binoan quyidagilarga xabar berishi kerak:

•    O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga, Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasiga;

•    baxtsiz hodisa yuz bergan joydagi hududiy ichki ishlar organiga;

•    ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchiga.

Biroq tibbiy xulosaga asosan Bandlik va mehnat munosabatlari va vazirligiga, Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasiga mazkur holat bo‘yicha xabar berilmagan.

Toshkent shahar sudi matbuot xizmati marhumning otasi sudga murojaat qilganligini ma’lum qilgan. Sudning 17 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vogar A.Rahmonovning da’vosi rad qilingan.

“Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomning 23-bandida Sud organlari tomonidan qaror qabul qilingandan keyin Inspeksiya vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan qo‘shimcha xulosalar, tushunchalar Inspeksiya tomonidan berilmasligi belgilangan”, deyiladi rasmiy izohda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

443

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing