Rossiya “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqaruvchi qonun loyihasini qabul qildi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi qonunga xilof faoliyatini to‘xtatgan tashkilotni, jumladan “Tolibon”ni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarish mexanizmini joriy qiluvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda Dumaning elektron ma’lumotlar bazasida qayd etilgan.

Bunday qonun qabul qilinsa, “Tolibon”ni Rossiyada terrorchilik faoliyati taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarib tashlash imkonini berishi mumkin.

Tushuntirish xatida qayd etilishicha, hozirgi vaqtda qonunchilikda tashkilotlar terrorizmni targ‘ib qilish, oqlash va qo‘llab-quvvatlash yoki jinoyat sodir etishga qaratilgan faoliyatini to‘xtatgan taqdirda, ularga nisbatan taqiqni to‘xtatib turish mexanizmi nazarda tutilmagan. Qonun loyihasida tashkilotlar tomonidan bunday faoliyat to‘xtatilgan taqdirda, Rossiyada ularning faoliyatini taqiqlash Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosarining arizasiga asosan sud qarori bilan vaqtincha to‘xtatilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlar taklif etiladi.

Qonun loyihasi Davlat Dumasiga 25 noyabr kuni kiritilgan. Bu Davlat Dumasining Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan. 9 dekabr kuni hukumat ham uni qo‘llab-quvvatlagan.

Ma’lumot uchun, 2001 yilda 11 sentyabr xurujlari ortidan AQSH va uning ittifoqchilari Afg‘onistonga bostirib kirdi. 2003 yilda BMT Xavfsizlik Kengashi “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan. Shu bilan birga, Rossiya Oliy sudi “Tolibon”ni terrorchi tashkilot deb tan oldi va mamlakat hududida uning faoliyatini taqiqladi. 2021 yilning avgust oyida Afg‘onistonning sobiq prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatni tark etdi va “Tolibon” jangsiz Kobulga kirdi. Bir oy o‘tgach, Amerika qo‘shinlari mamlakatni butunlay tark etdi. 2021 yilning sentyabr oyida “Tolibon” Afg‘oniston hukumati tarkibini e’lon qildi. 2021 yilning oktyabr oyida Vladimir Putin Rossiya “Tolibon”ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish qaroriga yaqinlashayotganini aytib, buni birinchi navbatda BMT Xavfsizlik Kengashi qilishi kerakligini ta’kidlagandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston savdo-iqtisodiy hamkorlik tufayli 2023 yil dekabrida “Tolibon” guruhini terrorchilar ro‘yxatidan chiqargani haqida xabar berilgandi. Mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi bosqichdagi strategik vazifalardan biri Afg‘onistonni mintaqalararo aloqalarga faol jalb etishdan iborat. Shuningdek, joriy yilning sentyabr oyida Qirg‘iziston “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqardi. Pervomaysk tuman sudining 2006 yil sentyabrdagi qarori bilan “Tolibon” Qirg‘izistonda terrorchilik harakati sifatida tan olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya “Tolibon” Davlat Dumasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing